Rost maqomi Bu maqom o`tmish musiqa risolalarida o`n ikki maqomlardan biri sanalgan. Sharq musiqa nazariyasiga oid kitoblarda Rostning eng qadimiy maqom ekani to`g`risida gapirilib bu haqda afsona keltiriladi. Afsonaga ko`ra, "Rost" Odam Atodan qolgan. Go`yo Odam Momo Havo bilan jannatdan yerga quviladi. Xudo ularning birini Mag`ribga, ikkinchisini Mashriqqa jo`natada. Odam Ato Momo Havo ishqida sarson-sargardon bo`lib, uni axtaradi. Go`yo Odam Atoning chekkan nolasi, «ohu vohi» Rost maqomi pardalaridagi kuydan iborat edi. Shuning uchun musiqa kitoblari mualliflari Rost maqomini «Ummul-advor» ya’ni maqom lad doiralarining onasi deb hisoblaganlar. Mazkur afsonani keltirish bilan, musiqa olimlari Rostni eng qadimiy va ilk maqom yo`li ekanini isbotlamoqchi bo`lganlar.
"ROST" iborasi esa "mos keladigan", "to`g`ri tushadigan"-ma’nolarini bildiradi. Musiqa risolalarida aytilishicha, bu maqomning ladiga juda ko`p kuy va ashulalar mos kelgani uchun "Rost" deb nomlangan. Darhaqiqat, O`zbek va Tojik xalqlari musiqasida hozirda ham bu maqom ladiga mos musiqa asarlari son-sanoqsiz ."Rost" maqomining asosiy yo`llari boshlanadigan parda, ya`ni tonikasi "DO" tovushi bo`lib, O`n ikki maqom tarkibida "Miksolidiy" ladiga yaqin bo`lgan, Shashmaqomda esa, "Miksolidiy va Ioniy" deyilgan lad qo`shilmasiga mos keladi. Buning sababi bor albatta, chunki o`n ikki maqomdagi Rost va Ushshoq maqomlari Shashmaqomda Rost maqomi shaklida birlashtirilgan edi. Mazkur Miksolidiy va Ioniy pardalari bir-biriga birmuncha yaqin bo`lib, ulardagi farq tovushqatorning yettinchi pag`onasidadar. Maqomlar ijrosida yetakchi sozlardan hisoblangan Tanbur torlari "Rost"' maqomida katta oktavaning "Do-Sol" notalariga sozlanib, uning I-II-IV-VI pog`onalari kuyning tayanch pardalaridir.
"Rost" maqomi ham cholg`u va ashula bo`limlaridan iborat. Dastlab uning cholg`u g`ismlari yaxlit holda birin-ketin ijro etiladi. Bu cholg`u qismlari "Tasnifi Rost", "Garduni Rost", «Muxammasi Rost», «Muxammasi Ushshoq», «Muxammasi Panjgoh», «Saqili Vazmin», «Saqili Rag-Rag» deb nomlanadi.
Tasnifi Rostda bu maqomning bosh mavzui bayon etilib, kuy ohanglari jihatidan xalq kuylariga o`xshaydi. Uning xonalari peshrav vositasi bilan harakat qiladi va kichikroq hajmdagi bozgo`ylar bilan yakunlanib boradi. Tasnifi Rost o`z tuzilishi bilan "Usmoniya" kuyiga juda yaqin. Uning peshrav ohanglari esa juda ko`pgina xalq cholg`u kuylarida uchraydi.
Tasnifi Rostning xonalari borgan sari yuqori pardalarga ko`tarila borib, keyingi 6-7- xonalar hajmi juda ham kengayib ketadi, Masalan, birinchi xona 16 takt bo`lgani holda, yettinchi xona 94 taktga etadi. Xonalar kengayib borishi balan kuyning mazmuni ham chuqurlasha boradi. Rost maqomining boshqa cholg`u yo`llaridan Garduni Rost ohang e’tibori bilan Tasnifi Rostga yaqin. Lekin, Muxammas va Saqillar ohadnglari tubdan farq etadi. Muxammasi Rost bilan Muxammasi Ushshoq yo`llari bir-biriga ohangdosh. Ular ikki turli ladga moslab olingan bitta kuyning variantlaridir.
Muxammasi Ushshoq esa, shinavandalarga juda ham yaqin kuy bo`lib, Kishida chuqur ham nozik his-tuyg`ular uyg`otadi. Ayniqsa Xorazm namunasi yengilroq, sho`xroq uslubda ijro etilib, shodu-xurramlik, xursandchilik kayfiyatini ham qo`zg`atadi. Rost maqomida uchta Muxammas yo`llari orasida Muxammasi Panjgoh ajralib turadi. Uning kuy tuzilishi ham o`ziga xos, boshqa muxammaslardan tubdan farq etadi. Panjgoh iborasi O`n ikki maqom majmuasida ma’lum sho`’baning ifodasi bo`lgan va besh pog`onali tovushq`atorni anglatgan. S huning uchun uning lad asosi ham asl maqomdan farq etadi.
Rost maqomida ikkita «Saqil» asari mavjud. Ular Saqili Vazmin va Saqili Rag-Rag deyilib, vazmin iborasi arabcha "Saqil" so`zining o`zi, Rag-Rag esa hindcha maqom ma’nosini bildiradi. Gardun, Muxammas, Saqil iboralari doira usullari ifodasi ekani aytib o`tidgan edi. Bu erda shuni aytish kerakki, noma’lum sabablarga ko`ra Rost maqomida Tarje’ deyilgan cholg`u qism uchramaydi. Rostning cholg`u yo`llari, kuy mavzui o`ziga xos bo`lib, doira usullari boshqa maqomlardagi kabidir. Ularning hammasi jozibali. yoqimli ohanglarga boy. Rost maqomining cholg`u yo`llari ijro etilib, ashula bo`limi yo`llariga o`tiladi.
Rostning ashula yo`llari ham kuy mavzusi jihatdan xilma-xildir. Ular birinchi va ikkinchi guruh sho`’balardan tarkib topgan. Birinchi guruh Saraxbori Rost, Talqini Ushshoq, Mog`ulchalarii Ushshoq, Navro`zi Sabo sho`’balari va Ufari Ushshoq qismidan iborat. Bu sho`’balardan ko`rinadiki, Rost maqomi asoso`y yo`llari uch xil kuy mavzuidagi ashulalardan, ya’ni Rost, Ushshoq va Nazro`zi Sabo ashula yo`llaridan iborat. Rost maqomining birinchi guruh sho`balari turkumning bosh mavzui bo`lgan Saraxbori Rost bilan boshlanadi. Undan so`ng uning to`rtta taronasi o`qiladi. Rostning turkumi keyingi sho`’ba bilan ulovchi vazifasini bajaruvchi suporish visitasi bilan Talqini Ushshoq sho`’basiga ulanadi.
Talqini Ushshoqdan keyin uning taronasi aytiladi. Bu tarona aynan bir vaqtda suporish vazifasini o`taydi hamda Mog`ulchalarii Ushshoq sho`basiga ulanib ketadi. Mog`ulchalarii Ushshoqning birinchi, ikkinchi taronalari ijro etilib, suporish bilan Navro`zi Sabo sho`’basiga o`tiladi. Uning ketidan Navro`zi Saboning talqinchasi aytilib, Rostning birinchi guruh sho`balari turkumi Ufari Ushshoq va oxirgi suporish bilan yakunlanadi.
Rost maqomi ashula bo`limining bosh mavzui bo`lgan Saraxbori Rost o`zining kuy tuzilishi jihatdan betakror ashula yo`llaridan bo`lib, juda murakkab qiyofaga ega. Saraxbori Rost cholg`u muqaddima va daromad qismi bilan boshlanadi. So`ngra she’r matnsiz ijro etiladigan ohanglar orqali o`rta pardalarda ijro etaladigan miyonxat qismiga o`tiladi. Miyonxat qismi ham she’riy matnsiz aytiladigan ohanglar bilan tonikaga qaytib tushadi. Saraxbori Rostning takt o`lchovi sodda, ikki chorak bo`lib "Muzorei musammani axrobi makrufi mahzuf" deyilgan vazndagi she’rlar bilan ijro etiladi, ya’ni Munisning:
Qaddi ko`zim qaro meni g`am tiyra hol etib,
Xurshiddek yorug` ani arzi jamol etib –
kabi she’rlar mos keladi. Saraxbori Rostning avj qismida Segoh, Ushshoq, Uzzol va Muxayyari Chorgoh namudlari birin-ketin ijro etiladi. Bu namudlar bir-biriga ohanglar vositasi bilan ulanadi. Ashula yo`li esa, tushirim qismi "furovard" bilan yakunlanadi. Saraxbori Rostning murakkab kuy tuzilishining to`liq anglashda mazkur namudlarni ajrata bilish asosiy omillardandir. Saraxbori Rostning murakkab kuy qiyofasi tinglovchiga oson yetib boradi, kishida yuksak lirik kayfiyatlar uyg`otadi, ajoyib manzaralarni tasvirlab, voqelikni musiqiy badiiy vositalari bilan tushuntiradi. Namud, avjlari esa kuy mazmunining rang-barang bo`lishini ta’minlaydi va uning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Saraxbori Rostni tinglash jarayonida kishi hissiyotida jiddiy holat yuzaga keladi. Bunday holat esa, tarona qismlariga o`tilishi bilan yengillashadi va kishida yangi his tuyg`ular hosil bo`ladi. Taronalar ham maqom turkumlaridagi kuy mavzuining rang-barang bo`lishini ta’minlaydi, Saraxbori Rostning birinchi taronasi o`n olti taktli murakkab doira usuli jo`rligada ijro etilishiga qaramay, yengil va xushchaqchaq kayfiyat uyg`otadi. Kuy harakatida ohanglar esa ravon yangraydi. Bu sho`’baning boshqa uchta taronasi yanada sho`xchang va jozibali.
Rost maqomining ikkinchi sho`’basi "Talqini Ushshoq" deb nomlanadi. Shuni aytish kerakki, Rost maqomida Ushshoq nomi bilan mashhur bir necha sho`’ba va qismlar mavjud. Uning birinchi guruh sho`balarida yana Mog`ulchalarii Ushshoq va Ufari Ushshoq deyiladigan ashula yo`llari mavjud. Ularning hammasi bir-biri bilan hamohang, kuy tuzilishi va tarkibiy qismlari ham bir xil. Talqini Ushshoq, Mog`ulchalarii Ushshoq va Ufari Ushshoq ma’lum ashula yo`lining Talqin, Mog`ulchalari va Ufar doira usullarida ijro etiladigan variantlaridir. Lekin, ularga o`qiladigan she’r o`lchovlari turlicha bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |