oliy ta’lim muassasalari kafedralari — biriktirilgan tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, professor-o‘qituvchilarni va iqtidorli talabalarni ta’lim jarayoniga jalb etish, mahorat darslari, to‘garaklar va yozgi maktablar tashkil etish;
xo‘jalik birlashmalari, ishlab chiqarish korxonalari va klasterlar — biriktirilgan kimyo va biologiya yo‘nalishlariga tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, “ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish va o‘quvchilarga kasbiy ta’lim berishga ko‘maklashish;
Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda xo‘jalik birlashmalari, ishlab chiqarish korxonalari va klasterlar — biriktirilgan oliy ta’lim muassasalarida kimyo va biologiya yo‘nalishlarida samarali o‘quv jarayonini ta’minlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga erishish, soha yetuk mutaxassislari rahbarligida diplomoldi amaliyotlarni o‘tash, talaba va professor-o‘qituvchilarni laboratoriyalardan foydalanish va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish uchun sharoit yaratish, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishda amaliy rahbarlikni amalga oshirish, ilmiy ish natijalarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish borasida hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda, biriktirilayotgan tashkilotlar tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy va professional ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalarini darsliklar, laboratoriya jihozlari va uskunalar bilan ta’minlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish va stajirovka o‘tashini tashkil etish, ularning mehnatini rag‘batlantirish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, o‘quvchilarni xalqaro nufuzli olimpiadalarda qatnashish va boshqa xarajatlarini qoplashda yaqindan ko‘maklashadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda biriktirilayotgan xo‘jalik birlashmalarining kuzatuv kengashlarida biriktirilgan tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy va professional ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga biriktirilayotgan xo‘jalik birlashmalari tomonidan ajratiladigan mablag‘larning miqdorlariga hududdagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda yillar kesimida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini qo‘shimcha moliyalashtirish, ularni jihozlash, o‘qituvchilarga ustama haq to‘lash hamda kimyo va biologiya fanlarini o‘qitish bo‘yicha boshqa tadbirlarni moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan maxsus jamg‘armalar tashkil etilsin.
Quyidagilar maxsus jamg‘armalarning mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Davlat budjeti mablag‘lari;
har bir hudud uchun kamida 1 milliard so‘m (jami 14 milliard so‘m) miqdoridagi mahalliy budjet mablag‘lari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qo‘shimcha manbalari va budjetdan tashqari mablag‘lari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Xalq ta’limi vazirligi:
a) 2020/2021 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kimyo va biologiya fanlariga qiziqishi bo‘lgan o‘quvchilar uchun tajriba-sinov sifatida joriy etilayotgan tabiiy fanlar yo‘nalishidagi variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalarini bosqichma-bosqich o‘quv jarayonida foydalanishni yo‘lga qo‘ysin, shuningdek, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tabiiy fanlar o‘quv dasturlarida amaliy mashg‘ulotlarning ulushini ko‘paytirish choralarini ko‘rsin;
b) Agentlik, Moliya vazirligi va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktablarning kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilarining bilimi va pedagogik mahoratini baholash va saralab olingan nomzodlarning malakasini oshirish rejasini tasdiqlasin.
Belgilansinki, o‘tkazilgan baholash natijalaridan kelib chiqib ixtisoslashtirilgan maktablarga va ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilari hamda rahbar kadrlari (direktor va ixtisoslashgan fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari)ning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdori 2021-yil 1-yanvardan boshlab 50 foizgacha oshirilsin.
Agentlik, Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilari hamda rahbar kadrlari (direktor va ixtisoslashtirilgan fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari)ning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan ustama haq to‘lash tartibini ishlab chiqsin va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlasin.
7. Davlat test markazi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Fanlar akademiyasi va “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda 2021-yil 1-fevralga qadar Kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini (keyingi o‘rinlarda — Milliy sertifikatlash tizimi) joriy qilsin.
Milliy sertifikatlash tizimi doirasida quyidagilar belgilansin:
kimyo yoki biologiya fanlarini bilish darajasini aniqlash va bu to‘g‘risida milliy malaka sertifikatlarini (keyingi o‘rinlarda — milliy sertifikat) berish belgilangan tartibda Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi;
kimyo yoki biologiya fanlarini bilish darajasini aniqlash tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi;
imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega umumta’lim maktab, akademik litsey va kasb-hunar maktabi o‘quvchilari davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda unga tegishliligiga ko‘ra kimyo yoki biologiya fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.