Abstraksiya. Narsa va hodisalarning, qonun va qonuniyatlarning ayrim belgisi, sifati, alomati yoki xususiyatlarini fikran ulardan ayirib olib, mustaqil fikr obyektiga aylantirishdan iborat fikr yuritish operasiyasi inson bilish faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Masalan, bilish jarayonida tabiat, jamiyat va ayrim insonlarga xos bo’lgan «go’zallik» belgisini ayirib olib, ularning gazalligi to’g’risida emas, balki umuman go’zallik, ya’ni estetik kategoriya mazmunidagi tushuncha yuzasidan mulohaza bildiriladi.
Abstraksiyalash shunday fikrlash, tafakkur operasiyasidirki, bu operasiya yordami bilan moddiy dunyodagi narsa va hodisalarning muhim xususiyatlarini farqlab olib, ana shu xususiyatlardan narsa va hodisalarning muhim bo’lmagan ikkinchi darajali xususiyatlarini fikran ajratib tashlaymiz.
Abstraksiya jarayonida obyektdan ajratib olingan belgi (alomat)ning o’zi tafakkurning mustaqil obyekti bo’lib qoladi. Abstraksiya operasiyasi analiz natijasida vujudga keladi. Masalan, sinf devorini analiz qilish jarayonida uning faqat bir belgisini, ya’ni oqligini ajratib olish mumkin va oq devor to’g’risida emas, balki devorning oqligi to’g’risida, keyin esa umuman oqlik haqida fikr yuritish mumkin. Kishilar quyosh, oy, yulduz, elektr, olov, ba’zi planetalar, ayrim tosh va hokazolarning ko’z o’nglarida yoritishini kuzata turib, ularning bitta umumiy belgisini, ya’ni yoritishini fikran ajratib olib, umuman yoritish to’g’risida mulohaza yuritishlari ayni haqiqatdir. Turli geometrik shakllarni-uchburchak, to’rtburchak, kesik konus, kesik piramida, parallelogramm, ko’pburchak, parallelepiped va hokazolarni kuzata turib, ular uchun umumiy bo’lgan belgini, ya’ni burchakni fikran ajratishlari, so’ngra umuman burchak tushunchasi to’g’risida fikr yuritish mumkin.
Fan va texnika revolyusiyasi avj olingan hozirgi davrda kishilarga uzatilayotgan informasiyalarning ma’lum qismi abstrakt holatda inson ma’naviy mulkiga aylanmoqda. Mazkur bilimlarni hissiy bilish apparati yordami bilan o’zlashtirish imkoniyati insonda yo’q, shuning uchun ularni abstrakt yo’l bilan o’zlashtirib olish talab qilinadi. Lekin abstraksiya holatidagi informasiyalar insoniyat tomonidan qiyinchilik bilan o’zlashtiriladi. Yaqqol ko’rgazmalikka asoslanmagan bilimlar qiyinchilik bilan qabul qilinadi. Shunga qaramasdan, abstrakt holatidagi bilimlar ko’lami kundan-kun ortib bormoqda. Chunki yangi kashfiyotlar, ixtirolar zamiridan kelib chiquvchi qonuniyatlar, ichki murakkab bog’lanishlarning barchasi abstrakt terminlarda o’z ifodasini topadi. Shu boisdan kishilarni mazkur jarayonga tayyorlab borish, o’ng’aysiz shart-sharoitga moslashtirish, ko’niktirish mutlaqo shart.
Ta’lim tizimidagi bilimlarning aksariyati bilishning rasional yo’li bilan egallashga qaratilgan bo’lib, abstraksiyadan keng qo’lamda foydalanishni taqozo etadi. Shuning uchun o’quvchilarni abstraksiyani amalga oshirish yo’l va usullari bilan tanishtirish kerak.
Yuqorida aytganlarimizdan tashqari, abstraksiyalash jarayoni yordamida qiymat, son, kenglik, tenglik, uzunlik, kattalik, qattiqlik, zichlik, balandlik, geometrik shakl, matematik ibora, tanqidiy realizm, bosim, solishtirma og’irlik, geografik tushunchalar tizimi kabi abstrakt tushunchalar vujudga keltiradi.
Buyumlarni, narsa va hodisalarni, jism va predmetlarni bir-biri bilan taqqoslash paytida ham abstraksiyalash jarayoni yuzaga keladi. Bunda narsa va hodisalarning, voqyelikning mavjud belgilariga (masalan, tusiga, shakliga, tezligiga, og’irligiga, qiymatiga va shu kabi o’xshash sifatlariga) qarab taqqoslanadi.
Abstraksiya operasiyasi bilan insonni qurollantirish- intellektual jihatdan intensiv rivojlanishga olib keladi, shuningdek, mustaqil bilim olish faoliyatini takomillashtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |