Saylovlarni chinakamligi xalqaro standartlardan bo’lib, uning natijasida saylovlardagi barcha tadbirlar, saylovchilarning huquqlari qonunlarda belgilangan asosda bo’lishi nazarda tutiladi. Chinakam saylovlardagina fuqarolar saylovchining boshqa huquqlarini amalga oshirish imkomniyatiga ega bo’ladi. Saylovlar chinakam bo’lgandagina unda mag’lubiyatga uchragan kuchlar mag’lubiyatni tan olishga majbur bo’ladi, aks holda, jamiyatda qarshiliklar kuchayib ketib, turli inqirozlar vujudga keladi. Haqiqiy saylovlar jamiyatni bir siyosiy kuchdan ikkinchisiga talofatsiz, buzg’unchiliksiz, qonuniy topshirishga asos bo’ladi. Chinakam saylovlar saylovchilarga haqiqiy saylovni ta’minlaydi va jamiyatda plyuralizmni keltirib chiqaradi va o’zi ham unga tayanadi. Saylovlarni oshkora o’tishi saylovlarni haqiqiy bo’lishida muhim rol o’ynaydi.
Adabiyotlar bilan tanishib, saylov tajribalarini o’rganib ilmiy izlanishlar orqali saylovlardagi xalqaro standartlar qatoriga saylovlarning davriyligi (aniq muddatlarda o’tishi)ni ham qo’shsa bo’ladi degan fikr tug’ildi. Chunki, saylovlarning aniq muddatlarda o’tishi uning muddatlarini hukmron kuchlar, hokimiyat tuzilmalari xohlagancha o’zgartira olmasligi, saylovlarga qo’yiladigan xalqaro talablardan biridir.
“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi xalqaro Pakt”ning 25-moddasida umumiy saylov prinsiplari qatorida saylovlar davriy o’tkazilishi belgilangan.
O’zbekiston Respublikasi ana shu xalqaro hujjat normalari ko’rsatmasiga mos ravishda saylovlar o’tkazishning aniq muddatini konstitusiyaning 117-moddasida mustahkamlab qo’ygan.
O’zbekiston Konstitusiyasining muqaddimasida konstitusiya qabul qilinishidan ko’zlangan maqsadlar qatorida umum e’tirof etilgan xalqaro qoidalarning ustunligini tan olish ta’kidlangan.
Umuman konstitusiya loyihasi ishlab chiqishda komissiya raisi komissiya oldiga: boshqa vazifalar bilan birga, boshqa mamlakatlarning inson huquqlari borasida, demokratiya va qonunchilik borasida qo’lga kiritilgan yutuqlarni, xalqaro hujjat qoidalarini hisobga olish vazifasini qo’ygan.
Bu ko’rsatma xalqaro huquq normalarining O’zbekiston Konstitusiyasi va qonunchiligiga implementasiya qilish uchun turtki bo’ldi.
Xalqaro huquq qoidalarini milliy qonunchilikka implementasiya qilish, xalqaro huquq normalarini aynan shundayligicha qonunlarimizga ko’chirish, kiritish emas, ularning mazmun-moxiyatini qonunchiligimizga singdirish, to’g’ri talqin qilish orqali xalqaro huquq normalarini qonunchilikka, milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda, milliy manfaatlarga zarar еtkazmagan holda tadbiq etishdir.
Saylov huquqi inson huquqining, fuqarolar huquqining ajralmas qismidir. Shuning uchun milliy qonunchilikka xalqaro huquq normlarini implementasiya qilish saylov huquqiga ham to’la taalluqlidir.
Xalqaro huquq normalarining saylov huquqiga ta’sirini biz konstitusiyadan tortib barcha saylov qonunlarida ko’ramiz. Implementasiya natijalarida konstitusiya va saylov qonunchiligida saylov huquqini umum e’tirof etilgan prinsiplari umumiy, teng, to’g’ridan to’g’ri, yashirin ovoz berish va ularga amal qilish natijasida vujudga kelgan umumiy prinsiplarni ro’yobga chiqishini ta’minlaydigan saylovning xalqaro standartlariga muvofiq keladigan erkin, ixtiyoriy, oshkora, adolatli, chinakam, davriy saylovlar mamlakatimizda amal qilmoqda.
Saylov huquqining prinsiplari, saylov o’tkazishning xalqaro standartlari shunchaki qonunlarda yozib qo’yilmasdan, ularning real amal qilishini ta’minlovchi shart-sharoitlar mamlakatimizda shakllangan.
Saylov huquqi prinsiplarining va saylov standartlarini amal qilishini ta’minlovchi sharoitlar sifatida quyidagilar ko’rsatiladi:
1. Saylovlarning ochiq, oshkora, erkin, chinakam va adolatli o’tishi;
2. Saylovlarning mustaqil saylov komissiyalari tomonidan o’tkazilishi;
3. Saylovlarning, saylov komissiyasining, nomzodlar va siyosiy partiyalar faoliyatining davlat tomonidan moliyalashtirilishi;
4. Axborotlashtirish va tashviqot ishlarining davlat tomonidan ta’minlanishi;
5. Saylovlarda milliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki;
6. Saylov natijalari ustidan shikoyat qilish huquqining mavjudligi, saylov huquqini buzilishi uchun javobgarlikning mavjudligi;
7. Qabul qilinadigan qarorlar hеch kimni kamsitmasligi.
O’zbekistonda saylov qonunchiligiga xalqaro saylov standartlarini implementasiya qilishda, mamlakatimizda muntazam o’tkazilayotgan ilmiy va amaliy anjumanlardagi ilmiy tahlil va takliflar muhim rol o’ynamoqda.
Ana shunday anjumanlarda xorij ekspertlari qonunchiligimizda xalqaro saylov standartlarini aks etganligi va ularning amaliy ifodasi darajasi haqida xolis fikrlarni bildirishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |