Qoraqalpog`iston. Qoraqalpoq milliy liboslarini o`rganishda bir qator izlanishlar olib borilishi natijasida, A.S. Morozovaning ma`lumotlariga qaraganda, XX asrning boshlarida qoraqalpoqlar kiyim tikish uchun qo`lda to`qilgan matolardan hamda chetdan keltirilgan fabrika matolaridan foydalanishgan, ular asosan, paxta, ipak va jundan tayyorlangan matolar bo`lgan. Ko`proq uy kiyimlarini qo`lda to`qilgan matodan tikishgan, ko`chalik va bayram kiyimlarini esa fabrika matolaridan tikkanlar. Kiyimni tikish uchun ko`proq paxta tolasidan tayyorlangan chitning har - xil turlari, satin, bo`z, yo`l-yo`l matodan foydalanishgan. Ustki kiyimlar uchun esa, asosan qora rangli qalin matodan foydalanganlar. Bodom naqshi tushirilgan qizg`ish chit gazlama aydinli deb atalgan bo`lib, ayol va qizlarning sevimli matosi xisoblangan. Qoraqalpoq erkaklarining va ayollarining ustki kiyimi uchun to`q ko`k mato ustiga qizil chiziq tushirilgan, qo`lda to`qilgan gazlamadan kiyim kiyishgan. Gazlama qattiq bo`lishi va yaltirab turishi uchun unga yaxshilab ishlov berishgan. Qoraqalpog`istonda ipak to`qish rivojlanmaganligi sabali ipak gazlamalar qo`shni viloyatlardan, asosan, Xiva, Buxoro, Samarqand, Farg`onadan olib kelingan ipak matolaridan tikilgan kiyimlar kiyish qoraqalpoqlar orasida keng tarqalgan. Ipak matolarning eng tarqalgan turi pashshayi (qalin ipak) yashil - ko`k rangli naqshlar tushirilgan yoki yo`l-yo`l chiziq tushirilgan shoyi gazlamaning bir turi bo`lgan.26
Qoraqalpoq erkaklarining ham, ayollarining ham liboslari to`g`ri bichimda bo`lib, ular juda keng va uzun bo`lgan. An`anaviy kiyimlari bo`lgan choponlarning bichilishi, yaxlit old va ort bo`lak, yon bo`lak, yeng qismi qo`shimchalaridan iborat bo`lgan. Erkaklar choponida ayollarnikidan farqli ravishda yoqasi bo`lgan va ularga qaviqlar bilan ishlov berishgan.
Qoraqalpoq ayollarining liboslari – ko`ylak, kamzul, xalat va lozimdan iborat bo`lib, kamzul o`rniga ba`zida nimcha ham kiyib yurishgan.
Ayollar libosi yoshga qarab bir - birdan farqlangan bo`lishiga qaramay, biroq ularning libosidagi bezaklari yorqin qizil va ko'k rangli kashtalar va zargarlik bezaklarining ko'pligi bilan bir - birlarini o`zaro bog`lab turgan.
Ayollar ko`ylagi milliy bichimga ega bo`lib ular juda uzun va etaklari keng bo`lgan. XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib ko`ylaklar asta o`zgarib, to`g`ri bir xil bichimli, etaklari ham torayib yenglari uzun qo`l panjalarini berkitib turgan. Barcha qoraqalpoq ayollari bichish va tikishdan xabarlari bo`lib, kiyim bichishda qaychidan foydalanishmagan, matoni eni barobarida qo`lda yertib bichishgan.27 XIX asrning oxiriga kelib esa, eski bichim urfdan chiqdi va ayollar ko`ylagi bichimi o`zgarib bordi. Endilikda qoraqalpoq ayollar kiyimi: koʻylak (qoʻylek), dambal, kamzul, yengsiz koʻylak (jensiz), xalat, moʻynali kiyim (ishik), bosh kiyim (kiymeshek, sau-kele, doʻppi, turme) dan iborat edi. Ko`ylaklarda oldi qismi bel tomonga vertikal bo`ylab qirqilgan kaketka, tikyoqa va manjetli yenglar paydo bo`lib, bichimlar o`zgarganini ko`rishimiz mumkin.
XIX asr oxirlariga qadar keng ishlatilgan qadimiy qoraqalpoq liboslari orasida ko`k ko`ylek hamda ak jegde xaltasimon bosh yopinchiqlari turli yoshdagi ayollarning libos to`plamiga kirgan. Ak jegde – 1950 yillargacha an`anaviy liboslar tarkibida bo`lgan, ko`k ko`ylek esa XX asr boshiga kelib iste`moldan chiqqan.
Ak jegde - keksa qoraqalpoq ayollarining boshga tashlab oladigan yopinchig`i bo`lib, orqa tomonida uzun soxta yenglari bo`lgan va ular shoyi iplar yordamida bir – birlariga bog'langan. E`tiborli jixati shundaki, qoraqalpoqlar bu liboslarni tikuv mashinalari paydo bo`lganidan so`ng ham, uy sharoitida eski tunikasimon bichimda tikishni (yelka choksiz, yon yeng tomonga qiya qilib) davom ettirishgan. Liboslar polotnoli usulda to`qilib, shartli geometrik shakllarga ega kashtalar bilan bezatilgan.
Ko`k ko`ylek qizlar birinchi bor 15-16 yoshida bayramlarda, so`ng nikoh to`yida kiyadigan an`anaviy marosim libosining asosini tashkil etgan. To`ydan keyin kelinlar uni odamlar oldiga chiqqanida, farzandi tug`ilgunga qadar va emiziklik vaqtida ham kiyishgan. Shundan so`ng, ko`ylak oilaviy yodgorlik sifatida avaylab saqlangan.
Qoraqalpoqcha jegde Markaziy Osiyodagi barcha xalqlar orasida qadimdan mavjud ayollarning maxsus ustki libosidir. Jegde so`zining etimalogiyasi uyda to`qilgan oq matodan astarsiz tikilgan xalat (ular orasiga erkaklar kiyadigan xalatlar ham kiradi) – yagtak aktaiga borib taqaladi. Har ikki nom ham yagtak (forscha so`z bo`lib, “ bir qavatli ” demakdir).
Do'stlaringiz bilan baham: |