29. Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy quddisa sirruhu. Ulug‘ shayx Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhi Panjobning Vaytala nomli joyida hijriy 1158 sana – milodiy 1745 sanada tavallud topdilar va hijriy 1240 sana – milodiy 1824 sanada Dehlida vafot etdilar. Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhi silsila omonatini Habibulloh Mazhar Joni Jonon Shamsuddin rahma-tullohi alayhidan olgan edilar.
30. Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy quddisa sirruhu.Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi hijriy 1193 sana – milodiy 1779 sanada Musul viloyatining qishloqlaridan biri bo‘lgan Sehrizorda tavallud topdilar va hijriy 1242 sana – milodiy 1826 sanada Shomda vafot etdilar. Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi silsila omonatini Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy hazratlaridan olgan edilar.
Tariqat silsilalarini anglashimiz uchun keltirgan Naqshbandiya tariqati silsilasidir. Chunki silsilaning shu qismigacha keltirilgan hamma shayxlarni barcha e’tirof qiladi. Ularning hammalari bu tariqatning buyuk vakillari sifatida e’zozlanadi. Shuningdek, mazkur azizlarimizni boshqalarga o‘rnak sifatida taqdim qilishga ham arziydi.
Albatta, silsilaning boshida turgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, u zotning ikki buyuk sahobalari Abu Bakr Siddiq va Salmon Forsiy roziyallohu anhumo va xayru barakasiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari guvohlik bergan asrning vakillari bo‘lmish Qosim ibn Muhammad va Ja’far Sodiq roziyallohu anhumo haqida gapirib o‘tirishning hojati ham yo‘q. Ular har qanday mulohazadan yuqori turadilar.
Qolgan yigirma besh shayxning tarjimai hollaridan ba’zi bir xulosalar chiqarsak, tasavvuf haqidagi tasavvurimizning shayxlar haqidagi bobiga ko‘pgina foydalar kelsa, ajab emas, degan umiddamiz.
Silsilaning mazkur shayxlari turli nasabga oid zotlardir. Bundan tariqatga shayx bo‘lish uchun ma’lum bir nasabga mansub bo‘lish shart emasligi kelib chiqadi. Chunki shayxlar ichida sayyid bo‘lib, nasabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etib boradiganlari ham, shuningdek, hazrati Umar yoki hazrati Usmon va hazrati Ali roziyallohu anhumga etib boradiganlari ham, nasabi oddiy bo‘lganlari ham bor.
Silsilaning mazkur shayxlari turli irq va millatlarga mansubdirlar. Bundan tariqat shayxi bo‘lish uchun ma’lum bir irqqa yoki millatga mansub bo‘lish shart emasligi ayon bo‘ladi.
Silsilaning mazkur shayxlari avvalo shariat ilmlarini yaxshi o‘zlashtirib olib, keyin tariqatga yuzlanganlari ko‘rinadi. Bundan ilmsiz kishi, xususan, shariatni puxta o‘rganib, olim bo‘lmagan kishilar tariqat shayxi bo‘lishi mumkin emasligi ma’lum bo‘ladi.
Silsilaning mazkur shayxlari turli ijtimoiy tabaqalarga mansub bo‘lganlar: ba’zilari o‘ta kambag‘al bo‘lsalar, boshqalari Xoja Ahror Valiyga o‘xshab o‘ta boy bo‘lganlar. Ba’zilari aslzoda oilalarga mansub bo‘lsalar, boshqalari etim holda qiynalib o‘sganlar. Bundan tariqat shayxi bo‘ladigan zotlar ma’lum bir ijtimoiy tabaqaga xos bo‘lishlari shart emasligi anglanadi.
Silsilaning mazkur shayxlaridan ba’zilari o‘ta xokisor holda, qattiq nonni suvga ivitib eb yurgan bo‘lsalar, boshqalari o‘zlari qolib, muridlariga ham lazzatli taomlar tarqatishni odat qilganlar.
Silsilaning mazkur shayxlari o‘z mehnatlari va riyozatlari bilan shayxlik darajasiga etganlar. Ba’zi hollarda otadan keyin bola tariqat shayxi darajasiga ko‘tarilganda ham, bu narsa faqatgina o‘zining mehnati evaziga bo‘lgan. Hech qachon shayxning o‘g‘li bo‘lgani uchun shayx bo‘lish yo‘lga qo‘yilmagan. Bu holni Imomi Robboniyning o‘g‘illari Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi va u kishining o‘g‘illari misolida ko‘ramiz.
Silsilaning mazkur shayxlari silsila omonatini bevosita o‘z pirlaridan olganlar. Faqat Boyazid Bistomiy rahmatullohi alayhi silsila omonatini Ja’far Sodiq roziyallohu anhudan ma’nan olganlar. Hazrati Bahouddin Naqshband rahmatullohi alayhi esa silsila omonatini zohiran sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhidan, botinan xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy rahmatullohi alayhidan olganlar. Bundan silsilani bevosita ruxsat olish bilan ham, bilvosita – ma’naviy bog‘lanish bilan ham davom ettirish mumkinligi kelib chiqadi.
Asl tasavvuf kitoblarida Naqshbandiya tariqati silsilasi mashoyixlarining tarjimai hollarini zikr qilish mavlono Xolid Bag‘dodiyning zikrlari bilan to‘xtaydi.
Buning bir necha sabablari bor. Ammo eng bosh sabab shuki, boshqa tariqatlar kabi, Naqshbandiya tariqatida ham mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhigacha dunyo bo‘yicha bir dona tan olingan shayx bo‘lib kelgan. Yuqoridagi satrlarda qisqacha tarjimai hollari keltirilgan buyuk zotlar xuddi o‘sha mazkur sharafga muyassar bo‘lgan zotlardir. Faqat bir shayxni tutish o‘sha paytlarda oson bo‘lgan. Islom olami bir butun bo‘lgan. Orada chegaralar bo‘lmagan, tariqat ishlari avjida bo‘lgan.
Ammo mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhining vaqtlaridan keyin sharoit tamoman o‘zgardi. Islom olami parchalanib ketdi. Islomning amaliy qismi susaydi. Odamlarning e’tiqodi ham susaydi. Binobarin, tasavvuf masalasida ham ko‘plab muammolar paydo bo‘ldi. Endi bitta shayx dunyoning hamma taraflaridagi o‘z tariqati muxlislarini idora qilishi qiyin bo‘lib qoldi.
Ehtimol, mazkur omillar tufaylidir yoki boshqa sabablarga ko‘radir, har holda ba’zi muhaqqiqlarning ta’kidlashlaricha, mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi o‘zlarining bir yuz o‘n ettita xalifalariga irshodga, odamlarning bay’atini qabul qilishga ruxsat berganlar.
Ba’zi bir kishilar: «Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi uch yuz kishiga irshodga, odamlarning bay’atini qabul qilishga ruxsat berganlar», deydilar.
Doktor Saljuq Eroydinning «Tasavvuf va tariqatlar» nomli kitobida aytilishicha, Naqshbandiya tariqatining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etib boradigan yana ikkita silsilasi bor.
Mazkur ikki silsiladan birining avvalida:
Hazrati Ali roziyallohu anhu;
Imom Husayn roziyallohu anhu;
Imom Zaynul Obidin;
Imom Muhammad Boqir;
Va mazkur silsilalarning ikkinchisining avvalida:
Hazrati Ali roziyallohu anhu;
Imom Hasan Basriy;
Habib A’jamiy;
Dovud Toiy;
Ma’ruf Karxiy;
Sarriy Saqatiy;
Junayd Bag‘dodiy;
Abu Ali Rudboriy;
Abu Ali Kotib;
Abu Usmon Mag‘ribiy bor.
Har ikki silsila Abu Ali Farmadiyga kelib birlashadi va Yusuf Hamadoniydan boshlab avvalgi silsila kabi davom etadi.
Naqshbandiya tariqati o‘z tarixi davomida bir necha nomlar bilan atalgan. Bu tariqat Boyazid Bistomiyga qadar «Siddiqiya» nomi bilan atalgan. Bistomiydan G‘ijduvoniygacha «Tayfuriya» nomi bilan atalgan.
G‘ijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha «Xojagoniya» nomi bilan atalgan. Bahouddin Naqshbanddan Ubaydulloh Ahrorgacha «Naqshbandiya» nomi bilan atalgan. Ubaydulloh Ahrordan Imomi Robboniygacha «Naqshbandiya-Ahroriya» nomi bilan atalgan. Imomi Robboniydan Shamsuddin Mazhargacha «Naqshbandiya-Mujaddidiya» nomi bilan atalgan.
Shamsuddin Mazhardan Mavlono Xolidgacha «Naqshbandiya-Mazhariya» nomi bilan atalgan. Mavlono Xoliddan «Naqshbandiya-Xolidiya» nomi bilan atalgan. Keyin esa «Naqshbandiya» nomining o‘zi sobit bo‘lib qolgan.