TALABA-YOSHLARNING SANOGEN TAFAKKURINI RIVOJLANTIRISHDA REFLEKSIV YONDASHUV MOHIYATI
ISMAILOV MURODULLA KAXRAMONOVICH
Termiz davlat universiteti ilmiy tadqiqotchisi
Tel.: 99890 9569323 El.pochta: murodullaismailov89@mail.ru
Butun dunyo bo’ylab ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar rivojida inson aql-zakovati va ma’naviyati asosiy muvofiqlashtiruvchi, rivojlantiruvchi omil va vosita ekanligi tobora namoyon bo’lmoqda. Shundan kelib chiqib, pedagog kadrlarni tayyorlash xalqaro dasturida talabalar faoliyatini rivojlantirishning “fikriy aks ettirish amaliyoti”ga (reflective practitioner) yo’naltirilgan taktikasini takomillashtirish, ijodiy va ratsional yondashuv uyg’unligini ta’minlashning pedagogik mexanizmlarini takomillashtirish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Sanogen tafakkur (“sano” (lot.) – davolamoq, sog’lomlashtirmoq, tasalli bermoq, ruhlantirmoq, tartibga keltirmoq va “geno” (lot.) – davolaydigan) sog’lomlashtiradigan, tasalli beradigan va ruhlantiradigan tafakkurni keltirib chiqarishdir.
Sanogen fikrlash tarziga ega bo’lgan inson doim o’z qarashlarini ijobiy asoslaydi, kerak bo’lsa himoya qilib, to’g’ri xulosa chiqaradi, o’z burchini adolatli baholaydi. Sanogen tafakkurga ega inson ichki nizoni ijobiy bartaraf etadi. Shu jihatdan yurtimizda sog’lom tafakkurga ega shaxslardan iborat barkamol avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Tadqiqot muammosini nazariy o’rganish jarayonida pedagogik oliy ta’lim muassasalari talabalarining sanogen tafakkurini rivojlantirishda refleksiv bilim va ko’nikmalar mazkur jarayonda yetakchi omillardan ekanligini ko’rsatdi. Bu esa, eng avvalo, uni ilmiy jihatdan har tomonlama chuqur o’rganishni va tahlil qilishni taqozo etadi.
Refleksiya – (lotincha “reflixio” – ortga qaytish) bu inson ongi aktlari turlaridan biri, ya’ni ong harakati bo’lib, subyektning o’z (ichki) psixik tuyg’u va holatlarini bilish jarayoni sifatida qaraladi.
Refleksiya - bu ko'p jihatdan inson hayotining ontologik tomonini ifodalaydi va insonning o'ziga xos xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Rus olimlari V.I.Slobodchikov va Y.I.Isayevlar refleksiya inson sub'ektivligining eng muhim, markaziy hodisasi ekanligini bildirib, quyidagi ta'rifni beradi: "... bu odamning o'ziga xos qobiliyati bo'lib, u odamga o'z fikrlarini tahlil qilishga va mustaqil bildirishga imkon beradi, shuningdek, hissiy holatlar, kechinmalar, odamlarning xatti-harakatlari va munosabatlarini aks ettiradi, umuman olganda - alohida e'tibor (tahlil va baholash) va amaliy o'zgarish (o'zgarish va rivojlanish)ga imkon beradi [1, 82 b.].
Refleksiya hodisasi bo’yicha rus olimlari tomonidan ko’plab ilmiy ishlar amalga oshirilgan. Aynan, refleksiya hodisasi:
- umumiy psixologik xususiyat sifatida (Vigotskiy L.S., Zak A.Z., Kulyutin Yu.N., Matyushkin A.M., Semenov I.N., va boshq.);
- pedagogik jarayon bilan bog’liq holda pedagogik refleksiya xususiyatlari (Gutkina N.I., Kovalev B.P., Kulyutkin Yu.N., Semenov I.N., Stepanov S.Yu. va boshqalar);
- alohida fikrlash shakli sifatida (Alekseyev N.G., Brushlinskiy A.V., Rubinshteyn S.L.);
- aloqa vositasi sifatida (Andreyeva G.M., Bodalyev A.A., Kondratiyeva S.V.) lar tomonidan tadqiq etilgan.
Mutaxassis kadrlarning amalda fikrlash jarayonini va fikriy amaliyot muammosini tadqiq etgan ingliz olimi Donald Shon refleksiya jarayoniga alohida to’xtalib, quyidagi fikrni bildiradi: “… refleksiyada shaxs o'zining intuitiv bilimlarini va qobiliyatini ochib beradi va ba'zan bu imkoniyatlardan noyob, noaniq va qarama-qarshi vaziyatlarni yengish uchun foydalanadi [2].
Refleksiya «Men» - obrazi egasining ongiga taalluqli jarayon bo’lib, u har bir shaxsdagi o‘z shaxsiyatini o‘ziga xos ximoya qilish mexanizmidir. Bunday himoya mexanizmi shaxsni ko‘pincha turli xil yomon asoratlardan, xissiy kechinmalardan asraydi. Lekin shuni alohida ta’kidlash lozimki, «Men» - obrazining ijobiy yoki salbiyligida shaxsni o‘rab turgan tashqi muhit, o‘zgalar va ularning munosabati katta rol o‘ynaydi.
V.I.Slobodchikovning fikricha, refleksiya orqali ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining o’z faoliyatiga bo’lgan munosabati muvofiqlashtiriladi va hamkorlikdagi faoliyatning shakl va mazmuniga mos ravishda mazkur faoliyatning qayta tashkil etilishi ta’minlanadi [3, 51 b.].
G.M.Kodjaspirova va A.Yu.Kodjaspirovlar refleksiya tushunchasini fikrlash, o’z-o’zini anglash, o’zini-o’zi nazorat qilish; o’zining shaxsiy xatti-harakatlari va ularning oqibatlarini anglash uchun yo’naltirilgan faoliyat, insonning nazariy faoliyatlarining shakli, ya’ni o’tmishga (orqaga) murojaat qilish sifatida talqin etadi [4].
D.Xakimovaning qayd etishicha, refleksiya samarali fikrlashning muhim mexanizmi, yuz berayotgan hodisani keng tizim kontekstida tushunish jarayonlarini alohida tashkil etish (u vaziyat va harakatlarni baholashni, vaziyatlarni hal qilish usullari va operatsiyalarini topishni o’z ichiga oladi), xatti-harakatlar va ularning oqibatlarini anglash uchun yo’naltirilgan faoliyat, insonning nazariy faoliyatlarining shakli, ya’ni o’tmishga (orqaga) murojaat qilish hamda sub’ektning ma’lum bir muammoni va uning vujudga kelish sabablarini ko’ra olishi, aniqlashi, o’rganishi va tahlil qila olish qobiliyatidir [5].
Refleksiya bu maxsus qobiliyat, lekin u bizga nima berishi mumkin? Ushbu ko’nikma bizga o’z holatimizni, fikrlash tarzimiz va sezgilarimizni kuzatish, shuningdek, diqqat yo’nalishini bilish imkoniyatini beradi. U orqali biz o’zimizni kuzatish imkoniga ega bo’lamiz, ya’ni uni mutlaqo notanish odam tomonidan bizning xatti-harakatlarimizni, o’y-fikrlarimizni kuzatishi bilan taqqoslash mumkin. Refleksiya tushunchasi insonning aks ettira olish qobiliyatini anglatadi, u asosan introspektsiya (o’z-o’zini kuzatish)ga qaratilgan. Shunday qilib, uning vositasida biz o’zimizning harakatlarimiz yoki holatimizni baholay olamiz va hayotimizdagi turli voqealarni aks ettiramiz. Bunda refleksiyaning kuchi insonning o’z-o’zini boshqarish qobiliyati, bilim darajasi, shaxsning axloqi bilan uzviy bog’liq.
Shuni ta’kidlash kerakki, har qanday shaxsning shaxsiy va kasbiy rivojlanishi refleksiv jarayon bilan chambarchas bog’liqdir. Bundan tashqari, rivojlanish nafaqat kasbiy nuqtai-nazardan, balki jismoniy va intellektual jihatdan ham ta’minlanadi. Xullas, refleksiv ko’nikmalarning yuqori darajada o’zlashtirilishi natijasida biz nima haqida fikr yuritishimiz, hozir qanday faoliyatni amalga oshirayotganimiz va rivojlanish uchun qaysi yo’nalishda harakat qilishimiz kerakligini tushunishga sharoit yaratadi.
Demak, refleksiya – bu shaxsiy fikr va kechinmalarini tahlil qilishga yo’naltirilgan mulohaza yuritish. Shaxsiy xatti-harakatlarni anglash, fikrni tahlil qilish, idrok etish va bilishning boshqa shakllari yordamida biz dunyoni anglaymiz. Refleksiya tufayli inson bilish va faoliyatning asl sub’ektiga aylanadi.
Bo’lajak o’qituvchilarda sanogen tafakkurni rivojlantirish bilan bog’liqlikda refleksiyaning quyidagi shakllarini ajratib ko’rsatish mumkin.
Rus olimlari S.Yu.Stepanov va I.N.Semenovlar quyidagi refleksiya turlarini tavsiflab, mazkur mexanizm shaxsda “Men” obrazining shakllanishida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi [6, 5-6 b.].
Kooperativ refleksiya. Bunday refleksiya turida zarur pedagogik-psixologik bilimlarga ega bo’lish jamoaning loyihaviy faoliyatini ta’minlaydi va ularning birgalikda faoliyat yuritishiga imkoniyat yaratadi. Bunda aks ettirish sub’ektni faoliyat jarayonlaridan “ozod qilish”, uning oldingi tugallangan faoliyatiga nisbatan ham tashqi, ham yangi pozitsiyaga chiqishi sifatida ko’rib chiqiladi. Buning maqsadi hamkorlikdagi faoliyatda umumiy harakatlarni tushunish va muvofiqlashtirishni ta’minlashdir. Bunday hollarda, inson psixikasi mexanizmini namoyon qilish jarayonlariga emas, balki refleksiya natijalariga e’tibor qaratiladi.
Kommunikativ refleksiya ijtimoiy rivojlanish va muloqot muammolari bilan bog’liq ijtimoiy-madaniy munosabatlarni o’rganishda ko’rib chiqiladi. U intellektual va rivojlangan muloqot, shuningdek shaxslararo hissiyotlarning eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
3. Shaxsiy refleksiya, bunda sub’ekt xatti-harakati va insonning o’z “Men”ini uning shaxsiy sifatlari nuqtai nazaridan tadqiq qilinadi. Bunday tahlil shaxsiy ongni rivojlantirish, parchalanish va tuzatish muammolari va sub’ektning shaxsiy “Men”ini yaratish mexanizmi bilan bog’lab olib boriladi. Shaxsiy refleksiyani amalga oshirishning bir necha bosqichlari mavjud. Bu ziddiyatlarni boshdan kechirish va qo’yilgan vazifalarni anglash hamda inson oldida turgan hal qilib bo’lmaydigan vaziyatlarni tushunish tajribasi, shaxsiy stereotiplarni va muammoli vaziyatlarni qayta ko’rib chiqishdan iborat. Bunda ziddiyat va muammo bo’lgan shaxs stereotiplari va vaziyatlar tushuniladi. Bunday vaziyatda shaxs o’zini o’zi to’liq anglab yetadi. Qayta fikrlab ko’rish jarayonida insonning o’ziga va o’z “Men”iga munosabati o’zgaradi. U shunga mos harakatlarda amalga oshiriladi. Ikkinchidan, sub’ektning o’zi bajara oladigan va biladigan munosabatlarini o’zgarishi bilan yuz beradi.
4. Intellektual refleksiya biror ob’ekt va u bilan muloqot qilish usullari haqidagi bilimlar bilan tavsiflanadi. Intellektual refleksiya pedagogika va psixologiya fanlarida axborotni bilish va fikrlash hamda qayta ishlash jarayonlarini tashkil etish muammolari bilan birgalikda ko’rib chiqiladi. Shuningdek, oddiy muammolarni hal qilishda ko’rib chiqiladi. Sub’ekt quyidagilarni refleksiyalashi mumkin: hamkor jamoaviy guruhlar va ularning tuzilmaviy ahamiyatini bilish; jamoadagi biror odamning ichki dunyosini, uning harakatlari va ishlarining sabablarini tasavvur qilish; o’z faoliyati va shaxsiy hamda individual “Men”i; biror ob’ektni va ularning muayyan vaziyatlarda o’zaro ta’sir etish usullari haqida bilish.
A.V. Karpov va V.V. Ponomarevalar tomonidan refleksiya jarayoni subyektning o’z faoliyatini aks ettirishi hamda vaqt bilan bog’liq holda uchta asosiy shaklda ko’rib chiqiladi: situatsion (vaziyatli), retrospektiv va perspektiv (istiqbolli) refleksiya [6].
1. Vaziyatli refleksiya. Ushbu shakl "motivatsiya" va "o'z-o'zini anglash" ko'rinishida paydo bo'ladi va sub'ektni vaziyatga bevosita jalb qilishni, uning elementlarini tushunishni, hozirgi vaqtda sodir bo'layotgan voqealarni tahlil qilishni ta'minlaydi. Mualliflar sub'ektning o'z harakatlarini ob'ektiv vaziyat bilan taqqoslash, o’zgaruvchan sharoitlarga muvofiq faoliyat elementlarini muvofiqlashtirish, boshqarish qobiliyatini o’rganadi.
2. Retrospektiv refleksiya. O'tmishda sodir bo’lib o’tgan voqea-hodisalarni tahlil qilish uchun xizmat qiladi. Bu holat o’tmishda to’plangan tajribani yanada to’liqroq anglashga, tushunishga va tahlil qilishga qaratilgan. Refleksiyaning ushbu shakli mumkin bo’lgan xatolarni aniqlashga, subyektning erishgan yutuqlari va muvaffaqiyatsizliklarining sabablarini izlashga imkon beradi.
3. Perspektiv aks ettirish. Refleksiyaning bu turiga kelajakda sodir bo’lishi mumkin bo’lgan voqea-hodisa va holatlar haqida fikr yuritish, faoliyat yo’nalishi to’g’risida fikrlash, rejalashtirish va kelajakka mo’ljallangan eng samarali usullarni bashorat qilish kiradi.
Ko’rinib turibdiki, bo’lajak o’qituvchilarning sanogen tafakkurini rivojlantirishda refleksiv mexanizmlar muhim omil hisoblanib, ularning muvaffaqiyatga erishishi, refleksiya orqali o’z-o’zini tahlil qilishi, o’z imkoniyatlari darajasi va kamchiliklarni aniqlash hamda kelajakdagi faoliyat turlarini to’g’ri amalga oshirishi uchun zarur bo’lgan muhim aqliy jarayondir.
Hozirda “sanogen refleksiya” tushunchasi ham mavjud. Noqulaylik, muvaffaqiyatsizlik, ayb, uyat va g’azab kabi qo’rquvlarga olib keluvchi kechinmalar, negativ hissiy vaziyatlarda paydo bo’luvchi refleksiya shaxsiy azoblanishning kamayishiga olib keladi. Professor Yu.M.Orlov bunday aks ettirishni sanogen refleksiya deb hisoblaydi. Mazkur refleksiyaning asosiy vazifasi insonning hissiy-ruhiy holatini tartibga solishdir.
Yu.M.Orlov subyektning shaxsiy va kasbiy o'sishining "chegaralarini" aniqlovchi va muvaffaqiyatini ta’minlashga xizmat qiluvchi maxsus shaxsiy refleksiya turiga alohida e’tibor qaratadi. Olimning nazarida, mazkur refleksiv ko’nikma shaxsni o’z-o’zini belgilash va nazorat qilish vazifasini bajaradi. Shaxsiy refleksiya subyektning o’sishi, rivojlanishi, o’ta shaxsiy ta’lim sifatida, hayotiy faoliyatning muayyan qismida amalga oshiriladigan aniq xatti-harakatlarning mohiyatini anglash jarayonida ro’y beradi. Bu esa, shaxsning salomatligini ta’minlash, hamda uning o’z fikrlarini, fiziologik faoliyati hamda hissiy-ruhiy holatini nazorat qilish imkoniyatini beradi. Shundan kelib chiqib, Yu.M.Orlov [7] va S.N.Morozyuk [8]lar mazkur aks ettirish turini "sanogen refleksiya" deb nomlashadi.
S.N.Morozyukning ta’kidlashicha, shaxsning sanogen aks ettirishi bu o'z-o'zini anglash va o'zini o'zi boshqarish jarayonlarining samaradorligi va muvaffaqiyatini, avvalgi shaxsiy tajribani qayta ko'rib chiqishni, uni yangi ma'lumotlar bilan boyitishni ta'minlaydigan ichki aloqaning asosiy mexanizmi bo'lib hisoblanadi.
Subyektda konstruktiv shaxsiy refleksiyaning yuqori darajada rivojlanmaganligi yoki yetishmasligi, bizning fikrimizcha, shaxsning psixoemotsional, xulq-atvor va faoliyat sohalarida har qanday buzilishlarning asosiy sababchisidir. Bunday holatda esa shaxsda patogen refleksiyaning ustunligi haqidagi xulosaga kelishimizga asos bo’ladi. Shu jihatdan, talabalarning sog’lom tafakkurini rivojlantirishda sanogen refleksiya subyektiv omil sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, uni quyidagicha izohlashimiz mumkin: sanogen refleksiya bu insonning o’z-o’zini anglashi, o’z dunyoqarashini, fikrlash tarzini tushunishni hamda orttirilgan tajribalarni qayta aks ettirish va yangi ma’lumotlar bilan to’ldirishni o’z ichiga oladi. Shu bilan birgalikda, ayni vaqtda bajarayotgan va kelajakda amalga oshirmoqchi bo’lgan faoliyat shakllarini hamda boshqa subyektlar bilan bog’liqligimizni va ular bizga qanday aloqasi borligini sanogen aks ettirish vositasida to’g’ri asoslash va baholash amalga oshiriladi. Shu o’rinda ta’kidlash lozimki, mazkur refleksiyada shaxs muayyan vaziyatning xususiyatlarini hisobga olgan holda belgilangan faoliyat modellarini o’zgartirishi yoki o’zgartirishlarni amalga oshirmasligi ham mumkin.
Sanogen refleksiya o’z-o’zimizni anglash, kuchli va kuchsiz tomonlarimizni aniqlash hamda o’z qobiliyatlarimizdan maksimal darajada foydalana olishimiz uchun samarali usuldir. Biroq, sanogen refleksiya nafaqat hayotda o’zimiz haqimizda kerakli bilimlarni beradi, balki quyidagi bir qator muhim funktsiyalarni ham bajaradi:
1) Kognitiv funktsiya. Bu o’z-o’zini bilish va introspektsiyadan iborat.
2) Rivojlanish funktsiyasi. Shaxsni shakllantirishga, bilimlarni to’plashga, ko’nikma va qobiliyatlarni rivojlantirishga qaratilgan maqsad va vazifalarni belgilashda namoyon bo’ladi. Refleksiyaning ushbu funktsiyasi har qanday yoshda insonning individual o’sishini ta’minlaydi.
3) Tartibga solish funktsiyasi, ya’ni ehtiyojlar, harakatlarning sabablari va oqibatlarini baholash faoliyatni tartibga solish uchun sharoit yaratadi.
4) Mazmunli funktsiya. Insonning barcha xatti-harakatlari va fikrlari muayyan mazmunga ega. Ya’ni, biz biron harakatni amalga oshirgan holatda yoki shunchaki fikrlash orqali ham muayyan savolga javob berishimiz mumkin.
5) Loyihalash va istiqbolni belgilash funktsiyasi. Amalga oshirilgan faoliyat va uning natijasida o’zlashtirilgan tajribalarni tahlil qilish bizga keyingi jarayonlarni loyihalashtirish imkonini beradi. Refleksiyaning ushbu funktsiyasini muvaffaqiyatli kelajak uchun model yaratish hamda o’z-o’zini rivojlantirishning zaruriy sharti sifatida baholashimiz mumkin.
Bo’lajak o’qituvchilarning sanogen tafakkurini rivojlantirish o’z-o’zidan talabalarda sanogen refleksiya qobiliyatining shakllanganlik darajasi bilan uzviy bog’liqlikda kechadi. Chunki, bizning tadqiqotimiz uchun qiyinchiliklarni bartaraf etishdagi refleksiv mexanizmlar eng dolzarbdir. Ushbu holat shu bilan izohlanadiki, bo’lajak mutaxassislar amaliy-kasbiy ta’lim va hayotiy faoliyat jarayoni sub’ektlari sifatida turli xil muammolarga duch keladi, ham ijobiy, ham salbiy kechinmalarni his etadi va bu orqali o’z refleksiv imkoniyatlarini rivojlantiradi. Bunday holatda esa, refleksiya bevosita ilmiy-bilish va amaliy faoliyat usullarini shakllantirish vositasi sifatida namoyon bo’ladi. Refleksiv jarayon mohiyati, uning shakl va turlari tahlilidan kelib chiqqan holda, sanogen refleksiyaning tarkibiy komponentlarini quyidagicha belgilashimiz mumkin (1-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |