Yopiq mexanik shikastlanishlar
1. Teri asosan 3 qavatdan iborat bo’lib, ularning tuzilishi, faoliyati va kelib chiqishi har xil.
Epidermis ko’p qavatli yassi epiteliydan tuzilgan. Epidermis nerv tolalari va retseptorlari bilan boy ammo unga qon tomirlar bormaydi. Unga oziqlanish moddalari xujayralar orasidan o’tib, asosiy membrana orqali amalga oshiriladi. Epidermisning shoxsimon qavati terini mexanik shikastlanishlardan va qurib qolishidan saqlaydi, uning tangachalari ajralganda teri mikroblardan va boshqa shunga o’xshash narsalardan tozalanadi.
Teri asosi (derma) – yelim beruvchi ellastik tolalardan tuzilgan bo’lib, ular turli yo’nalishlarda o’tadi. Teri asosida yog’ va ter bezlari joylashadi. Undan tashqari teri asosida arteriya, vena, limfatik tomirlar, nerv retseptorlari, soch va jun tomirlari, silliq muskul tolalarining tutamlari o’tadi.
O’z navbatida teri asosi yana 3 qavatga bo’linadi: yuzaki, so’rg’ichsimon va to’rsimon. Qoramollarda teri eng qalin bo’lib, 3–7 mm ayrim hollarda esa 13 mm gacha yetadi. Qo’ylarda teri asosi eng yupqa bo’lib uning qalinligi 0,5–3 mm gacha yetadi.
Teri osti qavati biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan bo’lib, teri asosini fassiya va muskullarga biriktiradi. Ayrim hollarda teri osti qavati bo’lmasligi mumkin. Yaxshi oziqlantirishda teri osti qavatida ko’p miqdorda yog’ to’qimasi hosil bo’ladi.
Terining hosilalari – soch, jun, yumshoq tovon, tirnoq, tuyoq, shox, teri bezlari, qushlarning patlari va boshqalar.
2. Lat yeyish turlari, darajasi va klinikasi. Yopiq mexanik shikastlanishlardan biri bo’lgan lat yeyish – contusio (urib olish) o’tmas to’mtoq yod jismning tanaga urilishi natijasida kelib chiqadi, masalan: tuyoq, tayoq, tosh, temir bilan urish, yiqilish. Yod jism ta’sirida quyidagi to’qima buzilishlari kuzatiladi: cho’zilish, uzilish, yirtilish, tebranish, siqilishlar. Ochiq mexanik shikastlardan farqi – terining butunligi buzilmaydi, ammo mikroorganizmlar uchun yaxshi sharoit yaratiladi va shikastlangan joyga gematogen yo’l orqali o’tgan mikroblar tez rivojlanib tarqalishi mumkin.
Lat yeyish natijasida to’qimaning buzulishi turlicha bo’lib teri, pay, fassiya, aponevrozlar elastikligi va zichligi nisbattan katta bo’lgani uchun ular kam eziladi. Yog’ to’qimasi, limfatik tugun, kletchatka, mayda qon tomirlar va mushaklar esa tezda shikastlanadi.
Lat yeyishning og’irligiga qarab to’qimaga qon quyilishi har xil bo’ladi, masalan: terida chegaralangan – gemorragiya, teri osti kletchatkasida – ekximoz, kletchatkada tarqalgan – suffuziya, yangi hosil bo’lgan bo’shliqda qon to’planishi – gematoma.
Shikast atrofida keyinchalik qon tomirlar kengayib, to’qimalar serozli ekssudat bilan shimiladi va infiltrat hosil bo’ladi. Vaqt o’tishi bilan qon va shikastlangan to’qimalar so’rilib ketadi va o’rnini biriktiruvchi to’qima egallaydi. Qon gemoglobini tezda so’rilmasdan atrofdagi to’qimalarni ko’kimtir so’ng sarg’ish tusga bo’yaydi. Shikastlangan to’qima xujayralari fermentlar ta’sirida yemiriladi. Yangi hosil bo’lgan biriktiruvchi to’qima esa chandiqqa aylanadi.
Lat yeyishni aniqlash uncha qiyin bo’lmaydi chunki urilgan joyda izlar qoladi, junlar to’kiladi, ekskoriatsiya, qon quyilishi, og’riq, mahalliy harorat kuzatiladi.
Shikastdan so’ng qisqa vaqt ichida shish hosil bo’ladi, ayniqsa yumshoq kletchatkada. Albatta faoliyat buzilishlari kuzatiladi. Masalan: oyoq mushaklari, suyaklari, bo’g’imlari, nerv stvollari, paylarning shikastlarida oqsash kuzatiladi. Ko’p miqdorda ezilgan to’qima parchalari qonga so’rilishi natijasida aseptik rezorbsion isitma hosil bo’ladi, yoki shok rivojlanadi. Ezilgan to’qimalar ko’pincha infeksiyaga chalinib mikroblar o’chog’iga aylanadi.
Lat yeyish ta’sirida quyidagi to’qima buzilishlari kuzatiladi: cho’zilish, uzilish, yirtilish, tebranish, siqilishlar.
Lat yeyish darajalari. Shikast kuchi va uning ta’siridan kelib chiqadigan to’qima va a’zolar buzilishi to’rtta darajaga bo’linadi.
Birinchi darajali lat yeyishlar. Tuzilish elementlarining buzilishi, teri va teri osti kletchatkasining mayda qon va limfa tomirlari uzilishidan kichik chegarallangan yoki tarqalgan qontalashlar hosil bo’ladi. Keyinchalik travmatik shish va reaktiv yallig’lanish rivojlanadi.
Teri yuzasining lat yegan joyida uncha katta bo’lmagan og’riqli shish, epidermis sidirilishi, kichik va katta nuqtalar shaklda (petexiya, ekximozlar) yoki bir oz kattaroq, chegarasi noaniq (sugilyatsiya) qontalashlar va diffuz gemoinfiltratlar ko’rinadi. Qontalashlar avval qizil, 1–2 kundan so’ng ko’k – alvon, 3 kundan so’ng jigarrang, keyin, gematoidin gemosideringa aylangandan so’ng sariq rangga kiradi va 20 kundan so’ng umuman yo’qoladi.
Ikkinchi darajali lat yeyishlar yanada kuchliroq mexanik shikastdan kelib chiqadi. Teri ostidagi to’qimalar qavatlari o’zaro ajraladi, katta qon va limfa tomirlar yoriladi, gematoma va limfoekstravazatlar rivojlanadi. To’qimalar parchalanishidan hosil bo’lgan hosilotlar qonga so’riladi va organizmning autointoksikatsiyasini chaqiradi. Bo’g’imlarning lat yeyilishida gemartroz, qorin devori shikastlansa – churralar rivojlanadi. Hayvonning tana harorati ko’tariladi. O’zgarishlarning 4–6 kunlarda yo’qolmasligi, infeksiya rivojlanishidan dalolat beradi.
Uchinchi darajali lat yeyishlar. Juda kuchli zarbalar ta’siridan kelib chiqadi. Bunda nafaqat to’qimalar qavatlari o’zaro ajraladi va katta qon va limfa tomirlar yoriladi, balki ular eziladi ham. Suyaklar sinishi, bo’g’imlar chiqishi, ichki a’zolarning chayqalishi va yorilishi, atrof to’qimalarning shikastlanishi kuzatiladi. Shikastlangan to’qimalar qon bilan shimiladi, ammo ko’p miqdorda trombokinaza hosil bo’lishi va tromblarning tez shakllanishi sababli, keng qontalashlar rivojlanmaydi. Ezilgan to’qima va molekulyar tebranishga chalingan xujayralar nekrozi boshlanadi. Tashqi va ichki muhitlardan kirib kelgan mikroblar og’ir asoratlarga olib keladilar, abssess, flegmona, gazli gangrena, intoksikatsiya, sepsis rivojlanadi.
To’rtinchi darajali lat yeyishlar. Mexanik kuch ta’sir qilgan o’choqda yumshoq to’qimalar eziladi va suyaklar to’liq bo’laklanadi. Qontalashlar rivojlanmaydi. Ezilgan joydan periferiyaga qaratilgan tana qismi o’ladi va parchalanib og’ir asoratlarni chaqiradi.
Oqibati. Birinchi va ikkinchi darajali lat yeyishlarda – yaxshi, uchinchida – ehtiyot, to’rtinchida – yomon.
Davolash. Lat yeyishlar quyidagi umumiy tamoyillar asosida davolanadi:
Kasal hayvonga tinch sharoit ta’minlanadi.
Septik og’irlashishlarning oldi olinadi.
Shish, qontalashlar va limfa quyilishlarning oldi olinadi.
Barcha holatlarda teriga yodning 5% li spirtli eritmasi, septoneks yoki kaliy permanganatining 5% li suvli eritmasi bilan ishlov beriladi. Ikkinchi darajali lat yeyishlarda dastlabki ikki kunlarda sovuq muolajalari bilan burishtiruvchi suyuqliklar, keyin esa spirt quriydigan bog’lamlar, isituvchi muolajalar, massaj qo’llanadi. Katta qon quyilishlar (gematoma) operativ davolanadi. Uchinchi darajali lat yeyishlarda spirt quriydigan bog’lamlar, isituvchi muolajalar, antibiotiklar bilan novokain qamallari; shokda – shokka qarshi vositalar qo’llanadi. Keyinchalik davolash ishlari kasallikning kechish xususiyatlariga bog’liq. To’rtinchi darajali lat yeyishlarda hayvon hisobdan chiqariladi yoki o’lgan to’qimalar olib tashlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |