Sertifikatlashtirish ob'ektlari va sub’ektlari
Mahsulotlar, shu jumladan dasturiy va boshqa ilmiy-texnikaviy mahsulotlar sertifikatlashtirish ob’ektidir.
«O‘zstandart» agentligi, akkreditasiya qilingan sertifikatlashtirish organlari, sinov laboratoriyalari (markazlari), sertifikatlashtirish bo‘yicha inspeksiya organlari, sifat bo‘yicha ekspert-auditorlar, muvofiqlikni baholash faoliyatida ishtirok etadigan xodimlar, shuningdek mahsulotlari sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar sertifikatlashtirish sub’ektlaridir.
Sertifikatlashtirish sub’ektlari — yuridik shaxslar sertifikatlashtirish milliy tizimi doirasida sertifikatlashtirish tizimlari tuzishlari mumkin. Yuridik shaxslarning sertifikatlashtirish tizimlari «O‘zstandart» agentligi belgilagan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.
1.2. Muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik belgisi
Mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligi tasdiqlangani taqdirda sertifikatlashtirish organi muvofiqlik sertifikati beradi, tayyorlovchi ana shu sertifikat asosida muvofiqlik belgisini ishlatish huquqiga ega bo‘ladi.
Sertifikatlashtirish tizimida foydalaniladigan muvofiqlik sertifikatlarining, namunalari, milliy muvofiqlik belgisining shakllari va hajmlari «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
Muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik belgilari, sertifikatlashtirish organlari va sinov laboratoriyalarining (markazlarining) akkreditasiya qilinganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari «O‘zstandart» agentligi tomonidan belgilangan tartibda Davlat reestridan o‘tkazilishi shart. Davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik belgilari, sertifikatlashtirish organlari va sinov laboratoriyalarining (markazlarining) akkreditasiya qilinganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari haqiqiy emas.
Muvofiqlik sertifikatidan, muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqini arizachi boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga berishi man etiladi.
Mahsulotlarni sertifikatlashtirishga akkreditasiya qilingan organlar va sinov laboratoriyalari (markazlari) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilgan akkreditasiya to‘g‘risidagi guvohnoma asosida sertifikatlashtirish faoliyatini hamda sertifikatlashtirish maqsadida sinovlar o‘tkazish faoliyatini amalga oshiradilar.
Mahsulotlar sertifikatlashtirilayotganda arizachiga sertifikatni yoki muvofiqlik belgisini qo‘llash huquqi muvofiqlik sertifikatini bergan akkreditasiya qilingan tegishli sertifikatlashtirish organi bilan tuzilgan bitim asosida beriladi.
Majburiy sertifikatlashtirishni o‘tkazish ishlarini tashkil etish «O‘zstandart» agentligi zimmasiga yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa sertifikatlashtirish organlariga (ularni albatta akkreditasiya qilgan holda) yuklatiladi.
Sertifikatlashtirilishi shart bo‘lgan mahsulotlarning ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
Odamlarning hayoti, sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga hamda atrof muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni tayyorlash, ulardan foydalanish, ularni tashish yoki saqlash xavfsizligini ta’minlovchi talablar bo‘lmagan taqdirda, «O‘zstandart» agentligi davlat boshqaruvining tegishli organlari bilan birgalikda bunday talabnomalarning kechiktirmay ishlab chiqilishi va amalga kiritilishini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |