qolgan g'oyalarga shubha bilan qarab, ularni doimo o'z tafakkuri taftishidan
o'tkazib kelgan shoirdir. Bu dramaturgiyada ham o'zini namoyon qilgan.
Bayron zodagon avlodi oilasida dunyoga kelib, yoshligini Shotlandiya
qishloqlarida o'tkazgan. 17 yoshida tog'asi vafotidan
keyin uning merosi va lord
unvonini oladi, Kembrij universitetida tahsil ko'radi. Bayron lordlik burchini el-
yurt oldidagi, dunyo taqdiri oldidagi mas'ullik ma'nosida qabul qilgan edi. Lordlar
palatasiga kirib nutq so'zlaydi, tirikchiligi xarob ahvolga tushib qolgan
to'quvchilarni himoya qilib chiqadi. U mehnatkashlarni «aholining eng foydali
qismi» deb ataydi va davlat buzrukvorlarini tartib o'rnata olmaslikda ayblaydi.
Bayron dastlabki ikki qo'shig'i «Chayld Garold» va boshqa asarlari bilan
dovrug' taratgach, 1816-yili bir umrga o'z yurtidan chiqib ketadi. U Shveysariya,
Italiyada
yashaydi, Yunonistonda vafot etadi.
Bayron qahramoni favqulodda ko'rinuvchi va shu favquloddaligi bilan
fahrlanuvchi qahramondir. U odamlarni sevadi, lekin ayni paytda ulardan
jirkanadi. Ha, u boshqalarda ko'ringan badbinlikni dahshat ichida o'zida ham topa
boshlaydi. Shunday bayronnamo haybatlilik «Manfred» dramatik poemasida keng
namoyon bo'lgan. Asar 1816-yili Shvetsariyada yozilgan.
«Manfred» «Gyotening «Faust» asari ta'sirida yozilgan. Bayron nemis tilini
bilmaganidan shvetsariyalik bir do'sti unga Gyote asarining bir qismini tarjima
qilib bergan. Bayron Gyote asaridan, avvalo, undagi olam sirini ochish, to'siqlarni
yengishga qodir ruhiy qudratlilik g'oyasini qabul qiladi. Lekin «Manfred»
asari
umidsizlik ruhidagi asar bo'lib chiqdi. Bayron qahramoni olam va insoniy qalb
sirlarini ochib, xilqat qudratini o'z izmiga olgan holatda ko'rinadi. Lekin bu bilan
o'ziga ham, o'zgalarga ham naf keltirmaydi; sababi, Manfred
nazdida dunyo qonuni
— azob-uqubat chekish qonuni bo'lib chiqadi. Manfred jinoyat yo'li bilan odam va
olamni anglaydi. Endi u shularning unutilishini o'ylaydi. Lekin buning aslo iloji
yo'q.
Bayron qahramoni vijdon azobida faryod chekadi. Shoir Manfred obrazi orqali
ma'rifatparvarlar ezgu g'oyalari sarob bo'lib chiqqanligini ifodalaydi, odamlar
sha'ni-nafsoniyati, deya kurash ochish lozimligini anglab, noaniq kelajak
qarshisida hangu mang bo'lib qolgan avlodning umidsiz
kayfiyati va his-xayajonini
ifoda etgan. Shu bois Bayronning «Manfred» asarida olg'a surilgan nuqtayi nazarni
«mardonavor umidsizlik» ma'nosida tushunish mumkin. Toleyiga yolg'izlik
yozilgan Manfred yana ham qat'iylik bilan beshafqat xilqatning yovuzona
kuchlariga qarshi yakka o'zi ro'baro' keladi, taslim bo'lmay, o'zligini saqlab boradi.
«Manfred» asarining alohida shoirona ta'sir kuchiga egaligi uni 1834-yili
«Kovent — Garden” teatrida qo'yilishiga, R. Shuman, P.I. Chaykovskiylar
tomonidan musiqa yozilishiga sabab bo'ladi. 1821-yili Italiyada yozilgan
«Sardanapal» asari Charlz Makredi tomonidan «Druri — Leyn» teatrida aynan
1834-yili qo'yilgan.
«Qobil» tregediyasi Bayron romantik dramaturgiyasining cho'qqisi bo'lib, u
ham Italiyada 1821-yili yozilgan. Asar voqeasi butun koinot sarhadlarida ro'y
beradi. Unda Odam ato, Momo havo, ularning farzandlari Qobil, Xobil, Iqlima,
Olloh ra'yiga qarshi borgan shayton Azozil — Yelpik ishtirok etadi. O'z inisi
Xobilni o'ldirgan Qobilning qilmishlari orqali jamiyatda
hukm surmish
adolatsizlikka qarshi isyonkorlik g'oyasi olg'a surilgan. Bayron «Bibliya»
rivoyatiga suyanib, insoniyat tarixining keyingi o'n yilliklarida kelib chiqqan
umumbashariy muammolarini badiiy idrok etish bilan haqiqat izlovchi faylasuf,
komil insonparvar mutafakkir sifatida o'zini ko'rsatdi.
Bayronning «Qobil» asari fransuz burjua inqilobidan keyin boshlangan
mudhish muhitning mahsuli tarzida tug'ilgan. Inqilob va uning insoniylikka
daxldor va dahlsizligi, inqilob davrida to'kilgan qonlarga javobgarlik muammosi
Bayron asarining markaziy muammosiga aylandi. Bayron asarida Qobil jamiyatda,
odamlar o'rtasida o'rnatilgan munosabatlardan, umuman,
olam tartibotidan norozi,
odatdagicha yashash tarzini aql taftishidan o'tkazib, boshqachasiga yashash
tartibotini istovchi zot qiyofasida namoyon bo'ladi. Azozil — Elpikning xizmati
Qobil uchun fojiona oqibat bilan yakun topadi. U o'z inisi Hobilni o'ldirib qo'yadi,
ota-ona qahriga uchraydi, zaminni inson qoni bilan bo'yagani uchun o'z inisi
jasadini ko'tarib yurtdan chiqarib sazoyi qilinadi.
Bayronning «Qobil» asari Nafas Shodmonov tarjimasida G. Danatarov asariga
qo'shilib, 2000-yili Qarshi «Eski masjid» teatri tomonidan «Qobil va Hobil» (rej.
X. Avliyoquli) nomida sahnaga qo'yildi.
Bayron dramaturgiyasi ingliz dramaturgiyasidagina emas, shu qatori XIX asr
birinchi yarmi umumovro'po dramaturgiyasi tarixida ham ro'y bergan jiddiy
voqeadir. Bayron dramaturgiyasining teran g'oyaviyligi, shoirona ehtiroslarga
boyligi dramatik san'atning eng noyob ko'rinishi deb e'tirof etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: