Mavzu: Optimal kvadratur va kubatur formulalarga hissa qo‘shgan olimlar. Ichma-ich joylashgan sharlar haqida teorema.
Reja:
Optimal kvadratur va kubatur formulalarga hissa qo‘shgan olimlar.
O‘zbekistonda S.L.Sobolevning shogirdlari.
Ichma-ich joylashgan sharlar.
Xulosa.
Optimal kvadratur va kubatur formulalarga hissa qo‘shgan olimlar.
Ma’lumki, 200 yil matematik analiz asosini Nyuton, Leybnis va Eylerlarning hisoblari egallab keldi. Ammo XX asrga kelib, klassik hisoblar taqsimotlar nazariyasiga aylantirildi. Zamonaviy matematik analizning asosiy markaziy ob’ektlariga Lebeg ma’nosidagi integrallar va Sobolev ma’nosidagi hosilalar kiritildi.
Lebeg bilan Sobolevlar hisolash matematikasi tarixiga integral va hosilalarga nisbatan yangicha qarashni olib kirishdilar. Ma’lumki, matematik talant ustozdan shogirdlariga o‘tadi. Bu bir shunday zanjirki, uning halqalari biri-biriga mahkam bog‘langan bo‘ladi va u matematik maktablarni bir-biriga bog‘lab turadi. Buni Sobolevning mashhur Eyler maktabidan kelib chiqqanida ko‘rish mumkin.
Akademik N.N. Luzin bu haqida shunday deydi: “Ilmiy maktab qancha qadimiy bo‘lsa, uning qadri shuncha baland bo‘ladi. Unda asrlar davomida saralanib, rivojlanib kelayotgan an’analar, udumlar, odatlar, ishlash usullari hozirgi zamon matematiklariga ham yetib keladi”.
Ma’lumki, S.L. Sobolev o‘zining diplom ishini P.L. Chebыshevning shogirdi N.M.Gyunter rahbarligida yozgan. S.L. Sobolev V.A.Steklovning shogirdi V.I.Smirnovni ham o‘zining ustozi deb hisoblagan.
1935 yilda S.L. Sobolev funksional analiz metodlarini matematik fizika tenglamalariga qo‘llab, o‘zining yangi nazariyasini yaratdi, ya’ni umumlashgan funksiyalar, umumlashgan hosila va Sobolev fazolariga asos soldi. S.L.Sobolevdan 10 yillar keyin fransuz matematigi Loran Shvars taqsimotlar nazariyasiga Fure almashtirishlarini kiritdi. S.L. Sobolev 1942 yilda atom proektida ish boshlaydi. Bu yerda, ya’ni 2- laboratoriyada, akademiklar I.V.Kurchatov, S.L.Sobolev, akademiyaning muxbir a’zolari I.K.Kikoin, Voznesenskiylar uran-235 va plutoniy-239 larni boyitib portlovchi qurol yaratish bilan shug‘ullanishdi. Bu ishlari uchun
S.L. Sobolev 1952 yilda Sotsialistik mehnat qahramoni unvoniga sazovor bo‘ladi. S.L. Sobolevning atom bombasini yaratishdagi asosiy xizmati bu juda katta hisob-kitob ishlarini bajarishga rahbarlik qilganligi bo‘ldi. Shu davrda uning qo‘l ostida 200 dan ortiq faqat qizlar hisob-kitob ishlarini bajaradi.
Professor M.D.Ramazonov ustozi S.L.Sobolevdan so‘ragan ekanlar “Nega aynan siz?” - deganlarida, u quyidagicha javob bergan ekan “Boshqalar ham bo‘lishi mumkin edi, lekin men bu ishni juda yaxshi bajardim”. Atom proekti S.L.Sobolevning ilmiy va shaxsiy potensialini juda boyitib yubordi. Umrining oxirigacha uning ilmiy izlanishlarida hisoblash matematikasi yuksak o‘rin egallagan.
S.L.Sobolev 1952-1960 yillarda MGU ning o‘zi tashkil qilgan hisoblash matematikasi kafedrasini boshqargan. Sibirda esa matematika institutini boshqargan. Shu yillarda u o‘zining kubatur formulalar nazariyasini yaratdi.
Ko‘pchilikka ma’lumki, S.L.Sobolev O‘zbekistonda funksional analiz yo‘nalishini rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.
U 1967 yilda O‘zR FA “Kibirnetika” instiutida “Integrallarni taqribiy hisoblash” laboratoriyasiga asos solgan. Bu laboratoriyaning birinchi mudiri, S.L.Sobolevning shogirdi, professor G‘.N.Salixov bo‘lgan. Ushbu laboratoriyani 1976-1995 yillarda dunyoga mashhur olim N.P.Romanovning shogirdi, professor M.I.Isroilov boshqargan, hamda 1995-2019 yillarda S.L.Sobolevning shogirdi, professor X.M.Shadimetov boshqargan. Bu laboratoriyani 2019 yildan shu kungacha S.L.Sobolevning nevara shogirdi, professor A.R.Hayotov boshqarib kelmoqda. S.L.Sobolev rahbarligida doktorlik dissertatsiyalarini G‘.N.Salixov va X.M.Shadimetovlar, nomzodlik dissertatsiyalarini Z.J.Jamalov, T.X.Sharipov va I.I.Jalolovlar himoya qilganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |