Tashxisi. Klinik, epidimiologik va laborator ma’lumotlarga asoslanadi. Provachek rikketsiyacini ekib aniqlash texnologiyasi mushkul bo’lganligi sababli tashxislashda seroimmunologik (KBR, RNGA, MFA), allergik sinama usullari qo’llanadi. Ayrim hollarda bitta seroreaksiya musbat bo’lib qolishi mumkin. Shu sababli boshqa reaksiyalarni ham parallel qo’yish kerak. Kasallikning 6-7-kunlaridan boshlab KBR diagnostik titrda (1:160) bo’ladi.
Ku-isitmasi
(Avstriya isitmasi,Termez isitmasi)
Ku-isitmasi yuqish yo’llari har xil bo’lgan, isitma sindromi va boshqa intoksikatsiya simptomlari bilan kechuvchi tabiiy o’choqli zoonoz rikketsioz kasallik hisoblanadi.
Qo’zg’atuvchisi R.burnetii. Qo’zg’atuvchining rezervuari bo’lib iksod, gamaz kanalari, yovvoyi qushlar, o’rdak, g’ozlar, kabutarlar, qarg’alar va uy hayvonlari hisoblanadilar.
Antropurgik o’choqlarda odamlarga alimentar, havo-chang, kontakt, transmissiv yo’l bilan yuqadi. Inson kasallik manbai hisoblanmaydi. Lekin ona suti bilan bolaga, homilador ayoldan akusherlarga yuqishi mumkin.
Kasallikning yashirin davri 9-32 kungacha davom etadi. Ko’pincha kasallik isitma va qaltirrash yoki et uvishishi bilan o’tkir boshlanadi. Tana harorati 39-40°S gacha ko’tariladi va umumiy intoksikasiya belgilari ko’chayib boradi. Kasallikning birinchi kunlaridan darmonsizlik, badanda qaqshash, terlash, kuchli bosh og’rig’i ko’proq peshona sohasida, bel va oyoqlarda, ko’z soqqasi harakatida og’riq kuzatiladi. Ayrim bemorlarda tomoqda qizarish, sklera tomiri tiqilishlari, yo’tal, ko’krak qafasida og’riq, chanqash, og’iz qurishi, jig’ildon qaynashi belgilari bo’ladi. Burundan qon ketishi mumkin. Isitma 2-3 kundan – 25 kungacha, ayrim hollarda oylab davom etadi. Odatda tana harorati o’tkir 39-40°S gacha ko’tarilib, bir necha kundan so’ng asta-sekin (zinasimon) me’yorgacha tushadi. Kam hollarda kritik tushishi mumkin.
Temperatura egri chiziqlari turlicha tipda bo’ladi: doimiy (38-40% hollarda), remittirlovchi (25%), to’lqinsimon (27%). Ayrim bemorlarda isitma subfebril darajagacha tushib bir necha kundan so’ng yana yuqori darajaga ko’tariladi. Isitmaning qayta ko’tarilishi kasallikning boshqa klinik belgilarining yana kuchayishi bilan birga kechadi. Bemorlarda doimiy bo’lmagan bradikardiya, biroz gipotoniya, yurak tonlari bo’g’iqligi, sistolik shovqin eshitiladi. 13-15% hollarda bronxit, raxeit, pnevmoniya rivojlanadi. Bemorlar yo’talganda, chuqur nafas olganda ko’krak qafasidagi og’riqqa shikoyat qiladilar. Yo’tal odatda quruq, gohida qon aralash balg’amli bo’lishi mumkin. Periferik limfa bezlari kattalashimagan. Gemogrammada leykopeniya, neytro va eozinopeniya, nisbiy limfotsitoz, monotsitoz, EChT biroz tezlashishi kuzatiladi.
Laborator tashxisoti: qon, balg’am, likvor suyuqligi, ona suti, siydikdan bakteriologik usul bilan qo’zg’atuvchini ajratib olish mumkin.
Biologik usulda dengiz cho’chqasi, oq sichqon va kalamushlarga yuqtirib 7 kundan so’ng ularning jigari, talog’i va boshqa a’zolarda R.burnetii ni to’planishi kuzatiladi.
Serologik reaksiyalardan KBR kasallikning 10-12 chi kunlaridan boshlab diagnostik titrda (1:8 1:16) bo’ladi. Yana immunoflyuoressensiya, teri osti sinamalari mavjud.
Gripp (tumov)
Gripp (Influenza, grippus) – umumiy intoksikatsiya, nafas yo’llari zararlanishi bilan kechuvchi o’tkir respirator virusli kasallikdir.
Qo’zg’atuvchilari ortomiksoviruslar oilasiga mansub. 3 xil gripp virusi farqlanadi: A, V, S. Kattaliklari 80-120 nm. Bitta ipli segmentlangan RNK tutadi. Virus tarkibida har xil antigenlar mavjud. S-antigen o’zida ribonuklein kislotasi va virus oqsilidan tashkil topgan ichki nuleokapsiddir. Virionning tashqi qobig’ida yuzaki V-antigen joylashgan. Uning tarkibiga glikoproteinlar gemagglyutinin va neyroaminidaza kiradi. Gemagglyutinin yoki neyroaminadazaning o’zgarishi A virusi ichida yangi virus variantlarini kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Yangi variantlar chaqirgan kasallik og’ir kechadi. Odam organizmidagi A virusning 3 xil tipdagi gemagglyutinini (N1, N2, N3) va 2 xil tipdagi neyroaminidaza (N1, N2) ajratib olingan. 1957 yilgacha A (N1, N1), 1957 yildan boshlab A (N2, N2) ajratib olingan bo’lsa, 1968 yildan boshlab A (N3, N2) ajratib olindi.
Kasallik manbai kasal odam va atipik shaklidagi bemorlar hisoblanadi. Havo-tomchi yo’li orqali yuqadi. Hamma moyil.
Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 2 kungacha. Kasallik o’tkir boshlanib, birinchi o’rinda intoksikatsiya simptomlari: bosh og’rig’i (ko’proq peshona va qosh atrofida), butun tanada qaqshash, ko’z soqqasi harakatida og’riq, yorug’likka qaray olmaslik, kuchli darmonsizlik, adinamiya, gohida qaltirash bilan boshlanadi. Tana harorati juda tez, kasallikning birinchi kunidayoq maksimal darajaga 39-40°S ga ko’tariladi. Harorat qancha yuqori bo’lsa, odatda isitma davri shuncha qisqa bo’ladi. Grippga doimiy isitma xos. Asoratsiz kechgan hollarda isitma 1-6 kun davom etadi. Tana harorati kritik yoki qisqa lizis bilan me’yorgacha tushadi.
10-15% hollarda isitma ikki to’lqinli bo’lishi mumkin. Gripp A (N1, N1) ga isitma davri qisqa, juda o’tkir tez 39,5-41°S gacha ko’tarilishi xosdir. Gripp V da esa isitma davri uzoqroq bo’ladi.
Grippda isitma bilan birga yuz, bo’yin terisi giperemiyasi, sklera va kon’yunktiva tomirlarining in’eksiyasi kuzatiladi. Yumshoq tanglay, yutqum orqa devori va ko’kimtir fonda burun shilliq pardalari ham giperemiyalashgan.Til oq karashli. Kasallikning birinchi soatlarida bemorda taxikardiya, AQB biroz ko’tarilgan bo’lib, keyinchalik bradikardiya, gipotoniya, yurak tonlarining bo’g’iqligi bilan almashadi.
Kataral sindrom grippda faringit, rinit, laringit va traxeit ko’rinishida bo’ladi. Ko’proq traxeit xosdir. Bemorlarni tomoq qurishi, qichishish, ko’krakda og’riq, quruq kuchli yo’tal bezovta qiladi. Nafas olish tezlashadi, gohida xansirash bo’lishi mumkin. Auskultatsiyada o’pkada dag’al nafas eshitiladi.
Agar isitma, intoksikatsiya, kataral sindromlar uzoqroq davom etsa bu gripp asoratidan dalolat beradi yoki tashxisingiz noto’g’ri bo’ladi.
Asoratsiz kechgan gripp gemogrammasida leykopeniya yoki normotsitoz, neytropeniya, aneozinofiliya, nisbiy limfotsitoz, EChT me’yorda yoki biroz yuqori bo’ladi.
Epidemiyalar orasida gripp engil va atipik shakllari uchraydi. Grippning atipik shakllariga afebril va akataral variantlari kiradi.
Tashxisi. Epidemiya vaqtida gripp tashxisini qo’yish qiyinchilik tug’dirmaydi.
O’tkir respirator kasalliklarning 90% ni gripp tashkil etadi.
Laborator tashxisida virusologik va serologik usullardan foydalaniladi.
Adenovirusli infeksiya
Adenovirusli infeksiya (Pharyngoconjuctival fever – PCP – inglizcha) – bu ko’proq nafas a’zolari, ko’z va limfa tugunlarini zararlovchi o’tkir virusli kasallikdir. Hozirda adenoviruslarning 32 turi aniqlangan. Ko’proq 3-, 4-, 7-, 14- va 21-turlar epidemiya beradi. 8-turi epidemik keratokon’yunktivitni keltirib chiqaradi. Virus o’zida DNK tutadi. Kasallik manbai kasal odam. O’tish yo’li havo-tomchi. Alimentar yo’l bilan o’tishini inkor etib bo’lmaydi.
Klinikasi. Kasallikning yashirin davri 4-14 kun (o’rtacha 5-7 kun). Adenovirusli infeksiyaning quyidagi klinik shakllari farqlanadi: o’tkir respirator kasalliklar (rinofaringit, rinofaringittonzillit, laringotraxeobronxit), faringo-kon’yunktival isitma, kon’yunktivit va keratokon’yunktivit, adenovirusli pnevmoniya. Hamma klinik shakllari uchun kasallikning o’tkir boshlanishi, isitma va intoksikatsiya simptomlarining o’rtacha bo’lishi xosdir. Isitma 8-14 kun davom etib doimiy tipda bo’ladi. Ayrim hollarda isitma egri chizig’i to’lqinsimon bo’lishi mumkin.
Adenovirusli o’tkir respirator kasallik og’iz-yutqumda noxush sezgi, ya’ni achishish, qurib qolishi va yutinganda bir oz og’riqlardan boshlanadi. Shu davrda ko’zdan kechirilganda tomoqning ravog’i, tilcha, yutqumning orqa devorlari giperemiyasi hamda follikulalar giperplpaziyasi ko’riladi. Ayrim hollarda oqimtir plyonkani ham ko’rish mumkin.
Boshqa o’tkir respirator kasalliklarga nisbatan adenovirusli infeksiyada murtak ko’proq zararlanadi. Lakunalalarda quyuqroq ekssudat to’planishi mumkin. Keyinchalik yallig’lanish jarayoni burun yutqum, xalqum, traxeya, bronxlarga o’tib boradi. Laringotraxeit rivojlanganda bemorlarni ko’proq bezovta qiladigan belgi bu qisqa muddatli (1-2 kun), ko’pincha kechqurun uyquni bezovta qiladigan yo’taldir.
Adenovirusli infeksiyalarning klinik tashxisida davomli isitma, limfaadenopatiya, jigar, taloq kattalashuvi, goxida diareya sindromi, qisqa muddatli polimorf toshmalar ahamiyatlidir. Yosh bolalarda ko’proq faringokon’yunktival isitma uchraydi. Bunda subfebril isitma, bir tomonlama kataral kon’yunktivit, limfa tugunlari kattalashuvi kuzatiladi. Keyinchalik jarayonga ikkinchi ko’z ham qo’shiladi. Adenovirusli keratokon’yunktivit og’ir kechadi. Immun tizimida defekt bo’lgan bemorlarda adenoviruli pnevmoniya rivojlanib, davomli to’lqinsimon isitma kuzatiladi.
Tashxisi. Tashxisi epidemiologik anamnez, klinik belgilarining (faringokon’yunktival isitma, kon’yunktivit, keratokon’yunktivit) dinamikada kechishi va laborator tekshiruvlarga (IFA, KBR, RTGA va virusologik) asoslanadi.
Infeksion mononukleoz
(Filatov kasalligi, bezli isitma, monotsitar angina)
Mononucleosis infectiosa bu – isitma, tomoqning zararlanishi, jigar, taloq, limfa tugunlarining zararlanishi, hamda gemoggrammada o’ziga xos o’zgarishlar bilan kechuvchi o’tkir virusli kasallikdir.
Qo’zg’atuvchi V limfotrop ta’sirga ega bo’lgan Herpeviridae oilasiga mansub bo’lgan DNK tutuvchi Epshteyn Barr virusi hisoblanadi.
Kasallik manbai kasal odam va virus tashuvchi. Kontagiozlik indeksi juda past.
Klinikasi. Yashirin davri 4-15 kundan 45 kungacha davom etishi mumkin. Kasallik isitma, bosh og’rig’i, darmonsizlik, terlash va tomoqda og’riq bilan o’tkir boshlanadi. Kasallikning 2-4 kunlariyoq isitma va boshqa umumiy intoksikatsiya belgilari maksimal darajaga chiqadi. Mialgiya va artralgiyalar qo’shiladi. Infeksion mononukleozning kardinal belgilari: isitma, limfa tugunlarining giperplaziyasi, tomoqning zararlanishi, jigar taloqning kattalashuvi. Isitma 1-3 haftadan 1 oygacha davom etib 38-40°S gacha ko’tariladi va notartib yoki remittirlovchi tipda bo’ladi.
Limfoadenopatiya qariyib hamma bemorlarda uchraydi. Pastki jag’ burchagi ostki, quloq orqasi, so’rg’ichsimon o’simta oldi, bo’yin va ensa limfa tugunlari erta va ko’proq kattalashadi. Qo’ltiq osti, chov, tirsak, mediastenal va mezenterial limfa bezlari kamroq zararlanadilar. Bezlarning me’yorga kelishi kasallikning 15-20 chi kunlariga to’g’ri keladi. Kasallikning birinchi kunlaridanoq murtak bezlarining zararlanishi kuzatiladi. Anginalar kataral, follikulyar, lakunar, yarali nekrotik, fibrinoz plyonkali bo’lishi mumkin. Jigar va taloq zararlanishi ham ko’p o’chraydi. 25%gacha dog’li papulyoz, gemorragik, rozeolez, issiqlik tipidagi toshmalar toshadi.
Gemogrammada leykotsitoz. Kasallikning 6-7-kunlaridan bitta yadroli elementlar (limfotsit, monotsit, atipik mononuklearlar) 80-90%ga etadi. Kasallikning birinchi kunidan boshlab tayoqcha yadroli siljishi bilan neytrofilez, avjiga chiqqan davrida neytropeniya kuzatiladi. Limfotsit va monotsitlarning miqdori ortadi. Monotsitlar o’ziga xos ko’rinishini o’zgartirib atipik ko’rinishga ega bo’ladi. O’lchami kattalashadi, yadrosi labsimon ko’rinishda, sitoplazmasi bazofil bo’ladi. Atipik hujayralar kasallikning 2 chi kunidan to 1 oygacha saqlanib qolishi mumkin.
Tashxisi. Kasallikning klinik belgilari va laborator tekshiruvga asosan qo’yiladi. Serologik tekshiruv geterogemagglyutinatsiya usuliga asoslangan. Ko’pincha Paul Bunnel reaksiyasi qo’llaniladi. Diagnostik titri 1:32.
Qizamiq
Qizamiq – bu umumiy intoksikatsiya, nafas yo’llari katari, kon’yunktivit, makulo-papulyoz toshmalar bilan kechuvchi, yuqori kontagioz kasallik hisoblanadi.
Qo’zg’atuvchisi paramiksoviruslar oilasiga mansub, o’zida RNK tutuvchi virusdir.
Kasallik manbai kasal odam. Bemor kasallik yashirin davrining oxirgi kunlaridan toshma davrining 4-kunigacha zararli hisoblanadi. Ko’proq maktab yoshigacha va kichik maktab yoshidagilar kasallanadilar. Oxirgi yillarda kattalarda ham qizamiq uchrab, ularda og’ir kechmoqda. Kontagiozlik indeksi – 0,95.
Kasallikning yashirin davri 7-17 kun, seroprofilaktika olganlarda 21 kungacha cho’ziladi. Kataral (prodromal) davri 2-7 kungacha, toshma toshish davri 3-4 kun. Pigmentatsiya yoki rekonvalessensiya davri 2-3 hafta.
Kataral davriga xos bo’lgan belgilar: kon’yunktivit, yo’tal, tana haroratining 38°S gacha ko’tarilishi, og’iz, tomoq shilliq pardalari giperemiyasi, blefarit, kon’yunktivat, seroz-shilliqli ajratma bilan rinit, Belskiy-Filatov-Koplik belgisi, yumshoq tanglayda enantemalar. Ayrim hollarda erta krup belgilari.
Toshma toshish davrida umumiy intoksikatsiya belgilari kuchayadi. Isitma yana ko’tarilib egri chiziqning ikkinchi to’lqinini hosil qiladi.
Kasallik asoratsiz kechganda isitma toshma davrining 3-4chi kunlarigacha davom etadi. Etapli (yuqoridan pastga) makulo-papulyoz toshmalar toshadi. Toshmaning rangparlashib pigmentatsiya davriga o’tishi ham xuddi shu tartibda etapli bo’ladi.
Pigmentatsiya davrida kech krup belgilari kuzatilishi mumkin. Toshma yo’qolgandan so’ng ularning o’rnida mayda qipiqlanish kuzatiladi.
Tashxisida virusologik va serologik (KBR, RTGA – juft zardob) usullardan foydalaniladi.
Gemorragik isitmalar
Buyrak sindromi bilan kechuvchi gemorragik isitma (BSGI)
Qo’zg’atuvchisi bunya viruslar oilasi Hantavirus turkumiga kiruvchi, genomida RNK tutuvchi virus hisoblanadi. Ko’p serovarlari mavjud. Ulardan 4 tasi (Hantaan, Puumala, Seoul va Belgrada) odamda kasallik chaqiradi.
Zoonoz tabiiy o’choqli kasallik. Kasallik manbai kemiruvchilar hisoblanadi. Havo-chang, alimentar va kontakt yo’l bilan yuqadi. Ko’proq 15-50 yoshdagi erkaklar kasallanadilar. Odamdan odamga yuqmaydi. May-dekabr oylarida ko’p o’chraydi.
Klinikasi. Yashirin davri 7-50 kun (o’rtacha 2-3 hafta). Klinikasi 4 ta davrga bo’lib o’rganiladi.
Isitma davri. Kasallik to’satdan tana haroratining 39-40°S gacha ko’tarilishidan boshlanadi. Isitma ko’pincha remittirlovchi xarakterga ega bo’ladi. Bir necha kun yuqori isitma saqlanib turadi. So’ng qisqa lizis yoki kritik me’yorgacha tushadi. Isitma o’rtacha 5-6 kun davom etadi. Bir necha kundan so’ng tana harorati subfebrilgacha ko’tarilishi mumkin (ikki o’rkachli). Shu davrda bemorda istirobli bosh og’rig’i, mushaklarda og’riq, chanqash, goxida ko’z xiralashuvi kuzatiladi.
Kasallikning birinchi kunidanoq yuzi, bo’yni, ko’krak qafasining yuqori qismi terilari va shilliq pardalari giperemiyalangan bo’ladi. 2-3 kunlaridan yumshoq tanglayda gemorragik enantemalar, 3-4 chi kundan boshlab esa qo’ltiq osti va o’mrov osti terisida petixial toshmalar toshadi (yuzda kam). Toshmalar bir chiziq bo’ylab ham toshishi mumkin (xivchin bilan urilgandek). Bulardan tashqari teri ostiga, skleraga, in’eksiyalar qilingan joylarga qon quyilishlar kuzatiladi. Burun, bachadon va oshqozondan qon ketadi. Engil kechgan hollarda gemorragik sindromlar bo’lmasligi mumkin. Lekin “jgut” va “chimchilash” belgilari ijobiy bo’ladi. Ayrim hollarda qorinda kuchli og’riq kuzatiladi.
Siydik miqdori sutkasiga 300-500 mlgacha kamayib ketadi. Belda og’riq paydo bo’ladi. Kasallikning 6-7-kunlari isitma litik yoki kam hollarda kritik tushadi, lekin bemorning ahvoli og’irlashib boradi. Bo’yrak zararlanish belgilari yaqqol namoyon bo’ladi. Beldagi og’riq kuchayadi. Siydik go’sht yuvindisidek qizg’imtir rangga kiradi. Oliguriya va anuriya rivijlanadi, ya’ni kasallik ikkinchi davr – oliguriya davriga o’tadi.
Oliguriya davri. Kasallikning3-4-kunlaridan boshlab isitma bilan birga buyrak etishmovchiligi sindromi progressiv ravishda rivojlanadi. Azotemiya hisobiga ko’ngil aynishi, qusish, bosh og’rig’i kuzatiladi. Shu bilan birga gemorragik sindromlar ham kuchayib boradi.
Poliuriya davri kasallikning taxminan 3-haftasidan boshlanib isitma va buyrak etishmovchiligi sindromi pasayib boradi. Lekin darmonsizlik, chanqash, xansirash, yurak o’ynab ketishi, beldagi og’riq biroz saqlanib qoladi. Bu davrda sutkasiga 5-8 l va undan ko’p siydik ajratadi. Asta-sekin beldagi og’riq, qusish yo’qoladi.
Kasallikning to’rtinchi haftasidan boshlab rekonvalessensiya davri boshlanadi. Bu davrda asteno-vegetativ belgilar kuzatilib 1 yilgacha davom etishi mumkin.
Tashxisida o’ziga xos isitma sindromining, bo’yrakning zararlanishi, gemorragik sindromlar, hamda epidemiologik anamnezning ahamiyati katta.
Gemogrammada kasallikning boshlang’ich davrida leykopeniya keyinchalik giperleykotsitoz, trombotsitopeniya, EChTning ortishi, plazmatik hujayralar miqdorining ko’payishi kuzatiladi.
Siydikda proteinuriya, gipoizostenuriya xosdir.
Serologik usullardan – MFA, RIA, IFM qo’llaniladi.
O’zbekiston gemorragik isitmasi
Qo’zg’atuvchisi Nairovirus turkumi Bunyaviridae oilasiga mansub (Krim-Kongo GI qo’zg’atuvchisi bilan bir xil). Katta shohli hayvonlar, otlar, hamda kanalar (H.anatolicum) virusning rezervuari hisoblanadi.
Transmissiv, aerogen, (laborator sharoitda) bemor qoni bilan muloqotda bo’lganda sog’lom odamga yuqishi mumkin.
Kasallikning yashirin davri 3-4 kun. Boshlang’ich davri juda o’tkir boshlanadi. To’satdan kuchli qaltirash, tana haroratining 39-40°S va yuqori ko’tarilishi kuzatiladi. Bemorlar kuchli bosh og’rig’i, damonsizlik, badan, qo’l-oyoqlarda va belda qaqshab og’rishiga shikoyat qiladilar. Kam hollarda dispeptik va diareya sindromlari qo’shilishi mumkin. Isitma va yuqoridagi belgilar 1-4 kungacha davom etadi. Bemor yuzi kerkkan, qizargan. Tana terisi rangpar, sarg’imtir bo’ladi. Kasallikning 4-5-kunlari isitma biroz qisqa muddatga tushib kasallikning gemorragik belgilar davri boshlanadi. Isitma bileptik xarakterga ega bo’ladi, ya’ni gemorragik belgilar davrining boshlanishidan isitma yana yuqori ko’tarilishi mumkin. Gemorragik toshmalar tana terisiga toshib razmerlari petexiyadan diametri 3-4 sm kattaligigacha bo’ladi. Toshma teri yuzasidan ko’tarilmagan, yumaloq yoki notekis shaklda bo’ladi. Miqdori kam (10 dona atrofida). In’eksiya qilingan joylarda katta qon quyilishlar kuzatiladi. Shilliq pardalarda enantemalar ham bo’lishi mumkin. Gemorragik toshmalar kasallikning 9-kunidan so’nib boradi. Toshma bilan bir vaqtda boshqa gemorragik simptomlar qo’shiladi. Masalan: qon qusish, burundan, ichakdan, bachadondan, milklardan qon ketishlar. Og’ir kechgan hollarda meningial belgilar ham ijobiy bo’ladi. Pasternatskiy belgisi musbat, siydikda oqsil leykotsitlar, eritrotsitlar, gialin silindrlari topiladi. Gemogrammada eritropeniya, gipoxromiya, leykopeniya, limfotsitoz, aneozinofiliya kuzatiladi.
Tipik kechgan hollarda tashxis qo’yish uncha qiyin emas. Kana chaqqanligi, kasallik o’tkir boshlangani, qaltirash, isitma, gemorragik sindromlar tashxis qo’yishda yordam beradi.
Serologik reaksiyalardan KBR, RTNGA qo’llaniladi.
Suv chechak (varicella)
Cuv chechak – qo’zg’atuvchisi havo-tomchi yo’li orqali yuquvchi, umumiy intoksikatsiya, teri va shilliq pardalarda vezikulyoz toshmalar toshishi bilan kechuvchi virusli kasallikdir.
Qo’zg’atuvchisi DNK tutuvchi virus – Aragao tanachasi.
Kasallik manbai kasal odam. Kasal oxirgi toshma paydo bo’lgandan boshlab 6 kungacha manba hisoblanadi.
Klinikasi. Yashirin davri 11-21 kun. Prodromal davri ko’pincha bo’lmaydi, bo’lsa ham klinik belgilari sust bo’ladi. Subfebril isitma, biroz darmonsizlik (1-2 kun). Toshmalar isitma ko’tarilishi bilan bir vaqtda paydo bo’ladi. Ayrim hollarda birlamchi toshma normal tana haroratida ham paydo bo’lishi mumkin. Toshmalar tartibsiz toshadi. Toshmalar yuz, boshning soch kismida, tana, ko’l-oyoqlarda toshadi. Odatda kaft, tovonlarda toshma kuzatilmaydi. Lekin toshma tanaga juda ko’p toshganda kaft va tovonda 1-2 ta elementlar bo’lishi mimkin.
Avvaliga dog’, papula va bir necha soatdan so’ng vezikulaga aylanadi. Ayrim papulalar vezikulaga aylanmasligi mumkin. Vezikula har xil kattalikda bo’lib, atrofi giperemiyalangan. Vezikula 1-2 kun ichida qurib qaloqqa aylanadi. Qaloqdan so’ng chandiq qolmaydi.
Toshmalar shilliq pardalarga ham toshishi mumkin. Toshma polimorf. Isitma toshma toshish vaqtiga mos keladi va 38°S gacha ko’tariladi. Og’ir kechgan hollarda isitma 39-40°S gacha etadi. Har safar yangi toshma toshishi isitmaning yangidan ko’tarilishi bilan boshlanadi. Shu sababdan isitma notartib tipida bo’lib, dinamikada yangi toshma toshganligidan dalolat beradi.
Isitma ko’tarilganda bemor bolaning ahvoli yomonlashadi: uyqusi buziladi, ishtaha pasayadi, qaysar, ta’sirchan, qo’zg’aluvchan bo’lib qoladi.
Kasallikning 3-5-kunlari toshmalar qurib qaloqlar paydo bo’la boshlaganda isitma pasaya boradi. Bolaning ahvoli yaxshilanadi. Ayrim hollarda toshma davri uzoqroq davom etsa isitmani 6-8 kungacha kuzatish mumkin.
Gemogrammada leykopeniya, neytropeniya, nisbiy limfotsitoz.
Do'stlaringiz bilan baham: |