2. Fan bilishning maxsus shakli.
Fanni tadqiqot obyekti sifatida tushunishga, ya’ni fan haqidagi fanga yoki fan falsafasiga, yoki dunyoni ilmiy bilishga quyidagi yondashuvlar kiradi:
Inson madaniyatining shakllanishi jarayonida:
a) fan bilish;
b) fan faoliyat;
v) fan institut sifatida ifodalanadi.
Endi «fan» va «ilmiy bilish» tushunchalariga ba’zi faylasuflar bergan ta’riflar bilan tanishamiz. Immanuel Kant «Fan va ilmiy bilimning asosiy belgilari tizimlilikdir», deb hisoblagan. Kant fikricha, ilmiy bilim «sof aql arxitektonikasiga binoan majburiy tizimni tashkil qiluvchi bilimdir». Bu fikr, ayniqsa, «Sof aqlning tanqidi» asaridagi «Metod haqidagi transsendental ta’limot» bо‘limida yanada aniqroq bayon etilgan: «Men arxitektonikada tizimni qurish san’atini tushunaman. Chunki kundalik bilim aynan tizimlilik birligiga asoslanib fan bо‘ladi. YA’ni, oddiy bilim agregatidan tizimga aylanadi. Arxitektonika esa umuman bizning bilimlarimizning ilmiy tomoni haqidagi ta’limotdir. Demak, u metod haqidagi ta’limotga zaruriy tarzda kiritiladi»4.
Fan taraqqiyoti tarixida bilim shakllanishining ikki metodi: dastlabki fan va haqiqiy fan (klassik fan) mavjud. Dastlabki fanda, inson о‘zining kundalik hayoti va tajribasida tez-tez uchraydigan narsalarni hamda ularning о‘zgarish usullarini о‘rganadi. U о‘z faoliyati natijalarini oldindan kо‘rish uchun qandaydir о‘zgarishlar modellarini yaratishga harakat qiladi. Tajriba asosida shakllangan tafakkur faoliyati amaliy harakatlarning ideallashgan sxemasini tashkil qiladi.
Fandagi egallangan bilimning namoyon bо‘lishi bilan fanning о‘zi shug‘ullanadi. Aynan fan sohasida ilmiy bilimlarni umumlashtirish, tanlash, tizimlashtirish va ulardan kelgusida foydalanish haqida chuqur tasavvurlar hosil bо‘ladi.
Birinchi vaziyatdan bilim jamiyatning moddiy amaliy hayotida yoki uning ma’naviy boyishida, ikkinchisidan esa yangi ilmiy tadqiqotlarni, yangi tadqiqot dasturlarini yaratishda foydalaniladi. Ilmiy bilimlardan tashqi va ichki jarayonda qо‘llashning oraliq vositasi, ta’lim tizimi hisoblanadi. Olamni anglashga yunaltirilgan inson faoliyatining alohida xususiyati sifatidagi fan bilan falsafa, metodologiya va fan mantig‘i, shuningdek falsafiy bilish nazariyasi shug‘ullanadi. Ijtimoiy hodisa yoki ijtimoiy institut sifatidagi fan bilan fanshunoslik shug‘ullanadi.
Fan tarixi uning barcha sohalariga aloqador alohida predmet bо‘lib, odatda tarixiy ilmiy tadqiqotlarda «nima, qayerda va qachon» kabi daliliy izohlash bilan chegaralaniladi.
Bilish faqat fan bilan chegaralanmaydi, balki ma’lum darajada fandan tashqarida ham mavjud bо‘ladi. Ilmiy bilishning paydo bо‘lishi bilimning boshqa shakllarining yо‘qolib ketishiga olib kelmaydi. Zero, fanni noilmiy bilim shakllaridan tо‘liq ajratish yо‘lidagi turli harakatlar hozircha hech qanday natijaga olib kelmadi.
Ijtimoiy ongning har qanday shakliga: falsafa, mifologiya, siyosat, din va h.k.ga bilimning qandaydir shakli mos keladi. Ayni paytda bilimning simvolik, tushunchali, badiiy obrazli asosga ega bо‘lgan shakllari ham mavjud. Eng umumiy ma’noda ilmiy bilish obyektiv haqiqiy bilimni egallash jarayonidir. Ilmiy bilish narsa va hodisalarni izohlash, tushuntirish va bashorat qilish kabi vazifalarni bajaradi. Ilmiy bilish taraqqiyoti nazariya va tamoyillar almashinuviga olib keluvchi ilmiy inqilob deb atalmish inqilobiy davrlari, bilimlarni chuqurlashtiruvchi hamda mukammallashtiruvchi normal fan taraqqiyoti davrlari bilan almashinadi. Ilmiy bilimlar obyektivligi, asoslanganligi bilan xarakterlanib, universallikka da’vo qiladi.
Ratsionallikka asoslangan ilmiy bilimni noilmiy bilimdan farqlaganda, eng avvalo, noilmiy bilim kimningdir uydirmasi yoki yolg‘on emasligini anglash zarur. Chunki u (ratsionallikdan farq qiluvchi) о‘zining normalari, etalonlari, bilish vositalari va manbalariga ega bо‘lgan aniq intellektual asoslarda shakllanadi.
Albatta, hozirgi kunda ilmiy bilishning boshlangan nuqtasi hisoblangan noilmiy bilimning ba’zi shakllari ilmiy bilimdan ham ilgariroq paydo bо‘lgan. Masalan, astrologiya astronomiyadan, alkimyo kimyodan qadimiyroqdir. Madaniyat tarixidagi bilimning xilma-xil shakllari klassik bilim standartlaridan farq qilib, noilmiy bilimlar guruhi sifatida ezoterizm umumiy tushunchasida mujassamlashtirilgan.
Insoniyat tarixining dastlabki davrlaridayoq tabiat va olam haqidagi eng oddiy ma’lumotlar beruvchi kundalik amaliy bilimlarning asosi kundalik turmush tajribalari bо‘lib, unga oddiy ma’lumotlar yig‘indisi sifatidagi tarqoqlik va notizimlilik xarakterlidir.
Odatda, kishilar oddiy ijtimoiy munosabatlar jarayonida shakllanadigan juda katta kundalik bilimga ega bо‘ladilar, bu esa, о‘z navbatida, har qanday bilishga asos bо‘ladi. Ba’zida sof aql aksiomalari ilmiy mulohazalarga zid ravishda, fan taraqqiyotiga tо‘sqinlik qilib, inson ongiga shu darajada singgadiki, natijada progressni tо‘xtatuvchi tо‘siqqa aylanadi. Ba’zida esa, aksincha, kundalik bilimda allaqachon tan olingan holatlarni fan isbotlash va rad qilishning uzoq hamda murakkab yо‘llari bilan izohlashga harakat qilinadi.
Bu, albatta, sof aql, shaxsiy tajriba, an’ana, retseptlar va belgilarni о‘ziga qamrab oladi. Kundalik bilim haqiqatni qayd qilsa-da, uni nomuntazam va isbotsiz amalga oshiradi. Bunday bilimning xususiyati shundaki, odatda, u inson tomonidan ongsiz qо‘llaniladi va bu jarayonda qandaydir dalillar tizimini talab qilmaydi. Ba’zida kundalik tajribaviy bilim artikulyatsiya (oddiy instinkt) darajasidan sakrab, shunchaki subyekt harakatlarini boshqaradi. Uning yana bir xususiyati mutlaqo yozish mumkin emasligidadir. Masalan, har bir etnik birlik, folklorda shakllangan maqollarni u faqat dalil (fakt) sifatida e’tirof etadi, xolos. Lekin ular hech qachon kundalik bilim nazariyasi sifatida yozib qoldirilmaydi. Shuni ham aytish kerakki, olim xususiy ilmiy tushunchalar va nazariyalar zahiralarini voqelikning aniq sohasida qо‘llar ekan, doimo kundalik tajribaning umuminsoniy xarakterga ega bо‘lgan noxususiy sohasida ham ishtirok qiladi. Chunki, olim olim bо‘lsa-da, doim shunchaki inson sifatida qolaveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |