KIRISH
Tadqiqot mavzusining dolzarbligi. O’zbekiston ta’lim tizimidagi rivojlanish jamiyat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy qirralarini rivojlantirishga xizmat qiladigan yosh avlodni kamol toptirish uchun nihoyatda muhimdir.
«Yuqori ma’lumotli, madaniyatli hamda professional jihatdan yetuk shaxsgina iqtisodiy erkin bo’lishi, demokratik va tub iqtisodiy o’zgarishlarning ishonchli tayanchi bo’lishi mumkin. Ushbu haqiqatni tushunish xalqning ma’naviy va madaniy hayotini yaxshilash, ta’lim-tarbiyaning butun tizimini yangilash jarayonining zamirida yotishi darkor».1
Tajriba shuni ko’rsatadiki, bolalar ta’lim-tarbiyasida bo’ladigan kamchiliklarning asosiy sabablaridan biri o’qituvchining psixologiyasiga bog’liq. Lekin bunga ko’pincha e’tibor berilmaydi. Shuning uchun o’qituvchilar jamoasini psixologik nuqtai nazardan o’rganish, uni muvaffaqiyatli boshqarishning psixologik yo’llarini ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga egadir.
Pedagogik jamoani muvaffaqiyatli boshqarish uchun jamoa tarkibini o’rganish, kamchiliklarini korreksiyalash va haqiqiy pedagogik jamoa sifatida shakllantirish lozim.
Jamoada ishlash ko’nikmalarining rivojlangan darajasi ham muvaffaqiyatli jamoa uchun asosiy omillardan biridir. Jamoada ishlash muloqot vositasida amalga oshadi. Pedagogik jamoaning rivojlanishida shaxslararo muloqot muhim ahamiyatga ega.
O’qituvchilarda muloqot madaniyatini shakllantirish va buni amalda isbotlash davr talabiga mos keluvchi nihoyatda muhim pedagogik muammolardan biridir. Muloqot madaniyatini shakllantirish murakkab jarayon bo’lib, u o’qituvchi shaxsining intellektual salohiyatiga, insoniylik sifatlariga, ruhiy sog’lomligi va adekvatligiga bog’liq. Muloqot madaniyati idrok va zehn mahsulidir. Nutqiy, mantiqiy va ijodiy omillar muloqot madaniyatining asosini tashqil qiladi.
1 Каримов И.А. Ўзбекистон буюк келажак сари. Тошкент: «Ўзбекистон», 2002. 407-б.
Yurtboshimiz o’z asarlarida ta’kidlaganidek, «O’qituvchilarning, muallimlarning obro’-e’tiborini qayta tiklash, ularning mehnatini e’tiborli va yuqori haq to’lanadigan sohaga aylantirish kerak» 2. Ushbu muammo o’qituvchilar jamoasini shakllantirish va boshqarishning bugungi kunda o’zak muammolaridan biridir.
O’qituvchilar jamoasini boshqarish mavzusini yoritishda boshqaruv psixologiyasini, pedagogik psixologiyani, shaxs psixologiyasi hamda muloqot psixologiyasini uzviy o’rganish va ularning kesimida yangi ilmiy muammoni yaratish bugungi yuksak taraqqiyot davrida ta’lim tizimi va jamiyatimiz taraqqiyoti uchun muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |