Adabiyotshunoslikka doir manbalarda inson obrazi tushunchasi personaj termini bilan ifodalanadi. Personaj (lot. Persona – shaxs, teatr maskasi) deganda badiiy adabiyotdagi inson obrazi, adabiy asardagi voqea ishtirokchisi, his-kechinma va nutq subyekti tushiniladi.Asarda qimirlagan inson obrazi – katta kichikligi, syujetdagi ishtiroki, asar strukturasida tutgan o‘rnidan qat’i nazar – hammasi personaj. Sababi, bu termin qahramon, ishtirok etuvchi, xarakter terminlari bilan bitta sinonomik qatorni tashkil qiladi va neytral ma’nosi bilan dominanta vazifasini o‘taydi. Shu bois personaj terminini ularning o‘rnida bemalol qo‘llash mumkin, aksicha qo‘llash esa xato bo‘ladi. Chunki bu terminlar o‘zining asardagi mavqeyi tashiyotgan g‘oyaviy-badiiy yuk zalvori, syujet voqealardagi ishtiroki, umumlashtirish darajasi kabi jihatlardan farqli inson obrazlarini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |