Rangli va nodir metallar. Rangli va nodir metallar, ular jumlasiga mis, qalay, qo‘rg‘oshin, volfram, litiy, alyuminiy xom ashyosi, alunitlar, kaolinlar, stronsiy va uranni kiritish mumkin. O‘zbekistonda bu mineral xom ashyolarning yirik zahiralari mavjud. O‘zbekistonda mis chiqaruvchi asosiy korxona Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinatidir. Mis konlari mis-porfir formatsiyasiga mansub bo‘lib, O‘rta Tyanshan, ayniqsa Qurama tog‘lari uchun xosdir. Olmaliqda uning Qalmoqqir, Saricheka, Dalniy, Qizota konlari bor. Volfram, molibden, qalay, vismut, simob va surmaning Janubiy Tyanshan va O‘rta Tyanshan tog‘ tizilmalariga kiradigan Qoratepa, Langar, Qo‘ytosh, Ingichka, Yashton, Sargardon va boshqa konlari bor. 20 ta molebdenli formatsiya va ularning turlari aniqlangan. Vismut ruda konlari Chotqol-Qurama tog‘larida topilgan. Mishyak-vismut, mis-vismut formatsiyalari O‘rtasaroy, Burchmullada topilgan. Simob-surma sanoat-rentabel konlarining uchramaganligi uchun qazib chiqarilmas edi. Ularning ko‘plab konlari aniqlangan. Ular kelgusida sanoat ob’ekti bo‘lishi mumkin. Istiqbolli konlar Janubiy Farg‘onada topilgan. U yerda 100 dan ortiq simob va 10 dan ortiq surma turlari bor.
Qora metallar asosan temir, titan, marganes va xromdan iborat bo‘lib, ularning bir necha yuz konlari mavjud. Turli genetik tipdagi temir konlari va ruda to‘plamlari, magnit anomaliyalari bor. Ular Tepabuloq titan-magnetik koni, Surenota, Shabrez, Mingbuloq va boshqa konlardir. Marganesning cho‘kindi konlari Zarafshon, Zirabuloq, Qoratepa, Lolabuloq va boshqa tog‘larda, respublikaning shimoliy va shimoli-sharqiy qismida, gidrotermal to‘plamlari Chotqol tog‘larida
joylashgan. Xrom konlari ofiolit mintaqalari bilan bog‘liq bo‘lib, Qizilqum Farg‘ona ofiolit belbog‘ida, Tomditog‘ va Sulton-Uvays rayonlarida ko‘proq uchraydi.
O‘zbekistonda temir va marganesning katta miqdordagi zahiralari ma’lum. Ammo
foydalanishga topshirilgan konlari hali yo‘q. Tayyor mahsulot (stanoklar, mashinalar, trubalar va metallprokat va boshqa) ko‘rinishdagi qora metallarga respublikaning 90 foiz ehtiyoji sobiq ittifoqdosh davlatlar hisobiga qondirilgan. Bekaboddagi o‘zbek metallurgiya zavodi metallom hisobiga ishlaydi. Mustaqillik tufayli respublikaning o‘z temir ruda bazasiga ega bo‘lishi taqazo etilmoqda. Shuni hisobga olgan holda Samarqand, Qoraqalpog‘iston va Markaziy Qizilqum geologikiqtisodiy rayonlarida temir va marganes ruda konlari qidirib topish ishlari jadal olib borilmoqda.
Nometall qazilma boyliklar. Bu turdagi mineral xom ashyolarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: tog‘-ruda xom ashyosi, tog‘-kimyo xom ashyosi, qurilish materiallari, yer osti suvlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |