Globallashuv sharoitida ma’naviy tahdidlarning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish yo’llari
Biribchi Prezidentimiz Islom Karimov «Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch» asarida ta’kidlaganidek, «bugun biz tez sur’atlar bilan o’zgarib borayotgan, insoniyat hozirga qadar boshidan kechirgan davrlardan tubdan farq qiladigan o’ta shiddatli va murakkab bir zamonda yashamoqdamiz... Hozirgi paytda er yuzining qaysi chekkasida qanday bir voqea yuz bermasin, odamzod bu haqda dunyoning boshqa chekkasida zudlik bilan xabar topishi hech kimga sir emas...»1. Bugungi dunyo muayyan yaxlitlikni tashkil etsa-da, undagi mintaqa va davlatlar millatlar va xalqlar o’z o’rniga ko’ra turli mavqega ega. Hozirgi davr dunyoda g’oyaviy qarama-qarshiliklar murakkab tus olgan, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham kuchliroq bo’lib borayotgan davrdir.
Shunday ekan, ularning o’ziga xos manfaatlarini ifodalaydigan mafkuraviy ta’sir usullari bo’lishi, shubhasiz. Jahon siyosiy xaritasida ko’plab davlatlar mavjud bo’lib, ularda turli siyosiy kuchlar, partiyalar, dinlar, diniy oqimlar, mazhablar, guruh va qatlamlar faoliyat ko’rsatmoqda. Ular o’zaro farqlanadigan, ba’zan bir-biriga zid bo’lgan manfaatlarga ega. Aynan mana shu man¬faatlar o’zga xalqlar, turli mintaqalar, davlatlar¬ning aholisi yoki ijtimoiy guruhlar ongiga, turmush tarziga ta’sir o’tkazish, ularni bo’ysundirish uchun yo’naltiril¬gan maqsadlarni shakllantiradi. Bundan ko’zlangan asosiy muddao esa muayyaan joydagi kishilarga iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va diniy qarashlarni singdi¬rish orqali o’z manfaatlarini ta’minlashga intilishdir.¬
Bunday ta’sir o’tkazishning tinch yo’li ko’zlangan maqsadga olib kelmaganda boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashish mavjud vaziyatni ataylab keskinlash¬tirish, kuch ishlatish yo’li bilan bo’lsa ham ijtimoiy beqarorlikni yuzaga keltirishga harakat qilinadi. Bugun¬gi dunyoning mafkuraviy manzarasiga nazar tashlansa, aksariyat ilg’or davlatlarda umuminsoniy qadriyatlar va demokratik tamoyillarga asoslangan mafkuralar amal qilmoqda. Ularda inson hamda jamiyat kamolotiga xizmat qiladigan umuminsoniy g’oyalar ustuvordir. Shu bilan birga, inson ongida yangicha dunyoqarash va tafakkur uslubi shakllanayotgan hozirgi davrda muayyan kuchlarning mafkura maydonida hukmronlik qilishga, o’z ta’sir doirasini kengaytirishga qaratilgan intilishi kuchayib bormoqda. Tajovuzkor millatchilik va shovinizm, neofashizm va terrorizm, irqchi¬lik va ekstremizm mafkuralari shular jumlasidan¬dir. Xususan, terrorchilik turli shakllarga kirib, kuchli¬ moddiy asosga ega bo’lib, mafkuraviy xavfi ortib bormoqda.
Lekin bular bugungi dunyodagi mafkuraviy jarayonlarni to’la-to’kis aks ettira olmaydi. Mafkuraviy jarayonlar o’zgarib turibdi. Bu borada XX asr so’ngida ro’y bergan o’zgarishlar, ikki qutbli dunyoning barham topishi ham o’z ta’sirini o’tkazdi. Hozirgi davrda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, dunyo mamlakatlari orasida unga munosabatning keskin o’zgarishi har bir kishini yot va begona g’oyalarga nisbatan ogoh bo’lishga undaydi.1
Mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi – g’oyaviy ta’sir o’tkazish imkonyatlarining kengayishi oqibatida Er yuzining barcha mintaqalarida mafkuraviy kurash umumbashariy miqyos kasb etganini ifodalovchi tushuncha.
«Bugungi kunda har qaysi davlatning taraqqiyoti va ravnaqi nafaqat yaqin va uzoq qo’shnilar, balki jahon miqyosida boshqa mintaqa va hududlar bilan shunday chambarchas bog’lanib borayaptiki, biron mamlakatning bu jarayondan chetda turishi ijobiy natijalarga olib kelmasligini tushunish, anglash qiyin emas.
Shu ma’noda, globallashuv bu – avvalo hayot sur’atlarining beqiyos darajada tezlashuvi demakdir»1
Mafkuraviy tahdid – ijtimoiy-siyosiy harakat, oqim yoki siyosiy kuch o’z mafaatini ifodalovchi mafkurasini qo’rqitib, zo’rlik yo’li bilan boshqalarga tiqishtirish. Mafku¬raviy tahdid jamiyat, davlat yoki xalq, millat yoki elat taqdiriga xavf solib turgan, fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo’lgan mafkuraviy xavf-xatarlar majmuasi.2
Ichki tahdidlar – o’z vataniga, vatandoshiga zarar etkazishga qaratilgan g’oya, xatti-harakat. Biz ko’p asrlar ana shu ichki tahdidlar tufayli mustamlakachilikda yashab keldik. Ana shu ichki tahdidlarni quyidagi sxema asosida tasvirlash mumkin.
Mafkuraviy jarayonlarning milliy taraqqiyotga ikki xil ta’siri, ya’ni ijobiy va salbiy ta’sirlari mavjud.
1. Ijobiy ta’siri. Insoniyat tsivilizatsiyasi tarixida erishgan har qanday moddiy va ma’naviy qadri¬yatlarning umuminsoniy jihatlari yutuqlari tarixiy makon doirasidan chiqib baynalminallashib, universallashib, o’z mustaqilligini qo’lga kiritgan va rivojlanayotgan milliy davlat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy hayot sohalariga kirib, integratsiyalashib bor¬moqda. Masalan, o’rta asrlar davrida Markaziy Osiyoda rivojlangan fan, madaniyat, ilm sohalaridagi taraqqiyot XV asrdan keyin Evropa madaniyatining rivojlanishiga zamin yaratdi. Chorizm istilosi, sobiq ittifoq mafkurasining oqibatlarini bartaraf etishda G’arb ilm-fan, madaniyatning ilg’or yutuqlari, texnologiyasidan milliy taraqqiyotda foydalanish, ijobiy yutuqlarini o’zimizga olib, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi rolini hisobga olish lozim.
2. Salbiy ta’siri. Millatlar va davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-madaniy rivojlanishidagi beqarorlik, ular manfaatlaridagi o’ziga xoslikni mutloqlashtirish insoniyatga, shu jumladan, o’z millatining kelajagiga xavf tug’diradigan salbiy hodisalarning globallashuviga olib kelmoqda. Bu xalqaro terrorizm, ekstremizm, fundamentalizm va narkobiznes hodisalarida namoyon bo’lmoqda. Biron bir hudud yoki mamlakatda paydo bo’layotgan g’oyalar tez sur’atda butun jahonga yoyilmoqda. Natijada ayrim yoshlar yovuz g’oyalar, mafkuraviy markazlar bosimi ta’siriga tushib qolmoqda. Mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi saviyasi past audio va videokassetalar, axloqsizlik, tubanlik va yovuzlikni targ’ib qiladigan «San’at asarlari»ning ham keng tarqalishiga sabab bo’lmoqda...
O’zbekistonda ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni keskinlashtirishning maqsadi, mafkuraviy tajovuz yovuz kuchlar va har xil markazlar tomonidan mamlakatimizga nisbatan ichkaridan yoki tashqaridan turib bevosita amalga oshirilayotgan g’oyaviy buzg’unchilikning maqsadi “Bo’lib tashlab, hukmronlik qilish”, ya’ni mamlakat ichkarisida parokandalikni keltirib chiqarish, uning dunyodagi obro’siga putur etkazib, mintaqa davlatlarini bir-biriga qarama-qarshi qilib qo’yish, separatizmni keltirib chiqarish kabi maqsadlarni o’z oldiga vazifa qilib olgan yovuz kuchlar ta’sirini anglamoq lozim buladi.
Prezident Islom Karimov milliy g’oya va mafkuraga bag’ishlangan asarlarida mantiqiy xulosa chiqarib, globallashuv, integratsiyalashuv jarayonida “mafkuraviy maydon” tushunchasini ishlatdi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2000 yil 8 iyunda «Fidokor» gazetasi muxbiri savollariga javoblarida aynan va bevosita «Mafkuraviy maydon» tushunchasiga yana bir bor diqqat qaratdi. Endilikda yadro maydonlarida emas, mafkura maydonlarida bo’layotgan kurashlar ko’p narsani hal qiladi. Bu achchiq haqiqatni hech qachon unutmaslik lozim.
Agar tarixga nazar solsak, ilgari kuchli davlatlar zaif mamlakatlarni ochiqdan-ochiq bosib olib, ularga o’z hukmini o’tkazgan bo’lsa, XX asrning oxiriga kelib, bunday siyosat yangi bir shakl kasb etadi. Hozirgi vaqtda qudratli davlatlar va muayyan siyosiy markazlar o’z maqsadlariga erishish uchun avvalo zabt etmoqchi, o’z ta’sir doirasiga olmoqchi bo’lgan mamlakatlarning aloqasi ongini o’ziga qaram qilishga intiladi... «Mafkura dunyosida bo’shliqqa yo’l qo’yib bo’lmasligi, shunday holat yuz bergan taqdirda bo’sh qolgan mafkura maydonidan bizga begona, orzu-intilishlarimizga mutlaqo yot g’oyalar o’rin egallashga urinishi shubhasiz»1. Shu boisdan Yurtboshimiz mazkur savolga javobda quyidagilarga diqqat-e’tiborini qaratdi. (1.7-Chizma).
«Haqiqatan ham Prezidentimiz Islom Karimov keyinchalik «eng asosiy mezon hayot haqiqatini as ettirish» (2009) risolasida ta’kidlab o’tganidek, «Odamlarning, birinchi navbatda yoshlarning ongu tafakkurini, ma’naviy olamini izdan chiqarishga qaratilgan bunday urinishlarning asl mohiyatini, ularning uzoq va davomli, salbiy oqibatlarini anglash va bunday xavf-xatarlarning oldini olish bugungi kunda o’ta muhim ahamiyat kasb etib bormoqda»1.
Prezidentimiz Islom Karimov 2014 yil 27 iyunda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigida bugungi kunda, yon-atrofimizda ro’y berayotgan voqea-hodisalarni chuqur idrok etish, ularning tub mohiyatiga etib borish uchun odamlarda mustaqil fikrlash ko’nikmasini shakllantirish zaruriyatini ta’kidlash bilan birga shunday degan edi: “Turli g’oya va manfaatlar kurashi tobora kuchayib borayotgan bugungi vaziyatda yolg’onni rost, rostni yolg’on, deb ko’rsatishga urinish, axborot kommunikatsiya vositalarini o’zining uzoqni ko’zlaydigan manfaatlariga xizmat qilishga majbur etish, g’arazli maqsadlar yo’lida odamlarni, millatlarni bir-biriga qarama-qarshi qo’yish, ularni hayotdan norozi qilish, turli soxta ma’lumotlarni tarqatish, o’zgalarni pisand qilmasdan kuchi etadigan davlatlarga po’pisa va zo’ravonlik ko’rsatish, hech kim bilan hisoblashmay kuch ishlatish holatlari avvalambor ommaviy axborot vositalarining bugungi o’quvchi, tinglovchi va tomoshabinlardan oqni qoradan, haqiqatni uydirma gaplardan ajratish uchun o’zining mustaqil dunyoqarashi va fikriga ega bo’lishini taqozo etadi»1.
«Mafkuraviy poligon» tushunchasi. Mafkuraviy poligon – odamlar va xalqlarning qalbi va ongini egallashga qaratilgan turli g’oyalarning o’ziga xos sinov maydoni. Tarix o’zga hududlarni zabt etish maqsadida ishlatiladigan urush qurollarining uzluksiz takomillashib borganini ko’rsatadi. U nayzalardan tortib avtomatik qurollargacha, zambaraklardan tortib, er yuzini har qanday nuqtasiga bexato etib boradigan qit’alararo ballistik raketalargacha bo’lgan uzoq takomil yo’lini bosib o’tdi. Bu qurollar bosib olinishi kerak bo’lgan hududlar aholisini jismonan yo’q qilishga qaratilgan edi.
Bugungi kunda esa o’zga hududlarni zabt etish uchun ularning aholisini jisman mahv etish shart emas. Zero, turli mafkuraviy ta’sirlar oqibatida ongi va shuuri zabt etilgan, qaram va kayfiyatlari “ma’qul” yo’nalishga o’zgartirilgan erlik aholi ko’magida har qanday boylik, tabiiy resurslarga egalik qilish mumkin. Bu esa shu joy aholisining ongi va qalbi yot va begona g’oyalar sinab ko’riladigan maydonga aylanganini bildiradi.
Prezident Islom Karimov ta’kidlaganidek, hozirgi davr g’oyaviy qarama-qarshiliklar murakkab tus olgan, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham xavfliroq bo’lib borayotgan davrdir. Xususan, mamlakatimiz ichida o’zlarining zararli g’oyalarini tarqatishga harakat qilgan, yoshlarni chalg’itish, ongini zaharlash, ular yordamida mamlakatni o’z taraqqiyot yo’lidan chetlatib yuborishni ko’zda tutgan «vaxobiylar», «hizb-ut tahrir»chilarning harakatlarini aynan shunday baholash mumkin.1
Bugungi kunda mafkuraviy poligonlarda muayyan guruhlar va davlatlar o’zlarining g’arazli manfaatlarini ifoda etayotgan turli tajovuzkor g’oyalarni sinovdan o’tkazmoqdalar. Ularning ortida kishilarni, eng avvalo, ma’naviy-mafkuraviy jihatdan tobe qilish, pirovard natijada esa butkul qaram qilib olish maqsadi yotadi. Bu katta-katta hududlarni, ayniqsa, boy tabiiy resurslarga ega bo’lgan mintaqalarni egallab olishning eng qulay va kamxarajat usulidir.
Mafkuraviy poligonlarning yadro poligonlaridan xavflilik sabablari:
1. Agar harbiy, iqtisodiy, siyosiy tazyiq bo’lsa, buni sezish, ko’rish, oldini olish mumkin.
2. Mafkuraviy tazyiqni, uning ta’siri va oqibat¬larini tezda ilg’ab etish nihoyatda qiyin.
3. Yoshlarning ma’naviy olamida bo’shliqqa yo’l qo’¬yish, ularning buzg’unchi g’oyalar, diniy ekstremizm, axloqsizlik g’oyalari ta’siriga tushib qolishiga olib keladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning “O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shart¬lari va taraqqiyot kafolatlari” (1997) asarida siyosiy barqarorlikni ta’min etadigan islohotlar va bunyodkorlik ishlarimizning asosiy sharti ekanligi asoslab berilgan. Siyosiy barqarorlik bo’lmasa, mamlakat o’z oldiga qo’ygan tarixiy vazifalarni amalga oshira olmaydi. Asarda O’zbekiston barqarorligiga tahdid soluvchi quyidagi xavf-xatarlar tilga olingan:
Ichki xavf-xatarlar:
1. Etnik,milliy, mintaqaviy va davlat ichidagi jangari separatizm (ayirmachilik).
2. Ekologik va xavfsizlik muammolari.
3. Urug’-aymoqchilikning xudbinlik, shaxsiy manfaat, alohida guruhlarning mol -dunyoga ruju qo’yishi bilan bog’liq bo’lgan xavf-xatar.
4. Qarindoshlik, urg’u-aymoqchilik manfaatlari doirasi kengaygani sari endi bir sulola doirasidan chiqib, korparativ mohiyat kasb etadi. Bu ichki birlikka ta’sir etib, tanazzulga olib kelishi mumkin. Bunday separatizm ijtimoiy xavfliligi jihatdan mahalliychilik illati bilan qo’shilib ketgan.
5. Siyosiy- Ekstremizm, shu jumladan, diniy ekstremizm.
6. Millatchilik.
7. Milliy mahdudlik (chegaralanmagani).
8. Korruptsiya.
9. Jinoyatchilik.
10. Sotqinlik – egrotsentrizm.
11. Axloqiy buzuqlik va zo’ravonlik.
12. Loqaydlik.
Tashqi xavf-xatarlar:
1. Terrorizm (ichki terrorizm, mintaqaviy terrorizm, xalqaro terrorizm).
2. Narkobiznes.
3. Diniy ekstremizm (diniy traditsionalizm, diniy fundamentalizm, diniy modernizm: bular ham ichki, ham tashqi xavf-xatarlarga kiradi).
4. Separatizm (ayirmachilik).
5. Mintaqaviy fuqarolar urushlari (qo’shni Afg’o¬nistondagi va h.k.).
6. Orol muammosi (jumladan ichimlik suvi). Bu tah¬did ham ichki, ham tashqi xavf-xatarlarga kiradi.
7. O’zbekistonning jug’rofiy siyosiy holati jiha¬tidan endigina xavfsizlik tizimi yo’lga qo’yilayotgan minta¬qadaligi, murakkabligi.
Tashqi tahdidlar – O’zbekistonga davlat tashqa¬risidan kirib keluvchi tahdidlar: xalqaro terrorizm, ekstremizm, fashizm, shovunizm va hokazo.
Ko’rinib turibdiki, hozirgi davrda tashqi siyosatning yangi – zamonaviy kontseptsiyasi yangicha fikrlarga asoslanmoqda. Bugungi dunyo qanchalik xilma-xil bo’lmasin, uning yaxlitligini, bir butunligini tan olish tashqi siyosatda muayyan yutuqlarga erishishlik asosini tashkil qiladi. Tashqi siyosatni takomillashtirish emas, qat’iy isloh qilish davr talabi ekanini anglash natijasida xalqaro munosabatlarda quyidagi bir qator ijobiy tendentsiyalar ko’zga tashlanmoqda.
– Mafkuraviy ta’sirning yo’qolib borishi.
– Konfrontatsiya – o’zaro qarama-qarshilikdan hamkor¬likka o’tib borish.
– Xalqaro siyosatda kuch va ta’sirni birlashtirish.
– Xalqaro siyosatning demokratiyalashuvi va insonpar¬varlashuvi.
– Xalqaro munosabatning kengayishi.
2013 yil 20–23 noyabrda Prezidentimiz tashabbusi bilan Osiyo quyosh energiyasi 6-forumining yig’ilishi bo’lib o’tdi va unda global muammolarni echish yo’llari muhokama qilindi.
Bugungi kunda insoniyat oldida yangi, global muammolar paydo bo’lmoqda. Ular qatorida men iqlim o’zgarishlari, ekotizim va bioxilma-xillikni saqlash va asrab-avaylash, tabiiy zaxiralarning tugab borishi va boshqa shu kabi juda o’tkir muammolarni qayd etishni istardim. Ularning oqilona echimi davrimizning eng keskin muammosiga aylanmoqda.
Islom Karimov
Mamlakatning hozirgi rivojlanish bosqichida odamlarni ma’naviy-mafkuraviy va ijtimoiy-siyosiy faollashtirish asosiy vazifalardan biridir. Bunda ayniqsa, fuqarolarning ongi va qalbini ma’naviy tahdidlardan himoya qilish muhim dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Ma’naviy tahdid insonning ongi, dunyoqarashi va axloqiga daxl qilishi mumkin bo’lgan xavf-xatardir. Xavf ko’zga ko’rinmasa-da, lekin uning keltiradigan zarari yuqumli kasalliklardan kam emas. Shu ma’noda tarixiy haqiqatni anglamaydigan yoki anglashni istamaydigan chet eldagi ba’zi siyosatchi va arboblar nafaqat siyosat yoki iqtisodiyot, balki ma’naviyat bobida ham bizga aql o’rgatishga, azaliy hayot tarzimiz, ruhiy dunyoyimizga yot bo’lgan qarashlarni majburan joriy etishga urinmoqda”. Haqiqatan ham bunday urinishlar turli usullar va vositalar yordamida amalga oshirilmoqda. Ular orasida ma’naviy tahdidlarning ko’lami pasaymayapti.
Adabiyotlar ro’yxati:
S. Otamuratov. Globallashuv va milliy ma’naviy xavfsizlik. T., 2013 12-77
betlar
Jurnal «Mejdunarodnaya jizn» Aprel 2014. St.3-16.
Jurnal “Vostok (Oriens)” 2014 № 2. Ct.66-173
www.state.gov.
www.foreignaffairs.com.
www.theguardian.com.
www.lexicon.ft.com.
www.businnesdictionary.com.
Do'stlaringiz bilan baham: |