Klassifikasiyalash. Insonning bilish faoliyatida muhim rol o’ynovchi fikr yuritish operasiyalaridan biri klassifikasiyalash hisoblanadi. Bir turkum ichidagi narsalarning bir-biriga o’xshashligiga va boshqa turkumdagi narsalardan farq qilishiga qarab, narsalarni turkumlarga ajratish tizimi klassifikasiya deb ataladi. Fan olamida buyuk hissa bo’lib qo’shilgan D. I. Mendeleyevning «Elementlarning davriy tizimi» jadvali klassifikasiya uchun yorqin misoldir. Bunda olim elementlarni atom og’irligi ortib borishiga, kimyoviy sifatlarining bir tipligiga va boshqa belgi va alomatlariga qarab tartib bilan joylashtirib chiqqan.
Fanda narsa va hodisalarning tabiatni ifodalovchi muayyan belgi (alomat) asosida qilingan klassifikasiya deb atash qabul qilingan. Tabiiy klassifikasiyaga zoologiya fanidagi hayvonlar klassifikasiyasi (sudralib yuruvchilar, sut emizuvchilar, suvda va quruqlikda yashovchilar, parrandalar, qushlar va hokazo), botanikadagi o’simliklar klassifikasiyasi (bir yillik, ko’p yillik, butalar, daraxtlar, o’tlar, ildizdan ko’payuvchilar, igna barglilar, tikanli o’simliklar, dukkaklilar, poliz o’simliklari va boshqalar) kabi qator misollarni keltirib o’tish mumkin. Mabodo klassifikasiyaga asos qilib olingan belgi narsa va hodisalarning tabiatini ifodalamasa, bunday klassifikasiya sun’iy klassifikasiya deb ataladi. Ijtimoiy hayotimizda klassifikasiyaning mazkur turi doimo qo’llanib turadi. Masalan kutubxonadagi kitoblar mazmuniga, shakliga, noyobligi va shunga o’xshash belgilariga qarab tokchalar va peshtoqchalarga teriladi. O’quvchilarning alifbe tartibi bilan tuzilgan ro’yxati yoki xususiyatlari, jinsiy belgilari, ulgurishlari va qiziqishlarini nazarda tutib turkumlarga ajratish ham sun’iy klassifikasiyalashga misol bo’la oladi.
Lekin ijtimoiy turmushda va fan olamida oddiy klassifikasiyalash holatidan tez-tez foydalaniladi. Jumladan, adabiyot, tarix, geografiya, psixologiya-gumanitar fanlari: falsafa, iqtisod, huquq, pedagogika, tarix- ijtimoiy fanlar: matematika, fizika, biologiya, kimyo-tabiiy-matematik sikldagi fanlar. Xuddi shuningdek, asosga suyanib psixologiya sohalari ham klassifikasiya qilinadi. Injenerlik, aviasiya, kosmos psixologiyasi-mehnat psixologiyasi, patopsixologiya, oligofrenopsixologiya, surdopsixologiya, tiflopsixologiya-maxsus psixologiya; bolalar, o’smirlar, o’spirinlar, katta yoshdagilar psixologiyasi, gerantopsixologiya-yosh davrlari psixologiyasi; sud ishi psixologiyasi, kriminal psixologiya, penitensiar psixologiyasi- yuridik psixologiya va boshqalar. Psixologiya fanida psixik holatlar, bilish jarayonlari, shaxsning individual tipologik xususiyatlari ham klassifikasiya qilinadi. Aks ettirish xarakteriga va reseptorlarning o’rniga qarab, sezgilar uch gruppaga bo’linadi: eksteroseptiv sezgilar, interoseptiv sezgilar, proprioseptiv sezgilar. Klassik bo’linishga binoan sezgilar quyidagicha klassifikasiya qilinadi: ko’rish, eshitish, taktil, maza, hid, organik, harakat va hokazo.
Maktab ta’lim tizimida murakkab bilimlar qulayroq yo’l bilan o’zlashtirish uchun klassifikasiya operasiyasidan keng ko’lamda foydalaniladi. Masalan, ot, sifat, fe’l, son-so’z turkumlari; ibtidoiy jamoa, quldorchilik, feodalizm, kapitalizm, ijtimoizm-kishilik formasiyalari; proza, poeziya, drama, komediya, tragediya- adabiy janrlar; briz, musson, passat-shamollar va boshqalar.
Shunday qilib, klassifikasiya biz tekshiradigan obyektlarning muayyan tartibni topishda, o’rganishimizda zarur bo’lgan narsa va hodisalarni yaxlit holda tekshirishimizda, o’zlashtirmoqchi bo’lgan materiallarni puxta esda qoldirishimizda muhim rol o’ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |