Cho’zilish (distorsio) va uziishlar (ruptura).
Cho’zilish va uzilishlar tortib cho’zish kuchi ta’sirida hosil bo’ladi. avval ayrim tolalar uziladi ammo to’qimaning umumiy butunligi buzilmaydi (cho’zilish). Tortish – cho’zish harakati kuchliroq bo’lganda barcha tolalar uzilib, to’qima butunligi buziladi (uzilish). Uzilishga to’qima yallig’lanishi, degenerativ va atrofik jarayonlar sabab bo’lishi mumkin.
Veterinariya amaliyotida asosan paylar cho’zilishi va uzilishi hamda bo’g’im cho’zilishiga ahamiyat beriladi.
Uzilishlar (ruptura) – yumshoq to’qima va a’zolarning anatomik butunligining buzilishi. Uzilishlar to’liq, qisman bo’lishi mumkin. Sabablari – mushaklarning kuchli tortilishi, pay va paychalarning sakraganda, yiqilganda urilishlarida hamda to’lib turgan ichki a’zolarning siqilishlarida hosil bo’ladi.
Uzilishlarda a’zo va to’qimaning faoliyati keskin buziladi. Anatomik butunligi biriktiruvchi to’qima xissasiga tiklanadi.
Paylar cho’zilishlari. Asosan bukuvchi paylarning cho’zilishi kuzatiladi, ayniqsa raxit bilan kasallangan yosh hayvonlarda.
Patologoanatomik o’zgarishlar: fibrillalar, mayda, kichik qon tomirlarning uzilishi va fibrillalararo to’qimaga qon quyilishi kuzatiladi. Keyinchalik payga ekssudat shimiladi va shikastlangan joyi shishadi.
Jarayon yaxshi kechganda va vaqtida davolanganda og’riq va boshqa belgilar ikki hafta ichida yo’qoladi. Fibrillyar tolalarning uzilgan joylari biriktiruvchi to’qima bilan to’ladi.
Payning bir necha marotaba cho’zilishi yallig’lanishni surunkali ko’rinishiga o’tishiga majbur qiladi, natijada ko’p miqdorda chandiqli to’qima o’sib, tendogen kontraktura rivojlanadi.
Paylar uzilishi. Asosan qisman va to’liq uzilishlar kuzatiladi. Odatda avval pay chetidagi tolalarning uzilishi kuzatiladi. Sog’ qolgan payning qismi o’z faoliyatini bajarib turadi. Payning to’liq uzilishi unga qarashli muskulning faoliyatini ishdan chiqaradi.
Ko’pincha statik faoliyatni bajaradigan paylar uziladi (suyaklararo o’rta muskul, chuqur va yuza bukuvchi paylar, axillis payi). Mushaklardan ikki boshli, ventral tishsimon, katta boldir va boshq. tezda uziladi. Nasldor buqalarda katta va kichik boldir mushaklarning uzilishi qochirish paytida hosil bo’ladi, stanokning noto’g’ri qonstruksiyasi bunga sabab bo’lishi mumkin.
Massiv mushaklar asosan qisman uziladi.
Pay uzilishini aniqlash oson, xususan uzilgan payda og’riq va uzilgan joyda yoriqsimon bo’shliq seziladi, bularni paypaslab ko’rib aniqlash mumkin. Payi uzilgan bo’g’im haddan ziyod bo’kilib, yoziladi.
Katta hayvonlarda paylarning to’liq uzilishi yomon, qaytarib bo’lmaydigan o’zgarishlariga olib kelishi mumkin. Payning qisman uzilishi 6–7 haftada bitadi ammo baribir oqsash, qontraktura kabi asoratlar qoladi.
Tebranishlar (Commotio) – tez te’sir etadigan mexanik kuch natijasida organ parenximasidagi xujayralarning molekulyar o’zgarishlari hosil bo’ladi. bunda yaqqol sezilarli darajada patologik o’zgarishlar kuzatiladi. Kuchli zarba, portlash to’lqini, yuqori darajadagi tebranish – vibratsiya ta’sirida kelib chiqadi. Tebranishlar hayvonda alohida sistemalar faoliyatining buzilishi, umumiy holatining yomonlashishi va hatto shokga sababchi bo’lishi mumkin.
Siqilishlar (Compressio) – to’qima, a’zo yoki butun organizmning mexanik qisilishida alohida sistemalar faoliyati va modda almashinuvining buzilishidir. Siqilishlar umumiy, mahalliy, qisqa muddatli va uzoq muddatli bo’ladi. Siqilishlarda shok va asfiksiya rivojlanishi mumkin. Ishemiyada to’qimalarning nekrozi kelib chiqadi.
Davolash: Birinchi soatlarda siquvchi bog’lam, tinchlik, sovuq muolajalar qo’llanadi – bo’lar ekssudatsiya va qon to’planishining oldini oladi. Pay cho’zilganda 0,25 % novokain eritmasi bilan qisqa novokain qamali bajariladi, so’ng 4–5 kunga siquvchi bog’lam qo’yiladi. Ot va qoramollarga har 3 kunda 1 marotaba 3–4 nuqtaga 30–40% li gidrokortizon yuboriladi.
2–3 kundan so’ng issiq muolajalar, massaj qo’llanadi. Massaj avval 3 daqiqa, keyinchalik 15 daqiqagacha cho’ziladi. Massaj bilan birgalikda o’lchamli yurgizish lozim. Keyinchalik termokauterizatsiya, igna sanchish qo’llanadi.
Kichik hayvonlarda uzilgan paylar tikiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |