Mavzu: Markaziy Osiyo falsafiy tafakkurida ma’naviyat masalalari
Reja:
Qadimgi Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviyatining shakllanish jarayonlari
Markaziy Osiyo falsafiy tafakkurida ma’naviyat va ma’rifat masalalari
Qadimgi Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviyatining shakllanish jarayonlari
Jahon ma’naviyati va ma’rifatining rivojiga jamiki xalqlar baholi qudrat o‘z ulushlarini qo‘shganlar. Ammo bunda SHarq mamlakatlari, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlarining qo‘shgan hissasi alohidadir.
Markaziy Osiyo jahonning ilmu fan, falsafa, din, adabiyot va san’at qadimdan rivojlangan, tarixi, ma’naviyati nihoyatda boy mintaqalardan biridir.
Bir necha ming yilliklarda shakllangan Markaziy Osiyo xalqlari milliy ma’naviyati takomil bosqichlari mazkur o‘lkada yuz bergan madaniy rivojlanish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ushbu sahnda yuz beruvchi ma’naviy hodisa sanaladi. Xalqimiz madaniy-ma’naviy taraqqiyoti o‘ta murakkab tarixiy silsilalar, o‘zgarishlar va hodisalar majmuini tashkil etadi.
Ana shu murakkab va ko‘p ming yillik ma’naviy takomilimiz jarayonidan asosiy bo‘g‘inlarni ajratib olishimiz lozim. Busiz milliy ma’naviyatimiz rivojlanishi bosqichlari haqida fikr yuritib bo‘lmaydi.
Ko‘pgina tadqiqotchilarning bu boradagi fikrlarini o‘rganib, milliy ma’naviyatimizning bir necha ming yillik tarixini besh davrga ajratib ko‘zdan kechirishni ko‘p jihatdan maqbul bildik:
Islomgacha milliy ma’naviyatimiz taraqqiyoti.
Ilk SHarq uyg‘onish davri (IX-XII asrlar)da ma’naviyat va ma’rifat rivoji.
Amir Temur va temuriylar sulolasi davrida (so‘nggi uyg‘onish davri) ma’naviy-ma’rifiy takomil masalalari.
Xonliklar, mustamlakachilik va qaramlik sharoitida ma’naviyat.
Mustaqillik va ma’naviy poklanish, ma’naviy tiklanish va ma’naviy rivojlanish masalalari.
Bu davrlar o‘z ichiga olgan tarixiy davrlar muddatiga ko‘ra aslo teng emas. Biz nazarda tutgan birinchi davr bir necha ming yillarni qamrab olsa, ikkinchi davr IX-XII asrlarni, uchinchi davr XIV asrning ikkinchi yarmi va XVI asrlarni, to‘rtinchi davr esa XVII dan XX asrning so‘nggi o‘n yilligiga qadar bo‘lgan davrni qamrab olganligi bilan ajralib turadi.
Mazkur mavzuda Islomgacha ma’naviyatimiz takomili, mazmuni va mohiyati haqida fikr yuritamiz. Islomgacha bo‘lgan milliy ma’naviyatimiz va uning takomillashishi haqidagi eng muhim manbalar guruhini to‘rtga bo‘lish mumkin. 1.Zardushtiylikning “Avesto” kitobi va turkiy bitiklar (yozuvlar). 2. Qadim SHumer, Bobil, Ashshur, qadim Misr, YUnon, Hind, Xitoy manbalari va Eron shahanshohlaridan qolgan toshbitiklar. 3. Arxeologik yodgorliklar – moddiy ashyolar va turli inshootlar. 4. Xalq og‘zaki va yozma adabiyot namunalari, urf - odat va marosimlar, o‘yinlar, bayramlar va boshqalar.
Bizning eng qadimiy ajdodlarimiz ma’naviyati va ma’rifati haqidagi ma’lumotlar asrlardan asrlarga o‘tib hozirgacha saqlanib qolgan xalq og‘zaki ijodi namunalari: mif, afsonalar, rivoyatlar, dostonlar va qadimiy yozuvlarda saqlanib kelayotir.
Avlodu ajdodlarimizning qadim ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, urf-odatlari, an’analari, tili, tarixi, madaniyati va ma’naviyatini badiiy-falsafiy jihatdan o‘ziga xos tarzda aks ettiradigan og‘zaki ijodiyoti nihoyatda boy va xilma-xildir. Miflar, afsonalar, qahramonlar to‘g‘risidagi dostonlar, to‘y-hashamlarda, xalq yig‘inlarida, bayramlarda, marosimlarda, safarlarda, mehnat jarayonida aytilgan ashula-qo‘shiq va laparlar, marsiyalar, lirik she’rlar, maqol va matallar, masal va topishmoqlar xalqimiz og‘zaki ijodiyoti madaniyati va ma’naviyatining eng qadimgi va uzoq tarixga ega bo‘lgan sohalaridir.
Tarix qa’ridan, necha-necha o‘tmish dalg‘ovli davrlardan bizgacha eson-omon etib kelgan miflar, afsona va rivoyatlar, dostonlar, ertak, maqol va qo‘shiqlar, yozma yodgorliklar o‘tmishning shunchaki bir aks sadosi emas, balki ajdodlarimiz ko‘nglidagi qayg‘u-hasrat va quvonchu shodlikning yo‘ldoshi, uning bilim qomusi, diniy, falsafiy, ma’naviy boyligi hamdir. Ular kishilarni mehnatni sevishga o‘rgatgan, tabiatning xatarli kuchlariga qarshi kurashish va ularni oldini olishda odamlarga yordam bergan, olamda ro‘y berib turadigan murakkab hodisalar va jarayonlar sir-asrorlarini bilib olishga undagan, insonlarning fikri, tafakkuri va hayotini o‘tmishdan kelajakka tomon tortgan, hayotni sevishga da’vat etgan.
Xalqimizning o‘ziga xos turmush tarzi, tafakkur va dunyoqarashi, hayotga, voqelikka munosabatining ifodasi bo‘lgan bunday xalq og‘zaki ijodi namunalari, milliy mafkuramiz oziqlanadigan manbalardir.1 Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy mif va afsonalari turli mavzularda bo‘lgan. CHunonchi kosmogonik miflar, hayvonlar va qushlar haqidagi miflar, xudolar va afsonaviy qahramonlar haqidagi miflar bo‘lib, ularda yaxshilik, baxt-saodat, quyosh nuri va issiqlik – yomonlik, baxtsizlik, zulmat va dahshatli sovuqqa qarama-qarshi qo‘yilgan. SHu asosda baxt o‘lkasi va baxtsizlik o‘lkasi degan miflar yuzaga kelgan. YAxshilik va yomonlik kuchlari o‘rtasidagi kurash mifologik obrazlar Mitra, Anaxita, Kayumars, Yima(Jamshid), Elikbek va boshqalar timsolida mujassamlashtirilgan. Bular haqidagi miflar zardushtiylikning “Avesto” kitobiga ham kirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |