Shashmaqom cholg`u turlari
Maqomlar sozanda va xonandalar tomonidan yakka tarzda, shuningdek, joʻrovozlik va joʻrnavozlikda ijro etib kelingan. Xususan, Buxoro amirlari saroyida eng soʻnggi davrda jo`rnavozlik asosan, 2 tanbur, 2 doira (doirachilar xonanda ham bo`lgan), afg`on rubobi, sato yoki qoʻbiz, imkonga koʻra boʻlamon cholg`ularidan iborat boʻlgan. Maqom ijrochiligida tanbur yetakchi soz hisoblanadi. Chunki u torlarini maqom pardalariga moslab sozlashda va maqom yoʻllarini mukammal yangratishda birmuncha qulayliklarga ega. Doira esa sozanda va xonandalarning Shashmaqom qismlarini belgilangan usul negizida ijro etishlari uchun zarur vosita bo`lib xizmat qiladi. Har bir maqomning bosh tovushqatori o`ziga xos va nisbatan barqaror bo`lib, turkumning to`liq musiqiy ijro jarayonida uning pardalarida ayrim o`zgarishlar ham sodir bo`lib turadi. Chunki Shashmaqom shakllanishida maqomlar tarkibiga 12 maqomdan mazkur maqom pardalariga yaqin, kuy mavzui tabiatiga ohangdosh oʻzga sho`ba va maqom yo`llari ham kiritilgan. Ularning lad tonalligi asosiy maqom yo`llariga ba`zan mos kelmasligi ham mumkin. Shashmaqomni tashkil etgan maqomlarning har biri ikki — cholg`u (mushkilot) va ashula (mog`ulchalari) yirik bo`limlaridan iborat.
Mushkulot bo`limi maqomlarning cholg`u bo`limlarida bir xil nom bilan ataladigan cholg`u qismlari bo`lib, ularning ohanglari turlicha bolsada, doira usullari bir xildir. Ular Tasnif, Tarji, Gardun, Muxammas va Saqil nomlari bilan mashhurdir. Tasnif, Tarje, Nagʻmai Oraz, Samoi, Xafif kabi cholgʻu qismlari bir-biriga oʻxshash, kichik hajmli; Gardun va Peshrav birmuncha rivojlangan; Muxammas va Saqil yo`llari uzun va murakkab doira usullari negizida ijod etilgan. Shashmaqom cholg`u yo`llarining ichki tuzilishi murakkab bo`lsada, o`zining ravon ohangdorligi va rangbarangligi bilan shu maqom kuy mavzulari bilan bevosita bog`liqdir. Bu asarlar teran falsafiy va turfa lirik kayfiyatlarni ifodalaydi, tinglovchilardan esa eshitish ko`nikmalariga ega bo`lishni talab etadi. Maqomlarda nomdosh bo`lmagan cholg`u qismlar ham uchraydi. Masalan: Navo maqomida – Nag`mai Oraz, Dugohda – Peshravi Dugoh va Samoyi Dugoh, Segohda Hafifi Segoh va hokazo. Maqom cholg`u yo`llarining kuy tuzilishi murakkab bo`lsada, o`zining rang – barangligi, ohangdorligi bilan eshituvchini maftun etadi. Ular uchun xos narsa shuki, har bir cholg`u qism xona va bozgoylardan tarkib topgan.
Xona - uy, bo`lma, musiqa islohotida kuyning o`zgaruvchan va faol rivojlanuvchi bo`lagidir. Unda kuy ohanglari o`zgarib yangicha uslubda avjga tamon harakatlanib boradi va bosh pardaga qaytib tushadi. Xonalar tufayli kuy mazmunan boyib boradi.
Bozgo`y – tojik tilida - qayta aytish, qaytariq demakdir va bu tuzilma kuyning xonalaridan so`ng takrorlanadigan, binobarin ularni tugallovchi vazifasini ham bajaradi. Xonalar bilan kuy takomillashadi, mazmunan chuqurlashadi va boyiydi. Bozgo`ylar esa, musiqiy fikirni yakunlab, umumlashtirib beradi. Maqom cholg`u yo`llarida xonalarning takomillashuvida ko`pincha "Peshrav" deyilgan kuy qismlari katta ahamiyatga molik.
Peshrav - tojikcha - oldinga yuruvchi, oldinga harakat etuvchi, degan ma'noni anglatadi. Ular xonalarning kuy harakatida turli balandliklarda bir necha bor takrorlanadi va bozgo`yga ulanib ketadi. Peshravlar kishiga ko`tarinki ruh baxsh etadi.
Maqom cholg`u qismlarida doira usullarining ham o`rni kattadir. Masalan: Tasnif va Tarji qismlari bir xil doira usudila ijro etiladi; ba’zan boshqa maqomlarda qisqa shaklda ikki - uch taktli yoki Tarjei Iroqdagi kabi, besh taktli bo`lib ham kelishi mumkin. Gardun, Muxammas, Saqil, Hafif, Samoyi kabi iboralar bilan ataluvchi cholg`u qismlari shu nomli doira usullari ifodasidir. Bu erda bir narsa muhimki, Muxammas va Saqil qismlarining doira usullari juda murakkab bo`lib, Muxammaslarda 16 takt, Saqillarda 24 taktni tashkid etadi. Bu bilan birga ulardagi xona va bozgo`ylar hajmi bir - biriga teng.
Do'stlaringiz bilan baham: |