2.3. Respublikamizda jismoniy ta’lim jarayonida pedagogik va axborot texnologiyalarini qo’llash
Respublikamizda jismoniy ta’lim jarayonida pedagogik va axborot texnologiyalarini qo’llashga doir keng ko’lamda ish olib borilmoqda. Ushbu muammoning ilmiy-nazariy asoslari, har bir pedagogik texnologiyaning o’ziga xos jihatlari ishlab chiqilib, etarli darajada tajribalar to’plandi.
Interfaol metodlar ortiqcha ruhiy va jismoniy kuch sarflamay, qisqa vaqt ichida yuksak natijalarga erishish maqsadini nazarda tutadi. Dars mobaynida ma’lum nazariy bilimlarni kursantlarga etkazish, unda ayrim faoliyat yuzasidan ko’nikma va malaka hosil qilish, ma’naviy sifatlarni shakllantirish, kursant bilimini nazorat qilish hamda baholash pedagogdan yuksak mahorat va tezkorlik talab qiladi. Bu borada pedagog darslarda foydalanishi mumkin bo’lgan ayrim pedagogik vositalar: ta’kidlovchi savollar bunda kursantning bergan savoliga qarab, uning fikrlash darajasini aniqlash mumkin. Pedagog alternativ, kursantni faollikka chorlovchi savollar orqali sinfda ijodkorlik, izlanuvchanlik, qiyoslash, o’xshashlik va farqini topish singari xususiyatlarni rivojlantiruvchi muhitni yaratadi.
Shuningdek, mashg’ulotning samaradorligini oshirish uchun amal qilinishi kerak bo’lgan quyidagi qoidalarning ham ahamiyati katta:
· dars qoldirmaslik va kech qolmaslik;
· aniq maqsad qo’yish va unga erishish;
· vaqtdan unumli foydalanish;
· fikrni bo’lmaslik;
· eshita olish, savol berish madaniyatiga rioya qilish;
· o’zgalar fikrini hurmat qilish;
· o’zaro hurmat;
· ma’suliyatli bo’lish;
· faollik, ijodkorlik va bunyodkorlik;
· kayfiyatni mo’’tadil saqlash;
· tashkilotchi va tashabbuskor bo’lish;
· fikrini qisqa, aniq va ravon ifoda etish;
· o’zaro hurmat, hayrixohlik, xamdardlik, yordam ko’rsatish.
Hozirgi davr talabidan kelib chiqqan holda kursantlarni o’z-o’zini tarbiyalaydigan, o’zi mustaqil izlanib, bilimlarni egallaydigan darajaga olib chiqish asosiy vazifa hisoblanadi.
Chunki, bugungi davrda zamonaviy pedagogika ilgari surayotgan bilimlarda kelajak odamining quyidagicha portretini tasvirlaydi:
o’zgaruvchan hayotiy vaziyatlarga tezda moslasha oladigan;
unga kerakli bo’lgan bilimlarni mustaqil ravishda o’zlashtira oladigan;
turli xil muammolarni hal qilish uchun bilimlarini amaliyotda mohirona qo’llay oladigan;
mustaqil tanqidiy fikrlay oladigan;
axborot bilan savodxonlik bilan ishlay oladigan;
muloqotga kirishuvchan, turli xil ijtimoiy guruh vakillari bilan munosabatga kirisha oladigan;
turli xil vaziyatlarda ham birgalikda ishlay oladigan bo’lishi darkor.
Bugungi kunda mamlakatimizda mutaxassislarning ilmiy salohiyatini birlashtirishga imkoniyatlar etarli darajada. Zamonaviy pedagogik texnologiyani harbiy pedagogika fanining alohida tarmog’i sifatida yoki faqat harbiy ta’lim amaliyotini maqbullashtirishga yo’naltirilgan tizim deb qarash mumkin emas. Zamonaviy pedagogik texnologiya bu sohadagi nazariy va amaliy izlanishlarni birlashtirish doirasidagi faoliyatni aks ettiradi. Avvalo, zamonaviy pedagogik texnologiya nimani anglatadi?
1. Zamonaviy pedagogik texnologiya harbiy o’quv-tarbiya jarayoni uchun loyihalanadi va belgilangan maqsadni echishga qaratiladi. Harbiy sohaharbiy xizmatchini shakllantirish maqsadini aniq belgilab beradi va shunga mos holda ma’lum bir pedagogik tizim mavjud bo’ladi. Bu tizimga uzluksiz ravishda ijtimoiy buyurtma o’z ta’sirini o’tkazadi va harbiy ta’lim-tarbiya maqsadini umumiy holda belgilab beradi. Maqsadi esaharbiy pedagogik tizimning qolgan elementlarini o’z navbatida yangilash zaruratini keltirib chiqaradi.
2. Bugungi kunda fan-texnikaning rivojlanishi bilan inson faoliyati chegarasi nihoyatda kengayib boryapti, harbiy sohaga yangi texnologiyalar kirib kelmoqda.
Sifat o’zgarishlari shundan dalolat beradiki, endilikda yangi metodikalarni talab etadigan va harbiy ta’lim jarayonining ajralmas qismiga aylanib borayotgan, unga o’zining ma’lum xususiyatlarini joriy etadigan yangi texnikaviy, axborotli, audiovizual, audial vositalar ham mavjud bo’lib, ular zamonaviy pedagogik texnologiyalarni real voqelikka aylantirdi.
Zamonaviy pedagogik texnologiya mohiyat-e’tibori jihatidan boshqa texnologiyalar bilan bir safda turadi, chunki ular ham boshqalari qatori o’z xususiy sohasiga, metodlari va vositalariga egadir. Biroq zamonaviy pedagogik texnologiya inson ongi bilan bog’liq bilimlar sohasi sifatida murakkab va hammaga ham tushunarli bo’lmagan pedagogik jarayonniifoda etishi bilan ishlab chiqarish va axborotli texnologiyalardan ajralib turadi. Uning o’ziga xos xususiyati – tarbiya komponentlarini mujassamlashtirganidir.
Zamonaviy pedagogik texnologiya harbiy sohadagi texnologik jarayonlar bilan uzluksiz boyib boradi va an’anaviy o’quv jarayoniga, uning samarasini oshirishga ta’sir ko’rsatishning yangi imkoniyatlarini egallab oladi. Harbiy o’quv-tarbiyaviy jarayonni texnologiyalashtirish tarixiy voqelik va jarayondir. Axborotlashtirish bu jarayondagi inqilobiy burilish va uning muhim bosqichidir. Oddiy til bilan aytganda, ta’lim tizimida axborot texnologiyasi – bu «kursant–kompyuter» o’rtasidagi muloqotdir.
Axborotli texnologiya pedagogik texnologiyaning tarkibiy qismi bo’lib, u ta’lim jarayonida texnik vositalarning mukammallashgan zamonaviy turi sifatida qo’llana boshlandi. Axborot texnologiyalari insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida ham mavjud bo’lgan. Hozirgi zamon axborotlashgan jamiyatining o’ziga xos xususiyati shundaki, «tsivilizatsiya tarixida birinchi marta bilimlarga erishish va ishlab chiqarishga sarflanadigan kuch energiya, xom-ashyo, materiallar va moddiy iste’mol buyumlariga sarflanadigan xarajatlardan ortiq bo’ldi, ya’ni axborot texnologiyalari barcha mavjud texnologiyalar va xususan, yangi texnologiyalar orasida etakchi o’rin egallamoqda.
Harbiy ta’lim metodlarini tanlashda har bir darsning didaktik vazifasidan kelib chiqib tanlash maqsadga muvofiq sanaladi. An’anaviy dars shaklini saqlab qolgan holda, unga turli-tuman ta’lim oluvchilar faoliyatini faollashtiradigan metodlar bilan boyitish ta’lim oluvchilarning o’zlashtirish darajasining ko’tarilishiga olib keladi. Buning uchun dars jarayoni oqilona tashkil qilinishi, ta’lim beruvchi tomonidan ta’lim oluvchilarning qiziqishini orttirib, ularning ta’lim jarayonida faolligi muttasil rag’batlantirilib turilishi, o’quv materialini kichik-kichik bo’laklarga bo’lib, ularning mazmunini ochishda aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, bahs-munozara, muammoli vaziyat, yo’naltiruvchi matn, loyiha, rolli o’yinlar kabi metodlarni qo’llash va ta’lim oluvchilarni amaliy mashqlarni mustaqil bajarishga undash talab etiladi.
Bu metodlarni interfaol yoki interaktiv metodlar deb ham atashadi. Interfaol metodlar deganda - ta’lim oluvchilarni faollashtiruvchi va mustaqil fikrlashga undovchi, ta’lim jarayonining markazida ta’lim oluvchi bo’lgan metodlar tushuniladi. Bu metodlar qo’llanilganda ta’lim beruvchi ta’lim oluvchini faol ishtirok etishga chorlaydi. Ta’lim oluvchi butun jarayon davomida ishtirok etadi. Ta’lim oluvchi markazda bo’lgan yondoshuvning foydali jihatlari quyidagilarda namoyon bo’ladi:
ta’lim samarasi yuqoriroq bo’lgan o’qish-o’rganish;
ta’lim oluvchining yuqori darajada rag’batlantirilishi;
ilgari orttirilgan bilimning ham e’tiborga olinishi;
o’qish shiddatini ta’lim oluvchining ehtiyojiga muvofiqlashtirilishi;
ta’lim oluvchining tashabbuskorligi va mas’uliyatining qo’llab-quvvatlanishi;
amalda bajarish orqali o’rganilishi;
ikki taraflama fikr-mulohazalarga sharoit yaratilishi.
Hozirgi ta’lim jarayonida qo’yiladigan talablar va kursantlarda darsga qiziquvchanlikni oshiradigan, uni yangilik elementlari bilan boyitish uchun nima qilish kerak?
Hozirgi zamon harbiy ta’lim-tarbiya tizimi faqat insoniyat aniqlagan bilimlarni o’zlashtirishnigina emas, balki jamiyat endi hal qilishi hamda bunda bugungi kursant qatnashishi lozim bo’lgan masalalar bilan tanishishni ham talab qiladi. Bunday masalalar kosmosni o’zlashtirish, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish, cho’llarni hosildor erlarga va bog’-rog’larga aylantirish, qishloq xo’jaligini intensivlashtirish va hokazolardan iborat bo’lishi mumkin.
Harbiy tizim va fanning hamma sohalarida juda katta burilishlar ro’y bermoqda va har bir pedagog o’zining tarbiyalanuvchilarini o’zi o’qitadigan fan sohasi bo’yicha navbatdagi qayta qurilishlar va erishilgan yutuqlar bilan keng tanishtirishi kerak. Bu ishni kursantlarga mos usulda va o’quv dasturiga muvofiq amalga oshirishi lozim.
Mazkur talabning ikkinchi xususiyati pedagogning kursantlar fikr doirasini kengaytirish to’g’risida doimo g’amxo’rlik qilishidir.
Shunday qilib, o’qitish usullari pedagog va kursantlar nazariy hamda amaliy bilish faoliyatini ta’limiy vazifalarini bajarishga qaratilgan tadbir hisoblanadi. Unga quyidagi muayyan talablar qo’yiladi:
1. O’quv materialini o’rganishning pedagog tavsiya etgan usuli kursantlarning dialektik qarashlari, ijobiy xususiyatlari va xulqining shakllanishga olib borishi kerak. Ana shu talab nuqtai nazaridan usul tarbiyaviy tusda bo’lishi lozim.
2. O’qitish usulining ilmiy asosi yaqqol va aniq bo’lishi zarur. Shundagina o’qituvchi mazkur usul orqali qanday masalalar qo’yilishi va hal qilinishi mumkinligini, qanday masalalarni hal qilib bo’lmasligini ko’ra oladi.
3. O’qitishning tizimliligi uning samaradorligini belgilaydi.
4. O’qitish usulining tushunarliligi: o’qitishning usuli kursantuchun qabul qilinishi va qo’llanishi, o’quv materialini o’rganishning usuli esa bilimlarni o’zlashtirishning imkoniyatlariga muvofiq bo’lishi shart.
5. O’qitishning onglilik va faollik zaruriyati nihoyatda jiddiy talabdir.
6. Bilimlarning puxtaligi va asosliligi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
7. O’qitish usulida nazariy va amaliy hodisalarning muvofiqligiga erishmay ham dars o’tib bo’lmaydi.
Har qanday usuldan biror maqsadga erishish ko’zda tutiladi va shuning uchun unga qandaydir maqsad qo’yishni, unga erishish bo’yicha faoliyat usulini, ana shu faoliyatni amalga oshirishda yordam beradigan vositalarni bilishni taqozo etadi. Har qanday faoliyat uning ob’ektini bilishni talab qiladi. Nihoyat, usul maqsadga olib borishi kerak, aks holda, u qo’ygan maqsad uchun yaroqsizligini e’tirof etish lozim. Shunday qilib, har qanday usul uni qo’llashdan ko’zlangan maqsadni, shu maqsadni amalga oshirish faoliyatini va faoliyatning bajarish vositalarini talab qiladi. Bu vositalar faoliyat ob’ekti to’g’risidagi predmetli yoki aqliy bilimlar, qo’yilgan maqsadga albatta erishishdan iborat bo’lishi mumkin. Bularning hammasi ham har qanday usulga nisbatan maqsadga muvofiqdir, lekin o’qitish usullari uchun etarli emas.
O’qitish usullarini quyidagilarga bo’lish mumkin:
- tafakkur, xotira, diqqat va xayolning alohida operatsiyalarini tarkib toptiradigan va faollashtiradigan usullar;
- fikrlar faoliyatida muammoli va izlanish vaziyatlarni vujudga keltiradigan usullar;
- kursantlarning o’quv materialini o’zlashtirish bilan bog’liq kechinmalari va hissiyotlarini faollashtiradigan usullar;
- nazorat va kursantlarining o’zini-o’zi nazorat usullari;
-o’qitish jarayonida o’quvchilarning ma’naviy va shaxsiy o’zaro munosabatlarini boshqarish usullari.
Interfaol usullarning ta’lim jarayonidagi samaradorligini quyidagicha tasvirlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |