“Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha. Shoirlik qilmoqchi emasman, so‘zning to‘g‘risi shudir…”.
Bundan roppa-rosa bir asr muqaddam Fitrat tomonidan aytilgan bu fikrlar hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. O‘tgan asrda bir qator maʼrifatparvarlarimiz turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tili, o‘zbek imlosi haqida munozaralar olib bordi, matbuotlarda chiqish qildi. Bulardan ko‘zlangan maqsad shu ediki, tilimizning taraqqiy etishi, xalqni savodsizlikdan qutqarish, maʼrifatga chorlash… Abdurauf Fitrat tomonidan tuzilgan “Chig‘atoy gurungi”ning maqsad va maslagi ham shunday edi, aslida.
O‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir. Istiqlol yillarida ona tili haqiqiy maʼnoda davlat tiliga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda o‘zbek tilining xalqaro minbarlarda ham jarang sochayotganligi bizga cheksiz g‘urur va iftixor baxsh etadi.
Yangi O‘zbekistonda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” tamoyili asosida 3-renesansga qadam qo‘yayotgan bir vaqtda davlat tilining o‘rni va ahamiyatini alohida taʼkidlash joiz.
Hozirgi kundagi jamiyatimizning eng eʼtiborli masalalaridan biri, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida yangi tahrirdagi qonun loyihasidir. 1989–yil 21–oktabrda qabul qilingan hamda 1995–yil 21–dekabrda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan amaldagi qonundan ushbu qonun loyihasi tubdan farq qiladi.
Lingvistik adabiyotlarda til va jamiyat munosabati, tilning sotsial farqlanishi, jamiyatdagi lisoniy vaziyat, til ijtimoiyligi, til va ijtimoiy munosabatlar, ijtimoiy omillarning tilga taʼsiri, ikkitillilik va koʻptillilik, til siyosati, millat va milliy til muammolari sotsiolingvistikaning muhim vazifalari sanaladi. Shu jihatdan tilning sotsial farqlanishi turli maslak, turlicha kasb-kor, turfa aqliy-ruhiy imkoniyatdagi jamiyat aʼzolaridan tashkil topganidan kelib chiqadi va bunga mos ravishda har qaysi ijtimoiy guruhning faol hamda nofaol lugʻat tarkibi boʻladi. Jamiyat aʼzolarining hududiy mansubligi ham, tabiiyki, har xil. Binobarin, sotsial va hududiy dialektlar ijtimoiy guruhlarning maslak, kasb-kor, aqliy-ruhiy imkoniyat va hududiy kelib chiqishiga koʻra, tildan foydalanish tarzlaridir. Shu maʼnoda hozirgi zamon sotsiolingvistikasidan sotsial va hududiy dialektlarni shunchaki qayd qilish, lingvistik tabiatini tushuntirishgina emas, balki ulardan unumli foydalanish yoʻllarini koʻrsatish ham talab etiladi. Jamiyat aʼzolarining tilga munosabati, tildan qanday foydalanishi, jamiyatdagi oʻzgarishlarning tilga taʼsiri ham til ijtimoiyligidan begona emas. Oʻzbek tili tarixiy taraqqiyotida oʻzi mansub jamiyatning faol taʼsirida boʻlgan, oʻzbek turmushidagi oʻzgarishlar, mentalitetiga taʼsirlar tilda oʻz izini qoldirgan. Masalan, arab xalifaligi va islom taʼsirida arabcha birliklar oʻzlashgan, oʻzlashtirilgan. Yoki moʻgʻul hukmronligi moʻgʻulcha til unsurlari kirib kelishiga zamin boʻlgan.
Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev kun.uzga bergan intervyusida, bir yarim yil davomida 35 mingta holat o‘rganilgan bo‘lsa, 70 foizi xorijiy tillarda, yana 10 mingga yaqin eʼlon va peshlavhalar esa davlat tilida, ammo xato bilan yozilganligini, 30 mingga yaqin eʼlon va peshlavhalar davlat tiliga o‘zgartirilganligini taʼkidlaydi. Davlat tiliga oid masalalar bilan nafaqat Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, balki barchamiz masʼul bo‘lmog‘imiz lozim. Ayni masalada O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, uning huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi hamda Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan faoliyat olib borilmoqda.
E’tiboringiz uchun RAXMAT!
Do'stlaringiz bilan baham: |