MAVZU: ISITMA SINDROMI BILAN KECHUVCHI YUQUMLI KASALLIKLARNING ERTA VA QIYOSIY TASHXISI
Isitma ko’pchilik kasalliklarning, ayniqsa yuqumli kasalliklarning dastlabki klinik belgilaridan biri hisoblanib, uchrashi jihatidan og’riqdan so’ng ikkinchi o’rinda turadi. Isitma bu organizmning juda qadimiy birlamchi himoya-moslashuv mexanizmlaridan biri bo’lib, pirogen qitiqlagichlarga nisbatan javob reaksiyasi hisoblanadi. Himoya-moslashuv komplekslaridan biri hisoblangan isitmani har qanday patologik jarayonlar keltirib chiqarishi mumkin. Tana haroratining ko’tarilishi kasalliklarga qarshi javob reaksiyasi bo’lishi bilan birga organizmni himoyalanishida muhim ahamiyatga ega. Tana harorati ko’tarilaganda organizmda modda almashinuv jarayoni kuchayadi, endokrin, asab, immun tizimlarining funksional faolligi ortadi. Antitelo va interferonlar sintezi ortadi. Makrofag, neytrofillarining fagotsitar faolligi stimullanadi. Jigarning antitoksik funksiyasi kuchayadi, bo’yraklarning qon bilan to’lishi ortadi. Ko’pchilik viruslar 39°S da virulentlik xususiyatini yo’qotadi.
Shu sababdan yaxshi rivojlanayotgan, reaktivligi yaxshi va infeksion jarayonga adekvat javob bera oladigan bolalarga tana harorati 39°S atrofida bo’lsa ham antipirogenlar tavsiya etilmaydi. Lekin kompensator mexanizmlari sust yoki giperergik variantdagi organizmda isitma har xil patologik holatlarga olib kelishi mumkin. Bunday hollarda antipirogenlar tavsiya etiladi. Kasalliklarning boshlang’ich davrida isitmaning tashxisotdagi ahamiyati kam bo’ladi. Chunki, bu davrda isitmaning asosiy parametrlari yo’q, hamda shu kasallikga xos bo’lgan klinik belgilar ham namoyon bo’lmagan bo’ladi.
Sog’lom organizm uchun sutka davomida bir oz o’zgarish bilan doimiy tana harorati xosdir. Bunday tana haroratini me’yorda ushlanib turishi issiqlik ishlab chiqarilishi bilan ajralishini muvozanatda tutib turuvchi termoregulyatsiya markazlariga bog’liq.
Issiqlikning ishlab chiqarilishi organizmda kechadigan oksidlanish reaksiyasiga bog’liq bo’lgan kimyoviy jarayon, issiqlikning ajralishi esa fizikaviy jarayon hisoblanadi. Termoregulyatsiya nerv sistemasi orqali nazorat qilinadi. Organizmda issiqlik ishlab chiqarilishi jarayoni kimyoviy termoregulyatsiya tushunchasiga kiritilsa, issiqlik ajratilish jarayoni fizikaviy termoregulyatsiya tushunchasiga kiritiladi.
Kimyoviy termoregulyatsiya issiqlik ishlab chiqarilishini ma’lum me’yoriy darajada ushlab turib to’qimalarda normal fermentativ jarayonni ta’minlaydi.
Mushaklarda issiqlik ishlab chiqarilishi juda intensiv bo’ladi. Odam harakatsiz yotgan holda mushaklarning taranglashuvi hisobiga issiqlik ishlab chiqarilishi 10% ga ortadi. Mushaklarning bir oz harakati natijasida issiqlikning ishlab chiqarilishi 50-80%ga ko’payishi mumkin. Kuchli jismoniy mehnatda esa 400-500% gacha oshadi. Sovuq iqlim sharoitida issiqlik ishlab chiqarilishi juda tez rivojlanadi. Bunga sabab mushaklarning reflektor ravishda notartib qisqarishidir (et uvishishi, mushaklar qaltirashi).
Issiqlik ishlab chiqarilishida jigar va buyraklarning ham ahamiyati katta.
Fizikaviy termoregulyatsiya organizmdan issiqlik ajralishining o’zgarishi bilan tartibga solinadi. Bu quyidagicha amalga oshiriladi:
-
nurlanish (radiatsiya) bilan;
-
o’tkazuvchanlik (konduksiya) bilan;
-
konveksiya bilan;
-
parlanish bilan.
Radiatsiya – bu issiqlikni atrof muhitga tana yuzasidan infraqizil nurlar orqali berilishi tushuniladi. Odam organizmi issiqlikning asosiy qismini radiatsiya orqali ajratadi. Tinch holatda organizmda hosil bo’lgan issiqlikning qariyib 60% radiatsiya orqali ajratiladi. Tana haroratidan past bo’lgan predmetlarga kontakt yo’l orqali (konduksiya) organizm 3% gacha issiqlikni yo’qotadi. Konveksiya yo’li bilan issiqlikning ajratilishi esa tanaga tegib o’tadigan havo yoki suyuqlik oqimiga issiqlikning berilishi tushuniladi. Bunda organizm issiqlikning qariyib 15% ni yo’qotadi. Organizm terlash va nafas olish orqali ham issiqlikni ajratadi. Sezilarsiz darajadagi terlashda ter orqali sutkasiga 0,5 litr suv parlanadi. Tana temperaturasining doimiy me’yorda ushlanib turishi o’z-o’zini boshqarish prinsipiga asoslangan.
Termoregulyator jarayonning reflektor ravishda o’zgarishi issiq va sovuqni sezuvchi reseptorlarning faoliyatiga bog’lik. Bunday reseptorlar teri qoplamasi, nafas yo’li shilliq pardalari, ichki a’zolar, qon tomirlar, MNS ning har xil qismlarida (gipotalamus, retikulyar formatsiya, uzunchoq va orqa miya) joylashgan. Gipotalamusda qon temperaturasining o’zgarishini sezuvchi termoreseptorlar juda ko’p. Gipotalamusda issiqlik ishlab chiqaruvchi va issiqlik ajratuvchi markazlar mavjud. Uning kaudal qismida issiqlik ishlab chiqaruvchi markaz joylashgan bo’lsa, oldingi qismida (oldingi komissura bilan ko’ruv kesishmasi oralig’ida) issiqlik ajratuvchi markaz joylashgan. Agar gipotalamusning kaudal qismi jarohatlantirilsa hayvonlarda issiqlik ishlab chiqarilishi mexanizmi buziladi. Natijada hayvon organizmi tashqi muhit temperaturasi pasayganda tana haroratini me’yorda ushlab tura olmaydi va gipotermiya rivojlanadi.
Issiqlik ajratilishi markazi jarohatlanganda ham hayvon organizmi izotermiyani ushlab turish hususiyatini yo’qotadi.
Termoregulyatsiya jarayonida gipotalamusdan tashqari MNS ning boshqa qismlari ham ishtirok etadi. Masalan: tashqi muhit temperaturasi pasayganda sovuqni sezuvchi reseptorlardan afferent nervlar orqali qo’zg’aluvchanlik gipotalamusning issiqlik ishlab chiqaruchi markaziga, hamda orqa miyaning ossillyator markaziga o’tadi. U erdan qo’zg’aluvchanlik harakatlantiruchi nervlar orqali mushaklarga kelib ularning tonusini oshiradi. Natijada mushaklar qaltirashi (et uvishishi) kuzatilib issiqlik ishlab chiqarilishi kuchayadi.
Vegetativ nerv sistemasi orqali qo’zg’aluvchanlik qon tomirlarga (asosan teridagi) keladi va tomirlar spazmi kuzatiladi. Natijada terining yuza qismi issiq qon bilan ta’minlanishi pasayadi. Bu esa teri orqali issiqlikning ajralishini kamayishiga olib keladi. Termoregulyatsiyada qalqonsimon va buyrak usti bezlari gormonlarining ham ahamiyati katta. Tashqi muhit harorati pasayganda qonda tiroksin va adrenalinlar miqdori ortadi. Natijada organizmda oksidlanish jarayoni kuchayib issiqlik ishlab chiqarilishi oshadi.Bundan tashqari adrenalin periferik qon tomirlarni toraytiradi va issiqlik ajralishini kamaytiradi.
Shunday qilib tashqi muhit harorati pasayganda neyrogumoral mexanizm ishga tushadi va issiqlik ishlab chiqarilishi ortib, ajralishi kamayadi. Natijada tana harorati me’yorda ushlab turiladi. Agarda atrof muhit harorati ko’tarilsa yuqoridagi jarayonning aksi kuzatiladi. Tananing turli qismlarida issiqlik ishlab chiqarilishi va ajratilishi turlicha bo’ladi. Shu sababdan tananing turli qismlarida temperatura har xildir. Odam ichki a’zolarida ham issiqlik ishlab chiqarilganligi sababli ichki a’zolarda temperatura yuqori bo’ladi (eng yuqori temperatura jigarda – 37,8°C-38ºS). Ichki a’zolardan issiqlik qon orqali tashqi qoplamlarga beriladi. Terida issiqlik ajratilishi yuqori bo’lganligi uchun temperatura uncha yuqori bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |