2. BOB. Qang’ va Davon davlatlarida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayot.
2.1. Qang’ va Davon davlatlarining tanazulga yuz tutishi.
Chjan Syanning Davan davlatining harbiy qudrati haqidagi ma`lumotlari ham e`tiborlidir. Bu davlat 60 ming qo`shinga ega bo’lgan. Piyoda askarlar oddiy qurollar bilan qurollangan, otliq qo`shinning harbiy mahoratda tengi bo`lmagan. Davan suvoriylarining chopar ot ustida turib orqaga qayrilib kamondan uzgan o`qlari har qanday dushmanni ham dog’da doldirgan. Vodiyning hatto ayollari ham kamondan o`q uzish va mohirlikda erkaklardan qolishmagan.
Birinchi topilgan yodgorlikka nisbat bergan xolda Farg’ona dehqonchilik madaniyati Chust madaniyati deb ataladi.
Chust madaniyati yodgorliklari qadimgi daryolar va ularning irmoqlarining yoqalarida (ko’proq daryo vodiylarida) voha yoki guruh-guruh bo’lib joylashgan. Bu hol qulay tabiiy iqlim sharoitlariga ega bo’lgan ayrim hududlarni o’zlashtirish jarayoni bilan taqazo etilgan. Vodiyning geografik rayonlarida vohalarning bunday guruhlardan 15 tasi qayd etilgan va ularning ayrimlari quyidagi tarzda joylashgan:
G’ova daryosi vodiysi va Ko’kseraksoy tashlamasining qonusi;
Kosonsoy daryosi chap qirg’og’i;
Qoradaryoning chap qirg’og’i;
Xojaobod va uning atrofi;
Aravon guruhi;
Oqbura daryosining vodiysi;
Taldiqsuv daryosi irmoqlarining deltasi;
Yassi va Qoradaryo daryolari vodiysi;
Aravonsoyning yuqori va o’rta oqimi hamda o’zani; kabilar bo’lgan10.
Qadimshunoslarning tadqiqotlari natijasida Farg‘onada ko‘p sonli uy-qo‘rg‘onlar, qishloq va shahar xarobalari topib o‘rganilgan. Sho‘rabashat (O‘zgan yaqini), Uchqo‘rg‘on (Namangan viloyati) singari shaharlar atrofidagi aholisi yerni ishlash, sholi va bug‘doy yetishtirish, bog‘dorchilik va uzum yetishtirishda katta yutuqlarga erishganlar. Yuqorida aytib o’tganimizdek hunarmandchilik juda yaxshi rivojlangan. Savdoda pulsiz mol ayirboshlash keng yo‘lga qo‘yilgan.
Qadimgi O’zgan, Koson ham Dovonning eng mashhur shaharlari sirasiga kirgan. Dovon hududida 10 dan ortiq yirik dehqonchilik manzilgohlari mavjud bo’lib, ularda yerli mirishkor aholi sholi, bug’doy va boshqa dehqonchilik ekinlari yetishtirish bilan shug’ullangan. Bularga Aravonsay, Oqbo’ra, Sultonobod, Qo’rg’ontepa, Andijonsoy, Moylisoy, Ulug’nor, Yilg’insoy, Shahrixonsoy kabi dehqonchilik makonlarini nisbat berish mumkin. Xitoy sayyohi vodiyda uzumchilik nihoyatda rivojlanganiga, shu bilan birga undan noyob sharbat va uzoq muddat saqlanadigan, quvvati o’tkir musallaslar tayyorlash yuksak darajada yo’lga qo’yilganligiga alohida urg’u beradi.Xitoy sayyohi va elchisi Chjan Szyanning bergan ma’lumotlariga qaraganda, Dovon ayniqsa o‘zining samoviy otlari bilan mashhur bo‘lgan. Farg‘onaliklar ot ustida turib kamon otishga juda mohir va jasur bo‘lganlar. Dovon davlati Xitoy, Hindiston va boshqa Sharq mamlakatlari bilan
xalqaro savdoda muhim o‘rin tutgan.
Mil. avv. 104-101-yillarda Xitoy qo‘shinlari Dovonga yurishlar qilib, Ershi shahrini qamal qiladilar. Shu paytda Qang‘ davlatining qo‘shinlari yordamga kelib, xitoyliklarga qarshi kurashda faol qatnashdilar. Xitoy lashkarlari sulhga rozi bo‘lib, Dovonni tashlab chiqadilar.
Farg‘ona boshqaruv tizimida hukmdor, (manbalarda “van” (podsho) unvoni bilan ishlatilgan) uning ikki yordamchisi (vaziri) va oqsoqollar kengashi faoliyat ko‘rsatganligi xitoy manbalaridan ma’lum. Yordamchilar asosan oliy hukmdorning qarindoshlari orasidan tayinlangan bo‘lishi kerak. Ammo, oqsoqollar kengashi mamlakat ijtimoiy, siyosiy va tashqi munosabatlarida faol ishtirok etish bilan bir qatorda oliy hukmdor faoliyati bilan bog‘liq tadbirlarda qatnashish qudratiga ham ega bo‘lgan. Urush ochish, sulh tuzish, yangi hukmdorni tayinlash, uni taxtdan mahrum etish kabi tadbirlarda oqsoqollar kengashi yetakchi o‘rin tutganligini ko‘rsatuvchi guvohliklar talaygina. Masalan, xitoyliklarning Farg‘onaga tajovuzlari chog‘ida oqsoqollar kengashi o‘zaro sulh tuzish tarafdori bo‘lib chiqadi va bunga erishadi ham. Yoki bo‘lmasa, xitoyliklar bosqini bilan bog‘liq voqealar sababchisi deb topilgan Mug‘uy oqsoqollar kengashi hukmi bilan qatl qilingan.
Eng qadimgi yozma manbalar O‘rta Osiyodagi ayrim ilk davlat uyushmalari haqida ma’lumotlar bersada, Farg‘ona haqida bunday ma’lumotlar uchramaydi. Shunga qaramasdan Y.A Zadneprovskiy Qadimgi Farg‘ona (Davan) podsholigining mavjud bo‘lganligining taxmin qiladi. A. Asqarovning fikricha, mil. avv. I ming yillikning o‘rtalaridan oldingi davrdagi Farg‘ona haqida so‘z yuritilganda odatda faqat “chifdom” (voha) shaklidagi qadimgi davlat asoslarining paydo bo‘lishi anglashiladi. Olimning fikricha, mana shu holatni hisobga olib Farg‘onada davlatchilik, taxminan, mil. avv V-IV asrlarda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Mil. avv II asrdan boshlab Qashg‘ardan Davanga shimoliy yo‘ldan karvon yo‘li harakati boshlanadi. Bu yo‘ldan ipak va boshqa mahsulotlarning xalqaro tranzit savdosi amalga osha boshlaydi. Bu paytga kelib Davan aholisi ko‘paya boshlaydi va ko‘plab mustahkamlangan aholi manzilgohlari paydo bo‘ladi. Savdo yo‘lida Davan muhim ahamiyatga ega bo‘lib boradi. Tadqiqotchilarning fikricha, Yassi va Qoradaryo vohalarida ko‘pgina qal’alar savdo yo‘lini qo‘riqlash maqsadida barpo etiladi11.
Mil. avv. 125-yilda Davanga kelgan Xitoy elchisi Chjan Syan bu yerda qishloq va shaharlari obod, sug‘orma dehqonchilik va hunarmandchilik xo‘jaliklari yuksak rivojlangan, kuchli harbiy kuchlarga ega davlatni ko‘radi. Chjan Syan Davanning qishloq xo‘jaligi haqida ma’lumot berib, shunday yozadi: “O‘troq aholi yer haydaydi, g‘alla va sholi ekadi, ularda musallas navli uzum, juda ko‘plab yaxshi otlar bor. Davanning barcha joylarida uzum vinosi tayyorlaydilar. Boy xonadonlar uni katta miqdorda tayyorlaydi, bu ichimlik xumlarda bir necha o‘n yillarda ham uzilmay saqlanadi”. Shuningdek bu elchi, bu davlat aholisi juda xushmuomala, mehmondo‘st, ko‘ngli ochiq odamlar ekanligi haqida ma’lumot beradi.
Xitoy manbalari qadimgi Farg‘onada dehqonchilik madaniyati yuqori darajada rivojlanganligini isbotlaydi. Xitoyliklarni ayniqsa, o‘zlari uchun notanish bo‘lgan beda va uzum hayratga solgan. Manbalarda yana shunday ma’lumot bor: “Xitoy elchisi urug‘ keltirdi, shunda osmon farzandi(Xitoy imperatori) unumdor yerga beda va uzum ekdi”. Davanliklarning bog‘larida uzumdan tashqari anor, o‘rik va boshqa mevali daraxtlar ko‘p bo‘lgan. Xitoy tarixchilari bu mevalarning Xitoyda paydo bo‘lishini Davan bilan bog‘laydilar.
Xitoy manbalari, shuningdek, qadimgi Farg‘ona chorvachiligining o‘ziga xos tomoni bo‘lgan yilqichilikning yuqori darajada rivojlanganligi haqida ham ma’lumotlar beradi. Davan davlati antik davrda mashhur zotdor otlari bilan shuhrat qozongan edi. Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, ularni etishtirish bilan o‘troq aholi shug‘ullangan. “Davanda yaxshi otlar bo‘lib, ular Ershi shahridadir, otlarni yashiradilar va Xan elchisiga berishga rozi bo‘lmaydilar”. Davanning mashhur “samoviy otlari” tasvirlari tushirilgan qoyatosh suratlari bizning kunlarimizgacha saqlanib qolgan.
Davan davlati ma’lum bir siyosiy uyushmani tashkil etgan bo‘lib, davlatni boshqaruvchi hukmdor manbalarda “Van” (podsho) unvoni bilan ish yuritgani eslatiladi. Manbalarda “Van” unvoniga ega bo‘lgan Motsay, Chan Fin, Mug‘ua, Yanlyu kabi hukmdorlarning nomlari saqlanib qolgan. Yagona hukmdor bo‘lgan podsho, ya’ni, “Van” davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan ishlarni oqsoqollar kengashiga suyangan holda olib borgan. Manbalarning ma’lumot berishicha, podshoga yaqin kishilar (odatda uning qarindoshlari) orasidan yordamchilar-bita katta yordamchi (Fu van) va bitta kichik yordamchi (Fu-go-van), tayinlangan. Davlat hukmdori yoki podsho mamlakatning siyosiy va diniy hayotida katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Davan davlati hududlari shaharlar va vohalarga bo‘lingan holda idora etilgan bo‘lishi mumkin. Chunki, manbalarning ma’lumot berishicha, Yuchen shahrining hokimi Xitoy qo‘shiniga oziq-ovqat etkazib berishdan bosh tortgan. Tadqiqotchi N. Gorbunova har bir shaharning, ehtimol, vohaning o‘z hokimi bo‘lganligi haqidagi taxminni ilgari suradi. Olimaning fikricha, aynan mana shu hokimlar oqsoqollar kengashi tarkibiga kirgan va unda hal qiluvchi mavqega ega bo‘lgan. A. Asqarovning fikricha, oqsoqollar kengashi oldida podsho-hukmdorning huquqlari cheklangan edi. Ayniqsa, urush va tinchlik, diplomatik masalalarda hal etuvchi kuch va huquq oqsoqollar kengashi qo‘lida edi12.
O‘zining butun tarixi davomida Davan davlati yirik imperatorlar va kuchli davlatlar ta’siri ostiga tushmasdan o‘z siyosiy erkinligini saqlab qolgan. Arxeologik topilmalar ham qadimgi Davanning o‘ziga xos rivojlanish yo‘liga ega bo‘lganligidan dalolat beradi. Misol uchun, Farg‘ona vodiysi mil.avv. VI-IV asrlarda Eron Ahamoniylari va Aleksandr Makedonskiy bosqinlaridan chetga qolgan. Aleksandr faqat Xo‘jand shahrigacha kelganligi taxmin qilinadi. Salavkiylarning ham Farg‘ona vodiysiga kirib borganlari haqida ma’lumotlar yo‘q.
Milodning I-II asrlariga kelib qadimgi Farg‘ona aholisining o‘troq dehqonchilik madaniyati yuqori darajaga ko‘tariladi. Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida Farg‘ona vodiysida bu davrga oid ko‘p sonli aholi manzilgohlari, qal’alar, qo‘rg‘onlar, ko‘hna shaharlar xarobalari aniqlangan. Aholi manzilgohlarini vodiyning turli hududlarida keng yoyilish sug‘orma dehqonchilik va irrigatsiya ishlarining yuqori darajada rivojlanishi natijasi edi. Davlatning siyosiy va madaniy rivojlanishida hunarmandchilikning markazi bo‘lgan qadimgi shaharlar ayniqsa katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Hunarmandchilikning rivojlanishi va qadimgi yo‘llarning mavjudligi tufayli Farg‘ona vodiysida Sharqiy Turkiston bilan olib borilgan tashqi savdo bilan bir qatorda, atrofdagi tog‘ vodiylarda yashovchi chorvador – ko‘chmanchi aholi bilan ham o‘zaro almashinuv rivojlanadi. Antik davr Farg‘ona yodgorliklarining ayrimlarida Xitoy tangalari uchrasa ham mahalliy tangalar uchramaydi. Bu hol natural xo‘jalik (mahsulot ayirboshlash) ustunlik qilganligidan dalolat beradi.
Tadqiqotchilarning fikricha, Davan davlati mil.avv. III – milodiy III asrlarda mavjud bo‘lgan bo‘lib, boshqaruv tizimiga ko‘ra podsholik hisoblangan. Aholining ko‘pchiligi shaharlarda istiqomat qilgan. Buyuk Ipak yo‘lining paydo bo‘lishi ham ushbu davlatning gullab-yashnagan davriga to‘g‘ri keladi. Xitoydan O‘rta er dengizigacha cho‘zilgan bu yo‘ldagi qit’alararo savdoda sharqiy Sug‘diyona chegaralaridan to Tan davridagi Xitoy imperiyasigacha bo‘lgan yo‘lning xavsizligini ta’minlashda, oziq-ovqat, yo‘l ko‘rsatuvchilar va tarjimonlar yetkazib berishda Davan davlati asosiy rol o‘ynagan. Olimlarning aniqlashicha, milodning II asr Farg‘ona davlati barham topdi va uning yerlari Kushon podsholigiga qo‘shib olindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |