I. Darsni tashkil qilish. 1. Salomlashish. 2.Davomatni aniqlash.
3.O'quvchilarni darsga tayyorlash.
II. Uy vazifani tekshirish: Oldingi mavzu yuzasidan savol javob o'tkazish.
III. Yangi mavzu bayoni: Yashash muhiti va tashqi tuzilishi. Ildam kaltakesak O'rta Osiyoning cho'l va tog'oldi mintaqalarida tarqalgan. Terisi kulrang yoki yashil-kulrang tusda bo'lganligi tufayli uni o'tlar orasida yirtqich hayvonlar yaxshi payqamaydi. Ular juft-juft bo'lib yashaydi, turli hasharotlar bilan oziqlanadi.
Ildam kaltakesakning uzunligi dumi bilan birga 15 - 20 sm ga yetadi. Konussimon boshi harakatchan, qisqa bo'yni orqali tanasiga birikkan. Tumshug'ining uchida ikkita burun teshigi, undan orqaroqda - boshining ikki yonida ko'zlari joylashgan (75-rasm). Ko'zida yuqori va pastki qovoqlari bilan birga yupqa pardaga .o'xshash pirpiraydigan uchinchi qovog'i ham bo'ladi. Dam-badam ochilib va yopilib turadigan bu uchinchi qovoq kaltakesak ko'zini doimo namlab turadi. Ko'zlaridan orqaroqda joylashgan doirasimon nog'ora parda tashqi quloq hisoblanadi. Kaltakesak juda yaxshi eshitadi. Hatto hasharotlar o'rmalayotganda chiqadigan tovushni ham sezadi. Kaltakesakning tili - tuyg'u organi; u uzun ayri tilini tez-tez chiqarib, atrofidagi narsalarni bilib oladi.
Kaltakesakning quruq terisi muguz tangachalar bilan qoplangan. Tangachalar kaltakesak tumshug'i va qornining ostida yirik qalqonsimon plastinkalarni, barmoqlari uchida esa o'tkir muguz tirnoqlarni hosil qiladi. Bunday qalin muguzli teri hayvonning o'sishiga xalaqit beradi. Shuning uchun barcha sudralib yuruvchilar singari kaltakesaklar ham faqat tullash davrida o'sadi. Yoz mavsumida kaltakesak 4-5 marta tullaydi. Tullaganida uning eski terisi parcha-parcha bo'lib ko'chib tushib, o'rniga yangisi hosil bo'ladi. Kaltakesak tanasi yangi teri qotguncha o'saveradi.
Ichki tuzilishi.Kaltakesakning ichki tuzilishi ko'p jihatdan baqanikiga o'xshasa-da, ayrim organlari undan farq qiladi. Xususan, uning boshi 8 ta umurtqalar orqali tanasiga harakatchan birikkan. Ko'krak umurtqalarining har biriga ikki yon tomondan bittadan qovurg'alar tutashgan. Qovurg'alarning ikkinchi uchi esa to'sh suyagiga tutashgan. Ko'krak umurtqalari, qovurg'alar va to'sh suyagi birgalikda ko'krak qafasini hosil qiladi. Ko'krak qafasida o'pka va yurak joylashgan.
Kaltakesakning hazm qilish, ayirish va nerv sistemasining tuzilishi suvda hamda quruqlikda yashovchilarnikiga o'xshaydi. Lekin tana muvozanatini saqlaydigan va harakatini boshqaradigan miyachasi ancha kuchli rivojlangan. Shuning uchun kaltakesaklar suvda hamda quruqlikda yashovchilarga nisbatan chaqqon va xilma-xil harakat qiladi.