Abu Homid G‘azzoliy musulmon dunyosida mashhur «Kimyoi saodat» nomli asarida ushbu oyatni tavsiflab yozadi: «Ruh odam vujudining aslidurkim, hamma qolip va badan aning tobeidur. U abadiydur, tanning podshohidur».
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy 1103 yili G‘ijduvon shahrida tug‘ilib, 1179 yili o‘sha joyda hayotdan ko‘z yumgan. U Xoja Yusuf Hamadoniyning to‘rtinchi xalifasi sifatida xojalar tabaqasining sarhalqasi hisoblanadi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ayrim o‘rinlarda xojagon, ya’ni “xojalar” so‘zi o‘rnida “xojagonlar” deb ishlatiladi. Bu to‘g‘ri emas, albatta. Chunki “xojagon” so‘zi “xoja” so‘zining ko‘pligi bo‘lgani sababli “xojagonlar” jam’uljam’ – ko‘plikning ko‘pligi shaklida to‘g‘ri emas va hech qanday ortiqcha ma’noni ham ifodalamaydi. Shuning uchun “xojagon” va “xojalar” so‘zlarini ishlatish kerak. Shayxning otasi Abdulmajid nomli mashhur bir shaxsiyat bo‘lib, molikiy mazhabi asoschisi Imomi Molik ibn Anas avlodlaridan bo‘lgan ekan. U ilgari Rum deb atalib kelgan Turkiya hududida yashab zohiriy va botiniy ilmlar bilan mashg‘ul bo‘lgan. Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, hazrat xojaning onasi usmoniy sultonlar avlodidan bo‘lgan. Ular zamon taqozosiga ko‘ra o‘z oila a’zolari bilan Buxoroga ko‘chib kelib, G‘ijduvonda istiqomat qilganlar. Farzandlari Xoja Abdulxoliq Buxoro shahrida tahsil olgan va o‘z ustozlaridan Xoja Yusuf Hamadoniy Buxoroga kelganda, G‘ijduvoni yukishi bilan uchrashib, suluk usullarini kengroq miqyosda undan o‘zlashtirib oladi.
Mashhur tasavvufshunos olim Usmon Turar qayd etishicha, Bahovuddin Naqshbandning haqiqiy shayxi, uni “uvaysiylik” yo‘li orqali tarbiyalab, kamolga etkazgan Abdulxoliq G‘ijduvoniy bo‘ladi. Bo‘lmasa, Bahovuddin bilan G‘ijduvoniy orasida Shayx Samosiy, Ali Romitoniy, Mahmud Anjir Fag‘naviy va Orif Revgariy turadi. G‘ijduvoniy va Naqshband yashagan davrlar orasida 200 yildan ko‘proq fosila mavjud. Bahovuddin Amir Kuloldan xalifalikni olgandan so‘ng Qosim shayx, Xalil ota va Mavlono Orif kabi yassaviy shayxlarining huzurida ko‘p yillar qolib ulardan kasbni ilmu ma’rifat etdi. Usmon Turar ifodasicha, naqshbandiya quyidagi to‘rtta asosiy qoidaga asoslangan: shariat yo‘li bilan zohirni poklash, tariqat orqali botinni poklash, haqiqat yo‘lidan ilohiy qurb(yaqinlik)ga erishish, ma’rifat orqali Ollohga erishish. Uning ta’kidlashicha, bu tariqat Naqshbanddan keyin Xoja Ubaydulloh Ahrorgacha naqshbandiya, Xoja Ahrordan Imom Rabboniygacha naqshbandiyai-ahroriya, Imom Rabboniydan Shamsiddin Mazhargacha naqshbandiyayi-mujaddidiya, Shamsiddin Mazhardan Mavlono Xolid Bag‘dodiygacha naqshbandiyai-mazhariya, Mavlono Xolid Bag‘dodiydan keyin xolidiya nomlari bilan atalib kelgan.
***
Tasavvuf g‘oyalarining tarqalishi, darveshchilik harakatining rivoj topishiga turli pirlar, atoqli shayxlarning nomi bilan bog‘liq tariqatlarning ahamiyati katta bo‘lgan. Tariqat (yoki suluk – yo‘llar) bir-biridan, avvalo, islomdagi ikki mazhab – shia yoki sunnaga rag‘bati bilan, ikkinchidan, shariatga munosabati bilan, uchinchidan, muayyan tariqat tarqalgan aholining qadimiy tasavvur-odatlari, madaniy darajasi bilan va, nihoyat, to‘rtinchidan, har bir piri murshidning tarbiya usuli, ma’qul deb hisoblagan ruhiy-ma’naviy ta’sir vositalari bilan o‘zaro farqlangan. Masalan, Mesopotamiya va Eron, Xurosonda tafakkuriy-falsafiy yo‘nalish, Turkiya, Afrika mamlakatlari, qisman Hindistonda shariatga zich bog‘langan yo‘nalish, Movarounnahrda ham falsafiy va ham shariat izmidagi yo‘nalishlar birgalikda yoyilgan. Tariqatlarning soni elliktadan ortiq. Chunonchi, tayfuriya, zahabiya, hurufiya, hallojiya, shozaliya, junaydiya, suhravardiya, safariya, qodiriya, ne’matullohiya, chishtiya, nizomiya, bektoshiya, nurbaxshiya, mavlaviya, malomatiya, qalandariya, ma’rufiya, firdavsiya, nuriya, qushayriya, xalvatiya, adhamiya, ahmadiya va hokazo.
Bulardan tayfuriya (Tayfur Boyazid Bistomiy nomi bilan bog‘liq), hakimiya (Hakim Termiziy nomi bilan bog‘liq), hallojiya (Mansur Hallojga nisbat beriladi), suhravardiya (Yahyo Suhravardiy nomi bilan bog‘langan) oqimlar ko‘proq nazariy tomonlari bilan ma’lum. Chunki Bistomiy, Hakim Termiziy, Junayd Bag‘dodiy yoki Yahyo Suhravardiy maxsus xonaqo tariqatini tuzib, solik tarbiyasi bilan shug‘ullanmaganlar. Ularning tarafdorlari bor, xolos.
Qalandariya, malomatiya kabi oqimlar esa biror shayx nomi bilan bog‘liq bo‘lmagan, alohida yo‘nalishlardir.
Markaziy Osiyoda quyidagi tariqatlar qadimdan keng tarqalgan: qodiriya, yassaviya, kubraviya va naqshbandiya (yoki «xojagon»).
Do'stlaringiz bilan baham: |