Konkretlashtirish. Umumiy, mavhum belgi va xususiyatlarni yakka, yolg’iz obyektlarga tatbiq qilish bilan ifodalanadigan fikr yuritish operasiyasi insonning barcha faoliyatlarida aktiv ishtirok etadi. Voqyelik qanchalik konkret (yaqqol) shaklda ifodalansa, inson uni shunchalik oson anglab yetadi. O’zining genetik qilib chiqishiga qaraganda, kishilar dastavval tevarak-atrofni konkret belgilariga asoslanib, konkret holda aks ettirganlar, yaqqol obrazlarga suyanib, tasavvur qilish imkoniyatiga ega bo’lganlar. Shu boisdan to hozirgi kunga qadar konkretlik belgisi har qanday inson zoti uchun eng yaqin belgi bo’lib hisoblanadi. Chunki konkret voqyelik kishini aqliy zo’r berishlikdan, irodaviy tanglikdan va stress holatdan xorij qiladi. Shuning uchun bo’lsa kerak, odam eng murakkab qonun hamda tushunchalarni konkretlik darajasiga aylantirishga harakat qiladi. Masalan, inson «qiymat» tushunchasini konkretlashtirib «odamning qadr-qimmati», «tovarning qiymati» shaklida konkretlashtiradi va hokazo.
Psixologiya fanida mazkur fikr yuritish operasiyasiga quyidagicha ta’rif beriladi: Konkretlashtirish hodisalarni ichki bog’lanish va munosabatlardan qat’i nazar, bir tomonlama ta’kidlashdan iborat fikr yuritish operasiyasidir.
Psixologik tadqiqotlarning ko’rsatishiga qaraganda, konkretlashtirish odatda ikki xil vazifani (funksiyani) bajaradi. Dastlabki funksiyasiga taalluqli ko’pgina misollarni keltirish bilan uning psixologik mexanizmini ko’rsatishiga harakat qilamiz. Masalan, o’quvchilar «qora» degan so’zni ishlatgan paytlaridan ko’z oldida bitum, chaqich, asfalt kabi qora rangdagi narsalar va hayvonlarni gavdalantirishlari mumkin. Shuningdek, ular «harakat» degan iborani ishlatsalar, odamni, mashinani, hayvonlarni suv va samolyot kabilarni tasavvur qila oladilar. Keyinchalik esa harakat tushunchasining ko’lami kengayib boradi, biologik, ijtimoiy va hokazo harakatlarni nazarda tutadi.
Konkretlashtirishning ikkinchi funksiyasi quyidagi misollarda o’zining yorqin ifodasini topadi. Masalan, kishilar ketmon, belkurak, panshahani dehqonchilik asboblariga; igna, bigiz, angishvona va tikuv mashinasini tikuv asboblariga; lola, atirgul, binafsha, buldanejni gulga; daftar, ruchka, chizg’ichni o’quv qurollariga kiritiladilar. Demak, bu misollarda konkretlashtirish operasiyasi umumiy va yakka belgilari kam bo’lgan umumiylikni ochishda namoyon bo’ladi. Umuman konkretlashtirish abstraksiyalashni kontrast holati bo’lib, inson bilish faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |