2.Mavzu: «Ruhlar isyoni» dostonining bugungi kundagi ahamiyati
«Ruhlar isyoni» dostoni muallifi Erkin Vohidov .
«Ruhlar isyoni» dostoniga isyonkor bengal shoiri Nazrul Islom hayoti, fojiali qismati asos qilib olingan. «Otashin bengal shoiri Nazrul Islomning qahramonona va fojiali taqdiri ko’pdn meni hayajonga solib kelar, u haqda biron narsa yozish xalida yurardim», – deydi muallif. Shu maqsadda u shoir hayoti va ijodini astoyidil o’rgandi, shoir hayotiga oid faktlar bilan yaqindan tanishish niyatida Hindistonga bordi, shoir yashagan joylarda bo’ldi, shoirni shaxsan tanigan, bilgan kishilar bilan suhbat qurdi.
Ma’lumki, Nazrul Islom XX asr boshlarida chaqindek yaraqlab, she’riyatda o’chmas iz qoldirgan, isyonkor she’rlari bilan butun Hindiston yarim orolini larzaga solgan, hayotini Hindiston chet el mustamlakachilari zulmidan ozod etish ishiga, xalqlar birdamligi, erki, baxti yo’lida fido etgan dovyurak shoirdir. Tazyiq, hibs, qiynoqlar ostida shoirni hali o’ttiz beshga yetmagan navqiron yoshida, ayni ijodi qaynagan paytida es-hushidan ayiradilar. Oradan yillar o’tdi, shoir vatani Hindistonda katta o’zgarishlar yuz berdi. Nazrul Islom orzu qilgan kunlar keldi, mustamlakachilar yurtdan quvildi. Hindiston mustaqillik, tinchliksevarlik, ijtimoiy taraqqiyot yo’liga tushib oldi. Bir vaqtlar tahqirlangan, jabrlangan shoir hayotda o’rnini, qadrini topdi, el ardog’iga sazovor bo’ldi. Afsus, endi uning aql-hushi joyida emas, shu ahvolda u qirq yil ardoqda yashadi. Yurtidagi o’zgarishlarni, o’ziga ko’rsatgan ehtiromlarni sezmadi, bilmadi, uni tark etkan es-hush bir lahza bo’lsin qaytmadi.
Erkin Vohidov dastlab shoir boshidan kechgan shu hayajonli voqealarni hikoya qiluvchi bir she’riy qissa yozdi. Biroq bu asardan ko’ngli to’lmadi. «O’ylab qarasam, – deydi u, – unda men Nazrul Islom hayotiga oid ko’pchilikka tanish faktlarni shunchaki belletristik yo’lda sharhlash, hikoya qilib berish bilan cheklangan ekanman».
Shoir dostonni yozishdan kuzatgan maqsadi haqida shunday deydi: «Ruhlar isyoni garchi Nazrul Islomga bag’ishlangan bo’lsada, asar faqat otashin shoir hayoti ifodasidan iborat emas. Unda men shoir hayoti bahonasida o’zining, umuman, shoirlik, insonlik, fidoyilik, erk tashnaligi haqidagi, erkka tashna ijod ahlining zamonasi, xalqi bilan murakkab munosabati haqidagi, qolaversa, inson hayotining ma’nosi, hayotning ham shafqatsiz, ham adolatli, haqiqati haqidagi o’y mushohadalarimni kitobxon bilan baham ko’rishga intildim».
Doston haqsizlik va adolat, istibdod va erk orasidagi mangu kurashda iste’dod egasining o’rni haqidagi falsafiy mushohadalar bilan boshlanadi. Chin iste’dod egasining tabiati yaralishdan nohaqlikka, adolatsizlikka, istibdodga qarshi isyondir deb sanaydi muallif:
Shoir yurak –
Pok tilagi,
Imonidir basharning.
Armon to’la yurakdagi
Isyonidir basharning.
Nazrul Islom dunyoga shoir bo’lib, ya’ni davrining pok tilagi, imoni, armon to’la yurakdagi isyoni bo’lib tug’ildi. Milliy ozodlik bo’sag’asida turgan el-yurt shunday isyonkor shoirga mushtoj edi, «Zamon uning yonib turgan yuragini so’radi» Shoir hali tug’ilmasdan burun o’z yurtidan judo etilgan edi: el-yurti mustamlakachi zobitlar oyog’i ostida toptalib yotibdi. Jaholatda qolgan xalq zolim- zobitlarga qarshi turish o’rniga, hind-u musulmonga ajralib, bir-birining go’shtini yeyish, qirish bilan ovora. Muallif Hindiston tarixining shu qora kunlarinialam bilan qalamga olar ekan, yana shoir va uning fuqarolik burchi haqidagi bahsga ko’chib, deydi:
Har nechakim zo’r iste’dod,
Toshqin ilhom,
Xalqing yotsa chekib faryod,
Yaramasang kuniga.
Shoir esang,
Shoir bo’lib
Nega kelding hayotga?
Eling yotsa dardga to’lib,
Kelolmasang najotga?!
Ne shoirsang Tashbehlaring
Bormi asli keragi.
Bo’lmasa el g’ami – darding,
Yuraging – el yuragi?!
Shoirni, ayniqsa, faqat o’z joni tinchini o’ylandigan, jur’atsiz, qo’rqoq, munofiqlar aqidasi tashvishga soladi. Haqsizlikni ko’ra-bila tura indamaslik, layoqaydlik xiyonatdir. Fasus, u jaholat tufayli karaxt, ko’r-u karga aylangan olomon ta’qibiga uchraydi: shoirni g’alayonning sababkori deb ataydilar. Shu tariqa el uchun jonini, jahonni berishga tayyor fidoyi shoir el dushmaniga aylanadi, hibsga olinadi.
Dostondagi Nazrul Islom qismati, unga daxldor rivoyatlar, shoirning ehtiroslarga to’la o’y-mushohadalari bilan tanishar ekansiz, asarni yozishdan maqsad faqat bengal shoiri hayoti, Hindistonda kechgan voqealar, qadim rivoyatlarni hikoya qilishdan iborat emasligini sezib, his etib turasiz. Ayni paytda gap o’z ona yurtimiz, unig istilochilar istibdodi yillaridagi kechmishi, Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat kabi millatning asl fidoyi o’g’lonlari, ularning yurt ozodligi, mustaqilligi yo’lidagi kurashlari va bu kurashlar qanchalar qimmatga tushganligi – barchasi birma-bir ko’z oldingizdan o’tadi. XX asdrning 70-yillari oxirlarida yozilgan bu dostondagi isyonkorona kurashchan ruh Qodiriy, Cho’lpon, Fitratlarga xos el-yurt g’ami, erki, ozodligi yo’lida kuyib-yonishlar bu yillarda ham davom etganligini tasdiqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |