Ikki partiyaviy tizimlar bir-biri bilan raqobat qilishga qodir bo‘lgan ikkita kuchli siyosiy partiyaning mavjud bo‘lishini taqozo etadi. Ularning har biri mustaqil ravishda parlamentda ko‘pchilik ovoz olishga, o‘z hukumatini tuzishga va shu tariqa hukmron partiyaga aylanishga qodirdir, boshqasi esa bu davrda muholafatdagi partiya bo‘lib qoladi. Ikki partiyaviy tizimning klassik namunasi AQSH va Buyuk Britaniyadir. Masalan AQSHda ikki yirik partiya – Demokratlar va Respublikachilar muntazam ravishda hokimiyatda o‘rin almashib kelmoqdalar. To‘g‘ri, AQSHda uchinchi partiyani tuzish sa’y-harakatlari ham bo‘lgan, biroq ular har gal muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Ko‘ppartiyaviy tizimga xos jihat shundan iboratki, unda ikkidan ortiq partiyalar davlat hokimiyatini egallash uchun real imkoniyatga ega bo‘ladilar. Bunday tizimda odatda parlament a’zolarining katta qismiga tayanuvchi koalitsion hukumat tuziladi. Ko‘ppartiyaviy tizimlar Italiya, Belgiya, Gollandiya singari davlatlarning siyosiy hayoti uchun xosdir. AQSHdan farqli o‘laroq G‘arb mamlakatlarining aksariyatida ko‘ppartiyaviy tizimlar mavjud bo‘lib, ushbu mamlakatlarda siyosiy partiyalarning soni taxminan 3 tadan boshlab, 10 ta oralig‘ini tashkil etadi. Ular qatoriga Germaniya, Fransiya, Kanada, Avstriya, Avstraliya kabi mamlakatlarni kiritish mumkin. Ularni shuningdek modifikatsiyalashgan ikki partiyaviy tizimlar deb atash ham mumkin, chunki ikki yiriq bir-biriga muholifatda bo‘lgan partiyalar uchinchi partiyalarni o‘z atroflariga birlashtirgan holda hukumat tuzishlari mumkin.
Ma’lumki, hokimiyat uchun kurashda ittifoqlar, partiyalar bloklari ishtirok etadi. Mazkur bloklarga kirmaydigan partiyalar amalda hokimiyat uchun kurashda g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar. Prezident va parlament saylovlari arafasida odatda ikki blok – “o‘ng” va “so‘l” kuchlar bloki shakllanadigan Fransiyaning so‘nggi o‘n yilliklardagi hayot tajribasi shundan yaqqol dalolat beradi. Ayrim mamlakatlarda ikki va ko‘ppartiyaviylik sharoitlarda partiyalarning kooperatsiyalashuvi tizimi deb ataluvchi tizim faoliyat ko‘rsatadi. Uning mohiyati shundan iboratki, partiyalar o‘rtasidagi raqobat kurashi faqat saylovlarga tayorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish davrida olib boriladi, keyin esa u partiyalar hamkorligi bilan almashinadi. Bunday vaziyatning yuzaga kelishiga ko‘proq siyosiy kuchlar muvozanatining qaror topishi, mamlakat umumiy manfaatlarining, masalan, urush xavfi munosabati bilan vatanni himoya qilish kabilarning birinchi o‘ringa qo‘yilishi ko‘mak beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |