Ota-onalarning huquq va majburiyatlari. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish
Ota-ona bilan bolalar o‘rtasida yuzaga keluvchi huquqiy munosabatlar tarkibida shaxsiy nomulkiy huquqiy munosabatlar ajralib turadi. Bola tarbiyasi ota-onaning shaxsiy huquqiy munosabatlarining asosiy obyektlaridan biri hisoblanadi. Ota-ona huquqining mohiyatiga va vazifalariga yaxlit majmua sifatida qaraydigan bo‘lsak, unda bola tarbiyasiga bo‘lgan huquq va burch ustuvor o‘rin egallaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi ota-onalik huquqlarini voyaga yetmagan ota-onalarga ham berilishini belgilaydi. Ular ham ota-ona huquqiy maqomiga ega bo‘lib o‘z bolalariga nisbatan huquq va majburiyatlarga egadirlar. Har bir ota-ona o‘z farzandlariga ism berish, ularni tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish, shuningdek, ularning shaxsiy hamda mulkiy huquqlarini himoya qilishda teng huquq va majburiyatlarga egadirlar.
Voyaga yetmagan ota-ona o‘z bolasi bilan birga yashash va uning tarbiyasida ishtirok etish huquqiga ega.
O‘zaro nikohda bo‘lmagan voyaga yetmagan ota-ona ulardan bola tug‘ilganda hamda ularning onaligi va (yoki) otaligi belgilanganda, o‘n olti yoshga to‘lishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar. Voyaga yetmagan ota-ona bilan birgalikda tarbiyalash uchun bolaga vasiy tayinlanishi mumkin. Bolaning vasiysi bilan voyaga yetmagan ota-ona o‘rtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.Voyaga yetmagan ota-ona o‘z otaligi va onaligini umumiy asoslarda e’tirof etish yoki unga e’tiroz bildirish huquqiga ega.
Ota-onaning asosiy vazifalaridan biri farzandini tarbiyalash bo‘lib, bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiysianing 64-moddasida shunday deyiladi: “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarini rag‘batlantiradi”. Shundan kelib chiqib, Oila kodeksining 73-moddasida mazkur Konstitutsiyaviy qoida yanada mustahkamlandi. Unda ota-onalarning o‘z bolalarini tarbiyalash huquqlari, shu bilan birga, ota-onalarning o‘z bolalarini tarbiyalash majburiyati ham belgilangan.
Shunday qilib, ota-onalik huquqlari bir yo‘la bolalarni tarbiyalash majburiyati ham hisoblanadi.
Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart. Ota-ona o‘z bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular o‘z bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari lozim.
Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustunlik huquqiga egadirlar.
Ota-ona bolalarining qonun hujjatlarida belgilangan zarur darajada ta’lim olishini ta’minlashi kerak.
Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ota-onaning huquq va majburiyatlari. Oila kodeksining 74-moddasi ota-onalar zimmasiga bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish majburiyatini yuklaydi.
Ota-onalar o‘z bolalarining qonuniy vakillaridir. Ularning har biri shunday huquqdan foydalanadi.
Ota-ona o‘z bolalarining vakillari bo‘lganligi uchun har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan bo‘lgan munosabatlarda, shu jumladan, sudda alohida vakolatsiz ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladilar. Voyaga yetmagan bolalarning fuqarolik va boshqa huquqlarini, qolaversa, qonuniy manfaatlarini har qanday suiiste’molliklardan saqlash vazifasi qonun yo‘li bilan bolalarning ota-onasi zimmasiga yuklatilgan, bu majburiyatni bajarish uchun ulardan alohida vakolatnoma talab qilinmaydi. Buning uchun bolaning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoki pasportini ko‘rsatishi yetarli, chunki bundan bolaning haqiqiy otasi yoki onasi ekanligi bilinib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |