3. Nomoddiy aktivlar hisobini yuritish
Nomoddiy aktivlar — bu moddiy-ashyoviy ko‘rinishga ega bo‘lmagan, bir yildan ortiq foydali xizmat muddatiga ega bo‘lgan va bank xizmatlarini ko‘rsatishda yoki ma’muriy maqsadlarda foydalaniladigan nomonetar, identifikatsiyalanadigan aktivlardir.
Nomoddiy aktivlarga patentlar, mualliflik huquqlari, gudvill (goodwill), savdo markalari, kompьyuter dasturiy ta’minoti, litsenziyalar va shu kabilar kiradi.
Agar dasturiy ta’minot tegishli uskunaning tarkibiy qismi hisoblansa, u moddiy aktiv sifatida qaraladi. Agar dasturiy ta’minot tegishli uskunaning tarkibiy qismi hisoblanmasa, u nomoddiy aktiv sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti 9-sonli BHS “Nomoddiy aktivlar” O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq budjet tashkilotlari, davlat maqsadli va boshqa budjetdan tashqari jamg‘armalarning nomoddiy aktivlar hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
Standartning maqsadi boshqa standartda aniq ko‘rsatmalar mavjud bo‘lmagan nomoddiy aktivlar hisobini aniqlashdan iborat.
Tashkilotlar nomoddiy aktivni faqatgina muayyan mezonlarga muvofiq hisobga olinishi, ularning balans qiymatini hisoblashi va nomoddiy aktivlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etilishini ta’minlashi lozim.
Nomoddiy aktivlarni ta’rifi aktivdan faoliyatda foydalanilishi va u moddiy qiymatga ega bo‘lmasligini talab qiladi. Agarda moddiy mohiyatga ega bo‘lmagan (pul mablag‘lari ko‘rinishida bo‘lmagan) aktivlar yuridik huquqlar, jumladan mulk huquqi bilan o‘zaro munosabatda bo‘lishi mumkin bo‘lgan va ulardan uzoq muddat davomida foydalanilgan taqdirda nomoddiy aktivlar ta’rifiga javob beradi.
Aktivlarni buxgalteriya hisobiga nomoddiy aktivlar sifatida qabul qilishda bir vaqtning o‘zida quyidagi shartlar bajarilishi kerak:
moddiy-ashyoviy tuzilishga (shaklga) ega bo‘lmasligi;
aktivlardan mahsulot ishlab chiqarishda, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatishda yoxud korxonaning ma’muriy va boshqa funksiyalari uchun uzoq muddat, ya’ni davomiyligi 12 oydan yuqori foydali xizmat muddati yoki agar u 12 oydan oshadigan bo‘lsa, oddiy operatsion sikl mobaynida foydalanish. Bunda aktivning qiymati bir birlik (komplekt) uchun O‘zbekiston Respublikasida belgilangan (xarid qilish paytida) eng kam ish haqi miqdorining kamida ellik baravarini tashkil qiladi;
tashkilot ushbu aktivni keyinchalik qayta sotishni mo‘ljallamaydi;
ishonchlilik, ya’ni tashkilotda aktiv va unga bo‘lgan mutlaq huquqning mavjudligini tasdiqlovchi tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlarning (patentlar, guvohnomalar, boshqa muhofaza qiluvchi hujjatlar, patent, tovar belgisidan voz kechish (sotib olish) shartnomasining) mavjudligi;
identifikatsiya qilish imkoniyati.
Nomoddiy aktivlar hisobini yuritishda quyidagi holatlar Standart talablariga tatbiq etilmaydi:
boshqa standartlar talablariga javob beradigan aktivlar;
neft, tabiiy gaz va shunga o‘xshash qayta tiklanmaydigan foydali qazilma resurslarini qazib olish va ishlab chiqarish xarajatlari;
qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilangan huquqlar va vakolatlar;
sotish uchun mo‘ljallangan uzoq muddatli nomoddiy aktivlar;
iqtisodiy foyda keltirmaydigan madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan nomoddiy aktivlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |