Mavzu: Globallashuv davrida yoshlarning tarbiya masalalari
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta'lim tizimi tubdan isloh etilib, ertangi kunimizning munosib davomchilari bo‘lgan barkamol avlodni voyaga yetkazishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qabul qilingan sohaga oid bir qator davlat dasturlariga asosan ko‘plab ta'lim muassasalari yangidan qurildi, ta'mirlandi, eng zamonaviy o‘quv anjomlari bilan ta'minlandi. Milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan, bugungi davr talablariga javob bera oladigan ta'lim-tarbiya tizimi yaratildi. Bu boradagi ishlar bugungi kunda ham jadal davom etmoqda, mustaqil fikr, intellektual jihatdan rivojlangan, o‘z dunyoqarashiga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash har doimgidek dolzarb bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, dunyo taraqqiyoti shiddati, unda kechayotgan voqealar rivoji barcha sohalar kabi ta'lim-tarbiya jarayoniga ham yangicha yondashuv, innovatsiyalarni tatbiq etishni taqazo etmoqda. Avvalo bu, o‘quv dasturlari, darsliklar, metodikalarni yanada takomillashtirish, o‘qituvchi-pedagoglar saviyasini muntazam oshirib borish, jarayonga eng zamonaviy va ilg‘or axborot hamda ta'lim texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq muammolarda ko‘rinmoqda.
Bugungi kunda xalq ta'limi tizimi oldiga qo‘yilayotgan bu kabi vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish, amaliy natijalarini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida muxbirimiz Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatovga bir necha savollar bilan murojaat etdi.
- Hurmatli Ulug‘bek Ilyasovich, ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini ta'minlashda pedagog-tarbiyachilarning kasbiy mahorati muhim o‘rin tutadi. Xususan, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida pedagoglarning saviyasini oshirish, ta'lim-tarbiya tizimini kompleks rivojlantirish zarurligiga alohida e'tibor qaratdi. Ayni paytda xalq ta'limi tizimida pedagoglarning kasbiy va ma'naviy saviyasini, mahoratini yanada oshirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
- Darhaqiqat, yosh avlodga sifatli bilim berish uchun, avvalo, o‘qituvchi-pedagoglar malakasi va mahorati davr talabiga javob berishi lozim. Ayniqsa, bugun yoshlar juda tez va ilg‘or fikrlamoqda. Darslarni ularning talabiga mos - yuqori darajada tashkil etish uchun o‘qituvchi muntazam ravishda o‘z mahoratini oshirib borishi, har bir mashg‘ulotga alohida tayyorgarlik ko‘rishi zarur. Shu bois xalq ta'limi tizimiga yangi va zamonaviy ta'lim texnologiyalari, o‘quv dasturlarini joriy etish bilan birga, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirishga ham muntazam ravishda e'tibor qaratib borish zarur. Bugungi kunda xalq ta'limi tizimida 4916 ta maktabgacha ta'lim muassasasi, 9692 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabi, 301 ta bolalar musiqa va san'at maktabi, 211 ta “Barkamol avlod” markazlari, 225 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi, 4 ta davlat pedagogika instituti faoliyat ko‘rsatmoqda. Tizimda rahbar va pedagog kadrlar malakasini oshirish uchun Abdulla Avloniy nomidagi Markaziy institut, 14 ta hududiy xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti, maktabgacha ta'lim xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish o‘quv-metodik markazi hamda bolalar-o‘smirlar sport maktablari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi faoliyat olib bormoqda. Masofadan malaka oshirishning zamonaviy metodlari joriy etilgan. Birgina 2016 yil davomida 93 mingdan ortiq rahbar va pedagog 140 ta malaka toifasi asosida o‘z malakasini oshirgan. Ayni paytda rahbar va pedagog kadrlar malakasini oshirish mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan davlat talablarini takomillashtirish maqsadida xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilib, xalq ta'limi tizimida malaka oshirish mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan davlat talablarini, o‘quv reja va dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, har bir tuman miqyosida “Mahorat maktablari” tashkil etilib, muntazam o‘tkazib borilayotgan mashg‘ulotlarga barcha fan o‘qituvchilari qamrab olingan. Bu mashg‘ulotlarda pedagoglar tajribali trener o‘qituvchilardan darsga tayyorgarlik ko‘rish, ko‘rgazmali qurollar tayyorlash, yangi mavzuni tushuntirish, o‘quvchilar va ota-onalar bilan ishlash, umuman, kasbga oid barcha yo‘nalishlar bo‘yicha keng amaliy bilimlarni o‘zlashtirmoqda.
Yurtimizdagi umumta'lim maktablarida 389740 nafar pedagog faoliyat ko‘rsatadi. Pedagog kadrlar tarkibi muntazam o‘rganilib, ularning bilimi, mahorati attestatsiya va sinovlardan o‘tkazib borilmoqda. Jumladan, shu yilning 3–12 yanvar kunlari ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy mahorati va bilim darajasini o‘rganish bo‘yicha sinovlar o‘tkazildi. Jami 20119 nafar o‘qituvchidan 17250 (89,5 foizi) nafari sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Qolgan 2869 nafar o‘qituvchining navbatdan tashqari malaka oshirish kurslaridan o‘tishi rejalashtirildi.
Bundan tashqari, o‘tgan yili boshlang‘ich ta'lim hamda aniq va tabiiy fanlar o‘qituvchilarining respublika forumlari o‘tkazilib, ularda tegishli o‘quv fanlari ta'limida mavjud muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari hamda ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirishga doir muhim chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshirilmoqda. Joriy yilning mart oyida ijtimoiy fanlar o‘qituvchilarining forumini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mazkur tadbir ham pedagoglar mahorati va malakasini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
- Prezidentimiz mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida o‘quv reja va dasturlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Kelgusida bu boradagi vazifalar ijrosini ta'minlash yuzasidan rejalashtirilayotgan ishlar xususida to‘xtalsangiz.
- Albatta, ta'lim muassasalarida darslarni samarali tashkil etishda yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, yetuk kadrlar bilan bir qatorda ta'limga doir me'yoriy hujjatlar, o‘quv-metodik ta'minotning o‘rni ham muhim sanaladi. Davlatimiz rahbari tomonidan o‘qitishning zamonaviy metodologiyasini yaratish va amaliyotga joriy etish, o‘quvchilarning ongli ravishda kasb-hunar tanlash motivatsiyalarini kuchaytirish, darsliklarni yaratishga butunlay yangicha yodashish kabi dolzarb vazifalar ham aynan shu maqsaddan kelib chiqilgan holda qo‘yilmoqda. Haqiqatan ham, globallashuv jarayonlarining jadallashuvi o‘quv dasturlarimizni tubdan qayta ko‘rib chiqishni, keng bilimga ega bo‘lgan, mantiqiy fikrlay oladigan yoshlarni voyaga yetkazishga xizmat qiladigan, takomillashgan me'yoriy hujjatlar, o‘quv-metodik majmualarni yaratishimizni taqozo etmoqda.
O‘tgan yillarda o‘quvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirish maqsadida xalqaro hamda mamlakatimizda chet tillari bo‘yicha uzluksiz ta'lim tizimining davlat ta'lim standartlari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish tajribasiga asoslangan holda, kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan 18 ta umumta'lim fanlari bo‘yicha uzluksiz ta'lim tizimining davlat ta'lim standartlari va o‘quv dasturlari loyihalari tayyorlanib, 75 ta maktab, 39 ta kasb-hunar kollejlari va 28 ta akademik litseyda tajriba-sinovdan o‘tkazilgan, natijalar asosida 6 ta tayanch kompetensiya belgilab olingan edi. Shu asosda o‘quvchilarning yosh va psixo-fiziologik xususiyatlariga mos, uzluksiz va uzviylashtirilgan, nazariy bilimlarni amalda qo‘llay olish imkonini beradigan yangi davlat ta'lim standartlari va o‘quv dasturlari loyihasi tayyorlandi. Ayni paytda amaliyotchi pedagoglar, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruhlari ko‘magida umumiy o‘rta ta'limning takomillashtirilgan davlat ta'lim standartlarini yaratish va o‘quv dasturlarini ishlab chiqib, o‘rnatilgan tartibda amaliyotga joriy etishga kirishildi. Yangicha talab asosida ishlangan darsliklar majmua tariqasida (darslik, multimedia ilovasi, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma) bo‘lib, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalariga asoslanadi.
- 2017 yil - “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasidagi vazifalar ijrosi, ya'ni ota-onalar, pedagoglar bilan muloqot, ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash va o‘z vaqtida hal etish masalalari xalq ta'limi tizimida qanday amalga oshiriladi?
- Xalq ta'limi vazirligi jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, xususan, har bir fuqaroning axborot olishga bo‘lgan qonuniy huquqlarini ta'minlash masalasiga doimiy e'tibor qaratib kelmoqda. Xalq ta'limi vazirligi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash, hamyurtlarimizning sohaga oid taklif, mulohaza va arizalarini zudlik bilan ko‘rib chiqish, tizimda olib borilayotgan islohotlar borasida jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida 10-06 qisqa raqamli “ishonch telefoni”dan tashqari, 2016 yilning 28 noyabridan e'tiboran Xalq ta'limi vazirining virtual qabulxonasi (www.uzedu.uz) ishga tushirildi.
Bugungi kunda fuqarolar Xalq ta'limi vazirligiga:
- Xalq ta'limi vazirining virtual qabulxonasi;
- 10-06 qisqa raqamli “ishonch telefoni”;
- info@xtv.uz elektron pochta manzili orqali murojaat etish;
- bevosita rahbariyat qabuliga kirish va qisqa muddatda o‘z savollariga javob olish imkoniyatiga ega.
Xalq ta'limi vazirligiga, shu jumladan, virtual qabulxonaga murojaatlar amaldagi qonun talablari asosida qabul qilinib, o‘rnatilgan tartibda va qonun bilan belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilmoqda. Raqamlarni tahlil etadigan bo‘lsak, 2016 yilda Xalq ta'limi vazirligiga fuqarolardan 5,5 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ulardan:
– 347 tasi og‘zaki;
– 1950 tasi yozma;
– 2100 tasi “ishonch telefoni” orqali;
– 161 tasi vazirning virtual qabulxonasi orqali;
– 1218 tasi Bosh vazirning virtual qabulxonasi orqali kelib tushdi.
Shundan 3764 ta murojaatga o‘rnatilgan tartibda javob qaytarildi, 1481 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borildi, 380 ta murojaat o‘rganilmoqda, 151 tasi esa asosli rad etildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari vazirlik rahbariyatining doimiy nazoratiga olingan bo‘lib, ishlab chiqarish va Hay'at yig‘ilishlarida murojaatlar hamda ularda ko‘tarilayotgan muammolarga qonunda belgilangan tartibda javob qaytarilayotgani muhokama qilib borilayapti. Murojaatlar mazmuni tahlil etilib, eng ko‘p ariza, shikoyat va takliflar kelib tushayotgan masalalar — ish bilan ta'minlash, ta'lim muassasasiga o‘qishga kirish va joylashtirish, maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati, ta'lim-tarbiya mazmunini takomillashtirish, maktablarda dars taqsimoti bo‘yicha muammolarning oldini olish choralari ko‘rilayapti. Shuningdek, murojaatlar geografiyasi tahlil qilinib, murojaatlar nisbatan ko‘p kelib tushayotgan hududlarda “Sayyor qabul kunlari”, “Ochiq eshiklar kuni” kabi tadbirlar o‘tkazilmoqda. Hududiy xalq ta'limi boshqaruv idoralari mas'ul rahbarlariga tegishli tavsiyalar, zarurat tug‘ilganda o‘rnatilgan tartibda choralar ko‘riladi.
- Shu ma'noda aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017–2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani ota-onalarni, butun xalqimizni mamnun etdi. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash borasidagi ishlar xususida ham so‘zlab bersangiz.
- Bugungi taraqqiyotning jadalligi, hali maktabga chiqmagan bolaning sanashni, o‘qish va yozishni, axborot texnologiyalarini o‘zlashtirib olayotgani, tezkorlik bilan fikrlayotgani tarbiyachilarning malakasini oshirish, bog‘chalardagi o‘quv-tarbiya dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirishni talab etmoqda. 2017—2021 yillarga mo‘ljallangan keng ko‘lamli kompleks tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadigan mazkur Dastur ayni shu maqsadlarga qaratilgan. Unda bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta'lim dasturlarini tatbiq etish, bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish belgilangan. 2200 ta maktabgacha ta'lim muassasasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qishloq joylarda maktabgacha ta'lim muassasalarini yangidan qurish, zamonaviy talablarga javob beradigan inventar, jihozlar, o‘quv-metodik qo‘llanma va multimediali vositalar bilan ta'minlash rejalashtirilgan. Yangi loyiha asosida bunyod etiladigan muassasalarda qulay sharoitga ega yozgi ayvonchalar, suzish basseynlarini qurish ko‘zda tutilgan. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 2,2 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Dastur doirasida 5-6 yoshli bolalarni maktab ta'limiga tayyorlash bo‘yicha muqobil shakllarni yaratish va rivojlantirish ishlari ham amalga oshiriladi. Ya'ni, yurtimiz bo‘yicha maktabgacha ta'lim muassasalarida 6100 ta qisqa muddatli guruh tashkil etiladi. Ularni, birinchi navbatda, qishloq joylarda tashkil etishga e'tibor qaratiladi. Bunday guruhlarda maktabgacha yoshdagi bolalar uchun turli rivojlantiruvchi amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi. Shu asosda har yili 305 mingdan ortiq 5-6 yoshdagi bolalarni maktab ta'limiga sifatli tayyorlash imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, maktabgacha ta'limga qamrab olinmagan 3—6 yoshli bolalarni ularning ota-onalarini metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlash orqali maktab ta'limiga tayyorlash tizimi ham joriy etiladi.
Qaror bilan belgilangan kompleks tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida bolalarning maktabgacha ta'limga qamrovi 1,5 barobarga oshadi. 2021 yilga kelib, respublikamizda maktabgacha ta'lim muassasalari 1 million 109 ming nafardan ortiq bolalarimizni qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qarorda tarbiyachi-pedagoglar salohiyati, malakasi va tajribasini oshirishga ham alohida e'tibor qaratilgan. Maktabgacha ta'lim muassasalari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishda, birinchi navbatda, o‘quv reja va dasturlar zamonaviy pedagogik texnologiya va metodlarni inobatga olgan holda takomillashtiriladi. Bugungi kunda tizimda faoliyat olib borayotgan 55 mingdan ziyod pedagog xodimlarning malakasi takomillashtirilgan o‘quv reja va dasturlar asosida bosqichma-bosqich oshiriladi.
Ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasidan foydalanib, 2017 yilda maktabgacha ta'lim-tarbiya tizimi uchun muqobil dasturlarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq qilamiz. Yangilangan dasturlar bolalarni maktabga yanada sifatli tayyorlashga, ularning intellektual qobiliyati va mantiqiy fikrlash salohiyatini yuksaltirishga, oldingidan farqli o‘laroq, yozish va o‘qishni jadal o‘rganishiga xizmat qiladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, chet tillar bo‘yicha yangi davlat ta'lim standartlari va o‘quv dasturlari ishlab chiqilib, amaliyotga keng tatbiq etilmoqda. Bu boradagi ishlarning borishi, erishilgan natijalar, o‘quvchilarning tilni o‘zlashtirish samaradorligi qanday bo‘lmoqda?
- Aytish joizki, mazkur qaror ta'lim-tarbiya tizimiga yangicha mazmun baxsh etgan muhim hujjatlardan biri bo‘ldi. Qaror asosida tayyorlangan chet tillar bo‘yicha yangi davlat ta'lim standartlari va o‘quv dasturlariga mos darsliklar asosida bolalar chet tillarni katta qiziqish bilan o‘rganmoqda. Ayni paytda 1–4-sinf o‘quvchilari uchun zamonaviy darslik-majmualar ishlab chiqilib, o‘quvchi va o‘qituvchilar darsliklar bilan yuz foiz bepul ta'minlangan. Chet tili ta'limi samaradorligini oshirish maqsadida maktablarga barcha zarur jihoz va inventarlar yetkazib berilgan.
“Kids’ English” darsligi boshlang‘ich sinflar uchun yagona kontseptual metodika va prinsiplar asosida yaratilgan. Umumevropa kompetensiyalariga asoslangan uzluksiz ta'lim tizimining chet tili bo‘yicha davlat ta'lim standarti talablariga ko‘ra, boshlang‘ich ta'lim (4-sinf)ni tugatayotgan o‘quvchi til bilishning boshlang‘ich A1 darajasiga ega bo‘lishi lozim. O‘quvchilar tilni bu darajada o‘zlashtirishi uchun 1-sinfda 150 ta, 2-sinfda 150 ta, 3-sinfda 100 ta va 4-sinfda 100 ta — jami 500 ta leksik birlikni o‘zlashtirib, o‘tilgan mavzular doirasida birlamchi savol-javoblarda ishtirok etish ko‘nikmasini egallaydi.
Chet tillar bo‘yicha yangi davlat ta'lim standartlari asosida ta'lim olayotgan 4-sinf o‘quvchilari 2017-2018 o‘quv yilida 5-sinfda o‘qishni davom ettiradi. Bu jarayon bilan bog‘liq ravishda amaldagi ingliz, fransuz va nemis tili darsliklari ham yangi talablar asosida, 1-4-sinf chet tili darsliklarining mantiqiy davomi sifatida qayta ishlanmoqda. Ayni paytda majmualar joylardagi bir nechta maktabda tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda.
2013-2016 yillar davomida boshlang‘ich sinflarda chet tillar kiritilishi munosabati bilan chet tili o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida oliy ta'lim muassasalarining 6133 nafar bitiruvchisi umumta'lim maktablariga chet tili o‘qituvchisi sifatida ishga qabul qilingan. Joriy o‘quv yilida chet tili o‘qituvchilarini tayyorlovchi 18 ta oliy ta'lim muassasasining 1421 nafar bitiruvchisi ishga qabul qilindi.
So‘nggi uch yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlaridagi 47 ta tumanda chet tili o‘qituvchilariga ehtiyojni qoplash maqsadida oliy ta'lim muassasalarining chet tili yo‘nalishiga 652 nafar abituriyent imtiyozli qabul qilindi.
Chet tili o‘qituvchilarining bilim darajasi, saviyasi, malakasi va kasbiy mahoratini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 25 martdagi 67-sonli qarori asosida 2015 va 2016 yillar davomida 671 ta tayanch maktab bazasida 969 nafar trener o‘qituvchi tomonidan 20 mingga yaqin ingliz tili o‘qituvchilari uchun haftalik kurslar tashkil etildi. O‘qituvchilar bilim darajasi trenerlar tomonidan har oy yakunida oraliq nazorat va 4 oy yakunida hududiy malaka oshirish institutlari tomonidan yakuniy attestatsiya baholari orqali nazoratga olindi.
Har yili Xalq ta'limi vazirligi tizimida o‘tkazib kelinayotgan «Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovining g‘oliblari xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirish imkoniga ega bo‘lmoqda. Hozirda 42 nafar har bir viloyatdan 1-3 o‘rinni egallagan o‘qituvchilar Buyuk Britaniyaning nufuzli universitetida ixtisoslik bo‘yicha malaka oshirishdi.
E'tiborlisi, maktab o‘quvchilariga chet tilini o‘rgatish borasida o‘ziga xos yondashuvlar tanlandi. Xususan, bolalar til o‘rganish barobarida tili o‘rganilayotgan xalq madaniyatini milliy qadriyat va an'analarimizga solishtirgan holda o‘rganib boradi. Darsliklarga o‘zbek va jahon adabiyoti ijodkorlari ijodidan namunalar ham kiritilganki, bu bolalarda mutolaa madaniyati shakllantirishga xizmat qiladi.
- Kitobxonlik madaniyati xalqning ma'naviy qiyofasini belgilaydi. Shu bois bugun yurtimizda aholining, ayniqsa, yosh avlodning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Xalq ta'limi tizimida o‘quvchilarning kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish yuzasidan bajarilayotgan ishlar haqida to‘xtalsangiz.
- Darhaqiqat, Prezidentimizning shu yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi xalqimiz ma'naviyatini yanada yuksaltirish, yosh avlod qalbida kitobga mehr uyg‘otish, komil insonni tarbiyalash borasida juda muhim qadam bo‘ldi. Mazkur farmoyish bizning zimmamizga ham ulkan mas'uliyat yukladi.
Bugungi kunda xalq ta'limi tizimida 9576 ta maktab kutubxonasi va axborot-resurs markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, xalq ta'limi tizimida 12 ta viloyat va 199 ta tuman(shahar) axborot-resurs markazlari mavjud. Mazkur muassasalarda 23 milliondan ortiq kitob fondi mavjud. Ya'ni 4,8 million o‘quvchining har biriga o‘rtacha 4,7 donadan kitob to‘g‘ri keladi.
Tizim fondidagi kitoblarning 5 million nusxasi (21,7 foizi) bolalar adabiyoti hisoblanadi. Ular har bir o‘quvchiga deyarli 1 donadan to‘g‘ri keladi. Maktab kutubxonalarida o‘rtacha 50—60 nomdagi 500 tadan 1500 donagacha badiiy adabiyotlar mavjud.
Soha mutaxassislarining xulosasiga ko‘ra, kutubxonalar fondi har yili kamida 15-20 nomdagi yangi adabiyotlar bilan to‘ldirilishi maqsadga muvofiq. Vazirlik tomonidan maktab kutubxonalari fondini bolalar badiiy adabiyotlari bilan boyitish maqsadida 2014-2015 o‘quv yilida 1-4-sinf o‘quvchilari uchun byudjyet mablag‘lari hisobidan 5,6 milliard so‘mlik - 27 nomdagi jami 847 293 nusxa badiiy adabiyotlar yetkazib berildi. Joriy o‘quv yilida 5-9-sinf o‘quvchilari uchun 7,6 milliard so‘mlik - 28 nomdagi 1,2 million nusxa badiiy adabiyotlar yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish maqsadida ta'lim muassasalarida “Kitob taqdimoti”, “Adabiyot kunlari”, “Kitobim - oftobim” nomli ma'rifiy tadbirlar, “Maktab-kutubxona-oila-jamoat tashkilotlari” xayriya tadbiri va ota-onalar ishtirokida “Bir farzandga - uch kitob” aksiyalari hamda “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” va “Kitobxon maktab” tanlovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Ta'lim muassasalarida o‘quvchilar va o‘qituvchilar o‘rtasida kitobxonlik muhitini yaratish maqsadida umumta'lim maktablarida “Kitobxonlik soatlari”ni tashkil qilish, xonadonlarda oilaviy kutubxona tashkil etish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ota-onalar o‘rtasida oilaviy kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida “Eng yaxshi kitobxon oila” respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazish kabi ustuvor vazifalar ham belgilanmoqdaki, bu aholi va o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini rivojlantirishda o‘ziga xos o‘rin tutishi shubhasiz.
XXI asr jahon taraqqiyotida shakllangan yangi umumsayyoraviy tartib,
tamadduniy bosqich mazmun-mohiyati, davlatlar va kishilar o‘rtasidagi o‘zaro
aloqalarning kengayishi va murakkablashishi, dunyo miqyosida axborot makoni, kapital, tovar hamda ishchi kuchi bozorida tamoman yangicha vaziyatning vujudga kelishi, atrof-muhitga texnogen ta’sirning kuchayishi, ommaviy madaniyat namunalarining keng tarqalishi, informatsion-mafkuraviy va diniy-ekstremistik
xurujlar xavfining ortib borishi, globallashuv, axborotlashuv jarayonlarining
jadallashishi bilan xarakterlanadi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov globallashuvning jarayonining mazmun-mohiyati xususida to‘xtalib, uni quyidagicha tavsiflagan edi: “...globallashuv fenomeni haqida gapirganda, bu atama bugungi kunda ilmiy-falsafiy, hayotiy tushuncha sifatida juda keng ma’noni anglatishini ta’kidlash lozim. Umumiy nuqtayi nazardan qaraganda, bu jarayon mutlaqo yangicha ma’no-mazmundagi xo‘jalik, ijtimoiy-siyosiy, tabiiy-biologik global muhitning shakllanishini va shu bilan birga, mavjud milliy va mintaqaviy muammolarning jahon miqyosidagi muammolarga aylanib borishini ifoda etmoqda”. Sir emaski, jahonda globallashuv jarayoni tobora shiddatli tus olayotgan, dunyo mamlakatlarining inson manfaatlariga xizmat qiladigan tom ma’nodagi demokratik yo‘lni tanlab olishga bo‘lgan intilishlari kuchaygan bir sharoitda axborotning roli kun sayin ortib bormoqda.Bugungi kunda ishlab chiqarish rivojini axborotsiz tasavvur
qilib bo‘lmaydi. Zamonaviy axborot tizimi kompyuter va axborot tizimi, mahalliy va global tarmoqlar, internet tarmog‘i, multimediali texnologiyalar va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Ular jamiyatning rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi. Insoniyat axborotlashuv sohasida inqilobiy o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, axborotlashgan jamiyatda yashamoqdamiz. Xo’sh, ayni damda ushbu shiddat bilan kechayotgan jarayonning inson psixikasiga ta’siri qanday? degan savol tug’iladi. Darhaqiqat, globallashuv jarayoni hozirda hayotimizga tobora tez va chuqur
kirib kelmoqda. Globallashuv jarayonidan ikki xil maqsadda - ezgulik va yovuzlik yo'lida foydalanish mumkin. Ezgulik yo'lidagi harakatlar davlatni va jamiyatni rivojlantirishga xizmat qiladigan bo'lsa, yovuzlikni maqsad qilgan esa buning tamomila aksidir. Globallashuv jarayonida tahdidlar masalasiga to'xtaladigan bo'lsak, u barcha sohalarda bo'lgani kabi yoshlar ongi, psixikasi hamda ma'naviyatga ham o'z ta'sirini o'tkazmoqda. Dunyoda axborot almashinuvining o'sishi bilan yoshlar madaniyatiga ta'sir etuvchi ma'naviy tahdidlar ham insoniyat oldiga yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Chetdan kirib kelayotgan yot g’oyalar, ayniqsa, yoshlar ongini individualizm, egotsentrizm kabi tushunchalar bilan zaharlovchi ma'naviy-mafkuraviy tahdidlarga aylanmoqda. Bugungi kunda inson ma'naviyatiga qarshi yo'naltirilgan, bir qarashda arzimas bo'lib tuyuladigan kichkina xabar ham axborot olamidagi globallashuv shiddatidan kuch olib, ko'zga ko'rinmaydigan lekin zararini hech narsa bilan o'lchab bo'lmaydigan ziyon yetkazishi mumkin. Jumladan, ma'naviy tahdidlarning bir ko'rinishi bo'lgan «ommaviy madaniyat» niqobidagi tazyiqlarning yoshlar ongiga ta'siri mamlakat taraqqiyoti uchun xavf soladi. Ayniqsa, voyaga yetmagan bolalarning turli internet klublarida o'tirishlari va pornografik saytlarga kirishlari, mobil telefonlardan noto'g'ri
foydalanib, behayo film va suratlar olib yurishlari, bularning barchasi inson ma'naviy kamolotiga ulkan zarar keltiradi. Bugungi globallashuv asrida axborotga bo‘lgan talab har qachongidan ko‘ra, kuchayib bormoqda. Shunday ekan, xolis va haqqoniy axborotlarni tarqatish, ommaning bu mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish har qachongidan ko‘ra
bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, demokratik jamiyatda
ommaviy axborot vositalari, tele-radio kanallar odamlarni xolis va haqqoniy axborot
yetkazadigan, gumanistik qarashlar, ilg‘or g‘oyalarni ifoda qiladigan erkin minbar sifatida e’tibor beriladigan vositadir. Aslida ham shunday. Bugun jahon miqyosida bo‘layotgan olamshumul o‘zgarishlar, iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fandagi inson aqlini lol qoldiradigan yangiliklaru ixtirolar barcha-barchasi ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum bo‘lmoqda. Shu o‘rinda ulug‘ alloma Abu Rayxon Beruniy merosidagi ayrim fikrlarga e’tiborni qaratmoqchimiz. Alloma bundan ming yil burun shunday yozib ketganlar.
«Xabar beruvchilar sababli rostlik va yolg‘onlik tusini oladi. Chunki, odamlarning maqsadlari xilma-xil xalqlar o‘rtasida tortishish va talashish ko‘p. Shunday kishilar ham bo‘ladiki, ularning tabiatiga yolg‘on xabar tarqatish o‘rnashib qolib, go‘yoki unga shu vazifa yuklangandek bo‘ladi va xabar tarqatmasdan tinchiyolmaydi. Bu yomon xohishlardan va tabiatiga buzuq fikrlarning joylashganligidan kelib chiqadi». Qarang, bundan o‘n asr avval yashab o‘tgan bobokalonimiz bugungi kun voqeligi, ayniqsa, o‘zini adolatparvar, inson huquqlari himoyachisi, oddiy so‘z bilan aytganda, «jurnalist» deb yurgan ayrim kimsalarga bahs berib o‘tgan ekanlar. Axborotni himoyalash masalalariga rivojlangan mamlakatlar katta ahamiyat beradi. Hozirgi paytga kelib xalqaro munosabatlar yangi axborot texnologiyalari asosida shakllanayotgani bois, axborotni himoyalash va kompyuter tizimlari xavfsizligini ta’minlash jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. «Bugungi kunda, - degan edi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov - insoniyat qo‘lida mavjud bo‘lgan qurol-yarog‘lar Yer kurrasini bir necha bor yakson qilishga yetadi. Buni hammamiz yaxshi anglaymiz. Lekin hozirgi zamondagi eng katta xavf - insonlarning qalbi va ongini egallash uchun uzluksiz davom etayotgan
mafkuraviy kurashdir. Endilikda yadro maydonlarida emas, mafkura maydonlarida bo‘layotgan kurashlar ko‘p narsani hal qiladi». Kurashning bu turida eng samarali qurol - axborot. Shu bois, axborotni o‘z maqsadlariga xizmat qildirishga intilish keskin tus olmoqda. Axborot, uni uzatish, qayta ishlash va yig‘ish bosqichlari o‘ziga xos xususiyatga ega ekanligi bilan ham
ahamiyatlidir. Ya’ni, insonning oddiy, kundalik ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan xatti-harakatlarining asosini ham, dunyo mamlakatlarining insoniyat taqdiriga daxldor bo‘lgan qarorlarining manbaini ham axborot tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Mutaxassislarning xulosalariga qaraganda, rahbarlar, boshqaruv xodimlari axborotlar bilan ishlashga o‘z vaqtlarining 30 foizdan 80-95 foizgachasini sarflashar ekan. Bu tabiiy holat. Chunki o‘z vaqtida va ishonchli axborotlarga ega bo‘lish hamda ularnio‘z vaqtida yetkazish va amaliyotda unumli foydalanish samarali boshqarishni ta’minlashning sharti hisoblanadi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bugungi kunda dunyo bo‘ylab o‘z manfaatlarini keng yoyishning eng maqbul usuli - axborot xurujlari bo‘lsa, eng samarali vosita -axborot tizimlari va vositalari hisoblanadi. Hozirda turli usullarda olib borilayotgan mafkuraviy targ‘ibot va tashviqotlarning asl maqsadi-yoshlarimizning qalbi va ongi uchun kurashga qaratilgan. Ushbu axborot tahdidlarining salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida ta’lim muassasalarida ta’lim va tarbiyani uzviy holda, birga olib borish zarur. Ta’lim berish jarayonida maqsadga muvofiq tarbiyalab borish, tarbiyalash jarayonida ta’limga oid ma’lumotlar, usullardan o‘rinli foydalanish har doim ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. SHu bilan birga ta’lim muassasalarida ijtimoiy fanlarni o‘qitish jarayonida asosiy e’tiborni talabalarda tanqidiy tafakkurning rivojlantirilishiga, shuningdek ularda axborotpsixologik xavfsizlikning ta’minlanganligi, psixologik himoya mexanizmlarining shakllanganligiga qaratish darkor. Ayniqsa, yosh davrlari bilan bog‘liq shaxs inqiroz holatlari mavjudligini ota-onalar inobatga olishlari, mazkur holatlar o‘smirlik davrida alohida e’tibor talab qilishini bilishlari zarur. Globallashuv
sharoitda farzandlarimiz tarbiyasini virtual olam ixtiyoriga berib qo‘yish esa yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Jamiyatimizning, mamlakatimiz fuqarolarining jismoniy, psixologik, axloqiy, ma’naviy, madaniy jihatdan sog‘lom bo‘lishi barchamizga bog‘liqligini e’tibordan soqit qilmasligimiz zarur. Bunda esa albatta, oila, ta’lim muassasalari, jamoatchilik, fuqarolik institutlari hamkorligi kuchaytirib borilishi, barcha faol fuqarolik pozitsiyasini egallashi muhim ahamiyatga egadir. bugungi kunda yoshlarni turli yot g‘oyalar, virtual olamning salbiy ta’sirlaridan himoyalash e’tiborga molik, davlat siyosati darajasidagi masala ekanligidan kelib chiqib, bu yo‘nalishdagi ishlarni susaytirmaslik, izchil va tizimli olib borish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mafkuraviy immunitetni, axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish keng ilmiy jamoatchilik, ota-onalar va har bir
ongli fuqaro oldida turgan dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, bugungi kunda jamiyatimizda kechayotgan bunday jarayonlarda e'tiborli bo'lish, yoshlarni to'g'ri yo'lga boshlash lozim. Bunda:
- ularda, turli xildagi ma'naviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish;
- yoshlarni ma'naviy merosimiz namunalari bilan muntazam ravishda tanishtirib borish;
- yosh bolalarga mobil telefonlar va kompyuter o'yinlarining inson sog'ligi,
ma'naviyati, ongiga yetkazadigan salbiy ta'sirlari haqida tushuntirish ishlari olib borish lozim. Shundagina biz yoshlarimizni, shu bilan birga xalqimizni har qanday yovuz kuchlar va ma'naviy tahdidlar to'fonidan omon saqlaymiz, ular qalbida yurtga sadoqat, vatanga muhabbat tuyg`ularini shakllantira olamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |