Plastmassalar tarkibi.
Bog‘lovchi moddalar sifatida polimerlar-sintetik smolalar, kauchuklar, sellyuloza birikmalari ishlatiladi. Polimer bog‘lovchining turi plastmassalarning issiqqa bardoshlilik, kislota va ishqorlarga bardoshlilik, mustahkamlik va deformativlik va boshqa xossalarini belgilaydi.
Polimer bog‘lovchilar ishlab chiqarishda neft, toshko‘mir, tabiiy gazlar, o‘simlik dunyosi va boshqa organik moddalar ishlatiladi. Polimerlarni organik sintez qilish jarayonida havodan olinadigan azot, kislorod va boshqa gazlar ishlatiladi.
Polimerlar tannarxini belgilovchi omillar xomashyoning tannarxi va sintez jarayonining murakkablik darajasi hisoblanadi. Texnik taraqqiyotning rivojlanishi va organik sintezni mukammallashishi va arzonlashishi polimer bog‘lovchilar xossalarini yaxshilanishiga va tannarxining arzonlashishiga sabab bo‘ladi.
Kukun to‘ldirgichlar noorganik va organik xomashyo asosida olinadi. Ular tuzilishi jihatidan kukun va dispers tolasimon bo‘lishi mumkin. Dispers kukunlar sifatida kvars qumi, aluminiy, giltuproq, ohaktosh, dolomit va boshqa minerallardan maydalab olingan materiallar ishlatiladi.
Tolasimon to‘ldirgich sifatida shisha, asbest, bazalt, nitron, tekstil chiqindilari ishlatiladi. Qatlamli plastmassalar olishda qog‘oz, matolar, yog‘och shponi va boshqa yupqa qatlamli materiallar qo‘llaniladi. Kukun to‘ldirgichlar plastmassalar xossalarini yaxshilaydi va polimer bog‘lovchini tejaydi. Masalan, mineral kukunlar plastmassalarning issiqqa bardoshliligini, kimyoviy muhitlarga chidamliligini, tolasimon va matoli to‘ldirgichlar cho‘zilishdagi va egilishdagi mustahkamligini oshiradi.
Dispers (kukun) to‘ldirgichlar yuzasiga mexanik-kimyoviy aktivatsiya usulida ishlov berib plastmassalarning xossalarini keskin yaxshilashi mumkin. Bunda to‘ldirgich yuzasiga maydalanish jarayonida turli tuz birikmalari va gidrofob yoki difil sirt-aktiv moddalar va boshqa modifikatorlar bilan ishlov beriladi.
Plastifikatorlar polimer tarkibiga elastiklikni oshirish va mo‘rtlikni kamaytirish maqsadida kiritiladi. Plastifikatorlar sifatida dibutilftolat, kamfora, olein kislotasi, polivinilasetat, SGS-65 GP lateksi va boshqalar tavsiya qilinadi.
Qotirgichlar (katalizatorlar) plastmassa va boshqa kompozitsion polimer materiallar qotish jarayonini tezlashtiradi va yuqori mustahkamlikdagi mahsulotlar olishni ta’minlaydi. Qotirgichlar sifatida kislotalar va ishqorlar, orgono-mineral komplekslar va sh.k. ishlatiladi.
Qotirgichlar (katalizatorlar) polimerlar qotishi jarayonida reaksiyaga kirishib yangi modda hosil qilmasdan faqat jarayonni tezlashtirish xossasiga egadir. Ular qo‘llanilishi tufayli polimerlanish jarayonlari atmosfera bosimi va xona harorati sharoitida qisqa muddat ichida yuz beradi va mahsulot tannarxini keskin kamayishiga sabab bo‘ladi.
Stabilizatorlar plastmassa va boshqa kompozitsion polimer materiallarning vaqt bo‘yicha eskirishini oldini oladi. Ular plastmassalarni quyosh nuri, havodagi kislorod va boshqa gazlar, issiqlik va sh.k. muhitlar ta’siriga chidamliligini oshiradi.
Bo‘yoqlar plastmassalarga ma’lum rang beradi. Bo‘yoqlar sifatida organik moddalar (nigrozin, xriozoidin) va mineral pigmentlar (oxra, mo‘miyo, ultramarin, belila, umbra va boshq.) ishlatiladi.
Poroforlar (g‘ovak hosil qiluvchi) plastmassa tarkibida polimerlarni (ko‘paytirish) usulida yengil materiallar olish uchun xizmat qiladi.
Plastmassa va boshqa kompozitsion polimer materiallar tarkibi uchun komponentlarni to‘g‘ri tanlash va ular orasidagi mutanosiblikni saqlash ular asosida tayyorlanadigan buyum va konstruksiyalar xossalarini va ishlatilish sohalarini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |