2. Buyurtmachi va pudratchining huquq va majburiyatlari. Qurilish-montaj
ishlarining smeta qiymati tarkibi va tuzilishi
Kapital qurilish tizimida buyurtmachi va pudratchilarning ma’lum huquqlar va
majburiyatlarga ega. Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega: talabgorning malakasini
oldindan aniqlash yoki buningsiz tanlov savdolari o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul
qilish; rasmiy farmoyish beruvchi hujjat chiqargan holda tanlov savdolarini o‘tkazish
shakli, turi va sanasini belgilash; tanlov savdolari tashkilotchisi funksiyasini amalga
oshirish (ushbu funksiyalarni jalb etiladigan tashkilotga berishi mumkin); mustaqil
ravishda yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotni jalb etgan holda tanlov savdolari
predmetining boshlang‘ich qiymatini belgilash.
Buyurtmachining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
– barcha ishlar bajarib bo‘linganidan keyin belgilangan narxning hammasini
pudratchiga to‘lashi yoki ishlarning ayrim bosqichlari tugallanganidan keyin
narxning tegishli qismini to‘lashi;
– pudratchidan olingan loyiha-smeta hujjatlaridan faqat shartnomada nazarda
tutilgan maqsadlarda foydalanishi, loyiha-smeta hujjatlarini pudratchining roziligisiz
uchinchi shaxslarga bermasligi va undagi ma’lumotlarni oshkor qilmasligi;
– loyiha va qidiruv ishlarini bajarishda shartnomada nazarda tutilgan hajmda va
shartlarda pudratchiga xizmat ko‘rsatishi;
– tayyor bo‘lgan loyiha-smeta hujjatlarini tegishli davlat organlari va
fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari bilan kelishib olishda pudratchi bilan
birga qatnashishi;
– pudratchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli loyiha va qidiruv ishlarini
bajarish uchun boshlang‘ich ma’lumotlar o‘zgarishi bilan bog‘liq qo‘shimcha
harajatlarni pudratchiga to‘lashi;
– tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarining yoki bajarilgan qidiruv ishlarining
kamchiliklari borligi munosabati bilan uchinchi shaxs tomonidan buyurtmachiga
nisbatan qo‘zg‘atilgan da’vo yuzasidan ishda qatnashishga pudratchini jalb qilishi
shart.
Pudratchining majburiyatlari. Loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasiga
muvofiq pudratchi:
– ishlarni loyihalash haqidagi topshiriq va boshqa boshlang‘ich ma’lumotlarga
muvofiq bajarishi;
– tayyor bo‘lgan loyiha-smeta hujjatlarini buyurtmachi bilan kelishib olishi,
shuningdek, buyurtmachi bilan birga tegishli davlat organlari va fuqarolarning o‘zini-
o‘zi boshqarish organlari bilan kelishib olishi;
– tayyor bo‘lgan loyiha-smeta hujjatlarini va qidiruv ishlari natijalarini
shartnomada belgilangan muddatlarda buyurtmachiga topshirishi;
– buyurtmachining roziligisiz loyiha-smeta hujjatlarini uchinchi shaxslarga
bermasligi shart.
Kapital qurilishda buyurtmachi tomonidan quyidagilar ta’minlanadi: yer
uchastkasini tanlash va ajratish, birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlarni va qurilish
hududini tayyorlash, loyiha oldi ishlarini tashkil etish, loyihaning, ish hujjatlarining
(ob’ektni foydalanishga tayyor holda qurish hollaridan tashqari) va tanlov
hujjatlarining tasdiqlanadigan qismini kelishish, ekspertizadan o‘tkazish va
tasdiqlash; loyihalovchi va pudratchini (bosh pudratchini) tanlov savdolari orqali
tanlash; ishlarni bajarish va moliyalashtirish jadvallari bilan birgalikda shartnomalar
tuzish; qurilish ob’ektini Davlat arxitektura qurilish nazorati organlarida ro‘yxatdan
o‘tkazish; pudratchiga qurish uchun birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlarni berish;
buziladigan, ko‘chiriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan binolarda, shuningdek,
ob’ekt qurilishi hududida yashayotgan shaxslarni ko‘chirish; moliyalashtirish,
pudratchi tomonidan qabul qilingan shartnoma majburiyatlariga va shartnomada qayd
etilgan boshqa funksiyalarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish; texnik kuzatish va
ob’ekt qurilishi ustidan texnik nazorat qilish; qurilishi tugallangan ob’ektni
belgilangan tartibda foydalanish uchun qabul qilish; kafolatli davrda aniqlangan
nuqsonlar bartaraf etilishi ustidan nazorat qilish.
Pudratchi tomonidan quyidagilar ta’minlanadi: ish hujjatlarini ishlab chiqish va
uning texnologiya qismini buyurtmachi bilan kelishgan holda qurilish jarayonida
(ob’ekt foydalanishga tayyor holda qurilganda) ekspert kuzatish; ish hujjatlarini
(ob’ekt foydalanishga tayyor holda qurilganda) texnologik izchillik va ob’ekt
qurilishining aniq shartlari bilan bog‘liqlikda hajmlar va muddatlarda ishlab
chiqarishga berish; ishlarni bajarish jadvaliga muvofiq hamda belgilangan
standartlarga, qurilish me’yorlari va qoidalariga rioya qilgan holda tasdiqlangan
loyihada nazarda tutilgan ishlarni bajarish; shartnomaga muvofiq qurilishni asbob-
uskunalar, konstruksiyalar va qurilish materiallari bilan butlash;
Buyurtmachi va pudratchi qonun hujjatlariga va shartnoma shartlariga muvofiq
boshqa funksiyalarni ham bajaradi. Buyurtmachi bilan pudratchi o‘rtasidagi
vazifalarni aniq taqsimlash, shuningdek, ularning mulkiy javobgarligi darajasi qonun
hujjatlariga va tanlov savdosi shartlariga muvofiq aniq bir pudrat shartnomasini
tuzishda aniqlashtiriladi. Ob’ektni foydalanishga qabul qilib olish belgilangan sifat
standartlari hisobga olingan holda «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi organlarining
xulosasi asosida buyurtmachi tomonidan ta’minlanadi. Qurilishning qiymati va uni
moliyalashtirish hajmlarini aniqlash, shuningdek, buyurtmachi va pudratchi
o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirishga oid hujjat smetani anglatadi va u
tayyor qurilish mahsulotining bahosini ifodalaydi.
Pudrat shartnomasida bajariladigan ishning bahosi yoki uni aniqlash usullari
ko‘rsatiladi. Pudrat shartnomasidagi ishning bahosi pudratchining chiqimlarini va
unga to‘lanadigan haqni o‘z ichiga oladi. Ishning bahosi smeta tuzish yo‘li bilan
aniqlanishi mumkin. Ish pudratchi tomonidan tuzilgan smeta bo‘yicha bajarilgan
taqdirda, smeta buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga ega
bo‘ladi va pudrat shartnomasining bir qismi bo‘lib qoladi. Ishning bahosi (smeta)
taxminiy yoki qat’iy bo‘lishi mumkin. Pudrat shartnomasida bunday ko‘rsatma
bo‘lmasa, ishning bahosi (smeta) qat’iy hisoblanadi. Qurilish shartnomasida
quyidagilar aks ettiriladi: tomonlarning majburiyatlari, etkazilgan zararlarni qoplash
tartibi; mavjud muammolarni hal qilish yo‘llari, xo‘jalik sudiga da’vo arizasini
kiritish tartibi; shartnoma ishtirokchilarining malakasini tasdiqlash.
Smeta asosida qurilish ishlari harajatlari: texnologik, energetik, ko‘tarma-
transport va boshqa uskunalar, korxona faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan
boshqa asboblar va ishlab chiqarish inventarlari haridi harajatlari; ushbu uskunalarni
o‘rnatish ishlari harajatlari; qurilish maydonini o‘zlashtirish harajatlari; texnik va
mualliflik nazoratini amalga oshirish harajatlari; loyiha hujjatlarini ishlab chiqish
harajatlarini o‘z ichiga oluvchi kapital qo‘yilmalar hajmi aniqlanadi. Qurilish-montaj
ishlarining smeta qiymati buyurtmachilar va pudratchilar, uskunalar etkazib
beruvchilar bilan shartnomalar tuzish va shartnoma bahosini aniqlash hamda ular
o‘rtasida hisoblashishni amalga oshirish uchun ishlatiladi.
Smeta qiymati ko‘rsatkichlari ishlab chiqarish va noishlab chiqarish
ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihaviy echimlar variantlarini
baholash va ulardan iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofig‘ini tanlash uchun zarur
bo‘ladi. Bundan tashqari, smeta qiymati qurilishni tashkil etish va ishlarni bajarish
variantlarini taqqoslash, konstruktiv va bajariladigan ishlar hajmini aniqlash hamda
qurilish materiallari va uskunalarni tanlash uchun ishlatiladi.
Loyihaning smeta qismi o‘z tarkibiga qurilish bo‘yicha yig‘ma smetani va
ob’ekt qurilishi bo‘yicha smetani hamda bajarilgan ish turlarini qamrab oladi. Bino
va korxona qurilishi bo‘yicha yig‘ma-smeta qurilishni moliyalashtirishni amalga
oshirishdagi asosiy hujjat hisoblanadi.
Yig‘ma-smeta quyidagi harajat turlarini o‘zida aks ettirishi lozim: qurilish
maydonini tayyorlash; ishlab chiqarish ahamiyatiga oid asosiy ob’ektlar; ishlab
chiqarish va xizmat ko‘rsatish ahamiyatiga oid yordamchi ob’ektlar; transport
xo‘jaligi va aloqa ob’ektlari; elektroenergetika ob’ektlari; kanalizatsiya, issiqlik va
gaz ta’minoti, suv ta’minoti; korxona hududini obodonlashtirish; vaqtinchalik bino va
inshootlar; loyihaviy va qidiruv ishlari; boshqa ishlar.
Qurilish uchun yig‘ma-smetada kutilmagan ishlar va harajatlar uchun quyidagi
miqdorlarda mablag‘lar zaxirasi ko‘zda tutiladi: yakka tartibdagi ob’ektlar qurilishini
ko‘zda tutuvchi sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport inshootlari va korxonalarini
qurishdagi barcha harajatlar umumiy qiymatining 5 foizi miqdorida; barcha tarmoq
korxonalarining namunaviy loyihalari bo‘yicha ob’ektlar barpo etilishidagi barcha
harajatlar umumiy qiymatining 3 foizi miqdorida. Hozirgi iqtisodiy sharoitda qurilish
ob’ektlari smeta qiymatini aniqlash bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
1. TIA tarkibidagi loyiha oldi bosqichida TIA ko‘rsatkichlarining hisob-
kitoblari natijasida ob’ektlar barpo etilishidagi taxminiy harajatlar aniqlanadi.
2. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bosqichida loyihalashtiruvchilar
amalga oshirilgan hisob-kitoblar va smeta me’yorlarini qo‘llash natijasida ob’ekt
qurilishining smeta qiymatini aniqlaydi, shu jumladan, lokal smetalari, alohida
bajariladigan ishlar uchun harajatlar qiymati va qurilish qiymatining yig‘ma-smeta
hisob-kitobi. Ob’ektning smeta qiymatini aniqlashda quyidagi ko‘rsatkichlar
qo‘llaniladi: bevosita harajatlar – BX; ustama harajatlar – UX; rejali jamg‘arma – RJ
(smeta foydasi). Unga ko‘ra, qurilish mahsulotining (ob’ektining) smeta bahosi (SB)
quyidagi tenglik bilan ifodalandi:
Do'stlaringiz bilan baham: |