Mavzu: Informatika va axborot texnologiyalari fanini o’qitish uslublari.
O’qitishning interaktiv uslublari.
Reja:
Informatika kursining o’qitish uslublarini muammolari
O’quv mashg’ulotlari mazmunini yaratishda virtual dasturiy ta’minot imkoniyatlaridan foydalanish.
Metodlar, ularning maqsadi va ularning qo’llanilishi.
Tayanch iboralar: Virtual dasturiy ta’minot, metod, interaktiv.
------------------------------------------------------------------------------------------------
Hozirgi kunda ta’limning mazmuni va sifatini takomillashtirish masalalariga respublikamizda alohida ahamiyat berilmoqda. Shuningdek, dunyoning rivojlangan mamlakatlari singari ta’limga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, ta’limni rivojlantirish, uning samaradorligini oshirish yo‘llari izlanmoqda, ta’limga kompyuter texnologiyalarini joriy etish yo‘nalishidagi tadqiqotlar takomillashtirilmoqda.
Respublikamiz Birinchi Prezidenti I.Karimov 2010 yilda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2011 yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida “O‘quv jarayoniga keng formatli kommunikatsiya tarmoqlari va Internet texnologiyalarini joriy qilish maqsadida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘ini barpo etishni nihoyasiga yetkazish hamda 2011 yilda mamlakatimizning barcha oliy o‘quv yurtlarini, keyinchalik esa akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini yagona kompyuter axborot tarmog‘iga ulashni ta’minlash vazifasi yuklatiladi...” kabi mulohazalarga alohida to‘xtalib o‘tgan (Karimov, 2011).
Tadqiqotning maqsadi Informatika va axborot texnologiyalari fani misolida o‘quv mashg‘ulotlari mazmunini yaratishda virtual dasturiy ta’minot imkoniyatlaridan foydalanish masalalarini yoritishdan iborat.
Kompyuterlarning o‘quv jarayonida qo‘llanilishining asosida axborotlashtirish, virtuallashtirish, multimediya va tarmoq tizimlari yordamida o‘quv jarayonini tashkil etish yotadi. Kompyuter texnologiyalari o‘quv jarayonini tashkil etish va boshqarishda, o‘quv rejalar, o‘quv dasturlari va o‘quv materiallarini yaratishga tavsiyalar ishlab chiqishda, testlashtirish va nazorat qilishda pedagogik xodimlarga ko‘makchi vazifasini bajaradi. Tadqiqot obyekti sifatida o‘quv jarayonida kompyuter tarmoqlaridan foydalanish, talabalarning ta’lim tizimida olgan bilimlarini baholash va nazorat qilish tizimidan foydalanish jarayoni olindi. Tadqiqotni o‘tkazishda pedagogik kuzatish, suhbat, pedagogik tajriba, to‘plangan ma’lumotlarni taqqoslash va solishtirish metodlaridan foydalanildi.
Bugungi kunga kelib ta’lim tizimida zamonaviy axborot texnologiya imkoniyatlaridan foydalanish jadal tus olmoqda. Shu qatorda Oliy ta’lim tizimida talabalarga bilim berish samaradorligini oshirish maqsadida o‘quv jarayonini virtuallashtirish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Biz ko‘rib chiqayotgan masalada o‘quv jarayonini virtuallashtirish deganda, virtual o‘quv qo‘llanmalari asosida olib boriladigan o‘quv jarayoni ko‘zda tutilgan. Virtual o‘quv qo‘llanmalari ta’lim samaradorligini oshirish maqsadida, multimediya vositalari (animatsiya, ovoz, tasvir), grafik, sxema, jadval va hokazolardan foydalangan holda ishlab chiqilgan.
Real o‘quv jarayonidan farqli o‘laroq virtual ta’limning afzalligi shundan iboratki, bunda talaba o‘quv jarayonida tasavvur qilish, fikr yuritish, tinglash, yozib olishdan tashqari har bir izohlanayotgan jarayon, voqea va hodisalar, ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lmagan, tassavvur qilish qiyin bo‘lgan hodisa va jarayonlarni virtuallashtirilgan kompyuter modelida kuzatib turadi. Har bir sxema, grafik, jadval va murakkab so‘zlar elektron holatda aniq ko‘rsatib beriladi. Talabalar olgan bilimni virtual nazorat orqali tekshirish natijasida vaqt tejaladi. Bundan tashqari darsni o‘zlashtira olmagan yoki bilimini yanada mustahkamlash maqsadida talaba mustaqil ravishda virtual o‘quv qo‘llanmalaridan foydalanish imkonyati mavjud.
Virtual o‘quv jarayoni o‘z navbatida elektron ma’ruza, shu ma’ruza asosida tuzilgan virtual amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari, hamda olingan bilimni tekshirish maqsadida virtual nazorat bloklaridan iborat bo‘lib, bu jarayonlar bir-biriga bog‘liq holda ishlaydi (Radjabov va boshq., 2006, 2009, 2010).
Do'stlaringiz bilan baham: |