Hissiy bilish.
Har qanday narsani, har qanday predmet yoki hodisani bilish
fikr hissiy idrokdan predmetning mohiyati tomon boradigan jarayondir. Hissiy bilim,
jonli mushohada insonning qurshab turgan dunyo bilan bevosita aloqasi shaklidir.
Hissiy anglash tashqi ta’sir energiyasining ong faktiga aylanishidan boshqa narsa
emas. Usiz biz borliqning hech qanday shakllari haqida hech nima bila olmaymiz.
Biz jonli mushohada yordamida atrofdagi vokelikning turli xossalari va tomonlarini
bilib olamiz, lekin birgina hissiy obrazlar bilan ularning mohiyatini anglab
ololmaymiz.
Bunga sabab, eng avvalo, inson sezgi a’zolarining tabiiy cheklanganligidir.
Masalan, odamning ko‘zi elektromagnit to‘lqinlarning butun spektrini to‘lik idrok eta
olmaydi, uelektromagnit to‘lqinlar spektrining infraqizil, ultrabinafsha va rentgen
qismlarini sezmaydi. Bunday tabiiy cheklanganlik boshqa sezgi a’zolariga ham
xosdir. Masalan, odamning qulog‘i tebranish chastotasi 16 dan 20 ming Gs gacha
bo‘lgan tovush to‘lqinlarini qabul qila oladi, yuqori chastotali yoki past chastotali
tovush to‘lqinlarini eshitmaydi.
Tabiiy sezgi a’zolari bilan idrok etib bo‘lmaydigan hodisalarni maxsus
yaratilgan sun’iy organlar orqali, ya’ni mikroskop, radioteleskop, lokator, barometr,
Geyger hisoblagichi va boshqa xil priborlar vositasida idrok etish mumkin. Bu
priborlar hissiy bilish quvvatini ancha kengaytiradi va kuchaytiradi. SHu bilan birga
hissiy bilish bizni yanglishtirib qo‘yishi mumkin – ko‘z chalg‘ishi, sarob, xomxayol,
ko‘z gallyusinatsiyasi, tovush effekti va hakozolar. Falsafa tarixida yangi zamon
mutafakkirlari barcha bilimlarning hissiy kelib chiqishi muammosiga yuqori darajada
ahamiyat berganlar. Masalan, Jon Lokk materialistik sensualizm (lotincha sensus -
sezgi, sezish) prinsiplarini asoslab berar ekan, avval sezgida bo‘lmagan narsa
intellektda bo‘lmaydi, shuning uchun kimki hech nimani sezmasa u hech nimani
bilmaydi, deb yozgan edi.
Sezgilar, bu – shunday kanallarki, ularning vositasida odam qurshab turgan
olam bilan bog‘langan, olam haqida bevosita axborot olib turadi. Sezgilar abstrakt
tafakkur amalga oshishining asosi bo‘lgan ozuqadir.
Sezgi hissiy bilishning eng oddiy shakli, ob’ektivlik bilan sub’ektivlikning
qorishmasidir, u manbai jihatidan ob’ektiv va u yoki bu sezgi a’zolarining tuzilishiga
bog‘lik holda shakli jihatidan sub’ektivdir. Garchi sezgi bilish uchun yagona kanal
bo‘lsada, birgina sezishning o‘zi tashqi dunyoni butun yaxlitligi, chuqurligi va
konkretligi bilan anglab olish uchun etarli emas. Sezgi sub’ektga o‘rganilayotgan
ob’ektning ayrim tomonlari yoki xossalarini bilishga yordam beradi, ammo o‘zining
tabiiy cheklanganligi sababli ob’ektni yaxlit holida bilishga imkon bermaydi.
SHuning uchun bilish sezishdan idrok qilish tomon boradi.
Idrok – bu bir sezgi emas, u turli xil sezishlarning jamul-jami,
kombinatsiyasidir. Biz idrok qilish orqali predmetning ayrim tomonlarini emas, balki
uni yaxlit holda aks ettiramiz. Masalan, sharsimon, yashil-qizil, yaltiroq, xushbuy,
chuchuk-nordon narsalarni his qilishlar birgalikda ongimizda olma obrazida
assotsiatsiyalashadi.
Hissiy bilishning idrokdan keyingi bosqichi tasavvurdir. U sezishdan ham,
idrok qilishdan ham sifat jihatdan farq qiladi. Tasavvur – bu hissiy idrok bilan
tushuncha o‘rtasidagi oraliq bosqichdir. Sezish va idrok qilishdan farqli o‘laroq,
tasavvur endi sub’ekt bilan ob’ektning bevosita o‘zaro ta’siri bo‘lib chiqmaydi. Ilgari
biron-bir hodisa yoki predmetni idrok etgan, ko‘rgan odam ularning obrazlarini hatto
ular bizning sezgilarimizga ta’sir etmagan taqdirda ham xotirlab, ko‘z oldiga
keltirishi mumkin. Bundan tashqari, biz tasvirlashlariga asoslanib, masalan, ilgari
o‘zimiz hech qachon ko‘rmagan tropik changalzorlarni tasavvur qila olamiz. Birok
sezgi va idrokdan farqli o‘laroq, tasavvur ilgari idrok etilgan predmetni gavdalantirar
ekan, uning konkret-hissiy detallarining hammasini emas, balki faqat eng muhim,
xarakterli qismlari, tomonlari va belgilarini ifodalaydi.
Hissiy bilishdan keyingi bosqich ratsional bilishdir, abstrakt-mantiqiy
tafakkurdir. Agar biz sezgilar vositasida hodisalar olamini aks ettirsak, sezgi bilan
idrok etib bo‘lmaydigan mohiyatni aql bilan bilib olamiz. Aql bizning sezgi
a’zolarimiz tashqi olamdan olgan axborotlarga asoslanib, hodisalar mohiyatini
xiralashtiruvchi va yashiruvchi tashqi, tasodifiy holatlardan abstraktlashib hodisalar
dunyosini tashqi, nomuhim xususiyatlar va aloqalardan xalos qiladi. Muhimni
nomuhimdan farqlantira va ajrata olmaydigan sezgilardan farqli o‘laroq, aql
hodisalardan hamma narsani emas, balki faqat eng muhimini, barqarorini,
qonuniyatlisini oladi. SHuning uchun abstraksiyalar hissiy bilish uchun g‘oyat
xarakaterli bo‘lgan yorqinlik, bevositalik va yaqqollikdan mahrumdir.
Ratsional, abstrakt-mantiqiy tafakkur hodisalar olamining qonuniyatli
aloqalarini bilishga imkon beradi, bu esa insonga tashqi dunyoni bemalol tushunib
olish va tevarak-atrofdagi voqelik hodisalari va jarayonlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida
foydalanish uchun zarurdir.
Ratsional bilishning asosiy shakli tushunchadir. Tushuncha – bu tajriba
ma’lumotlarini umumlashtirish natijasidir, dunyoni o‘rganish yakunidir.
Tushunchalarning paydo bo‘lish jarayoni o‘rganilayotgan predmetning bir qator
ikkinchi darajali alomatlari va xossalarini e’tiborga, hisobga olmaslik, ulardan
chalg‘ishdir, abstraktlashishdir. Tushunchaga ta’rif berish – torroq tushunchani
kengroq tushuncha ostiga qo‘yishdir. Masalan: olma - meva, fil - hayvon, Erkin -
odam, terak - daraxt va hakozo. Tushunchalarning paydo bo‘lishi – bu biluvchi inson
ongi faoliyatining oliy maxsulidir. Bilish jarayonida tushunchalarni ifodalabgina
qolmasdan, balki ularni qo‘llay bilish ham kerak. Tushunchalarni qo‘shib biz hukm
shakllantiramiz, hukmlarni bir-biri bilan qo‘shib ulardan aqliy xulosa chiqaramiz.
Hukm tafakkurning shunday shakliki, unda inson narsani uning aloqalari va
munosabatlarida ifodalaydi. Gnoseologik nuqtai nazardan, hukm – bu biron bir
narsani tasdiqlash yoki inkor etish yo‘li bilan voqelikni aks ettirish shaklidir. SHu
boisdan hukm tasdiqlovchi («hozir yomg‘ir yog‘moqda» kabi) yoki inkor etuvchi
(«bugun yomg‘ir yog‘maydi» kabi) hukmlarga bo‘linadi. Agar biz ikki yoki bundan
ko‘proq hukmni bir-biri bilan tenglashtirib, taqqoslab, solishtirib ko‘rsak, u holda biz
yangi hukmga ega bo‘lishimiz, ya’ni aqliy xulosa chiqarishimiz mumkin.
Aqliy xulosaning, mantiqiy natijaning chinakam to‘g‘ri bo‘lishi uchun ikki
shart zarur. Birinchisi: mantiq ilmida asoslar deb atalgan dastlabki hukmlar haqiqiy
bo‘lmog‘i, ya’ni voqelikka mos kelmog‘i lozim. Ikkinchisi: boshlang‘ich asoslardan
aqliy xulosa chiqarish jarayonining o‘zi mantiq ilmining qonunlariga muvofiq to‘g‘ri
bo‘lmog‘i lozim.
Mantiq ilmining asoschisi Aristotel sillogizmga klassik misol keltiradi:
Hamma odamlar o‘ladi} asos
Suqrot odam} asos
Suqrot o‘ladi – aqliy xulosa
Agar biz mantiq qonuniga amal qilsagu, lekin boshlang‘ich hukm haqiqiy
bo‘lmasa, u holda sillogizm ham haqiqiy bo‘lmaydi, balki soxta bo‘ladi. Masalan:
Suqrot – odam
Hamma odamlar o‘lmaydi
Suqrot o‘lmaydi – soxta aqliy xulosa
Insonning olamni bilish jarayoni uning sezgilari va ongi zo‘r berib ishlashini
talab qilibgina qolmasdan, uning uzluksiz qizg‘in g‘ayrishuuriy faoliyat ko‘rsatishini
ham taqozo etadi. Insonning g‘ayrishuuriy bilish faoliyati intuitiv bilish nomini oldi,
intuitsiyaning o‘zi esa - bu bilish ob’ektining muayyan sharoitda boshqacha yo‘l bilan
asoslab berish mumkin bo‘lmagan xossalarini bevosita, g‘ayrimantiqiy tarzda haqiqat
deb bilishdir. Intuitsiya sezgi va aql harakatiga qarshi turmaydi, balki bilishning
hissiy va ratsional jihatlari bilan birgalikda chiqib ularni to‘ldiradi.
Inson biron-bir hodisani g‘ayrishuuriy tarzda oldindan sezgan oddiy, kundalik
hayotda ham, olim bilib olinmagan jabhada uzoq vaqt adashib toliqib yurganidan
keyin to‘satdan uning ko‘z o‘ngida yorishish, insayt sodir bo‘lib, shu asnoda ilmiy
kashfiyot yuzaga keladigan ilmiy-tadqiqot faoliyatida ham intuitsiyaning roli juda
kattadir. Intuitsiya tasavvur bilan uzviy bog‘liqdir, chunki biz biror narsani tasavvur
qilar ekanmiz shu tasavvur qilinayotgan obrazga ilgari bilib olingan ob’ektlar
belgilarini, tomonlarini intuitiv tarzda nisbat beramiz.
Tasavvur - hissiylik, mantiqiylik va intuitivlikning qotishmasidir, bunda
tafakkur hissiy obrazlarni umumlashtiradi va ularga ma’no beradi. Bilishga yangi
g‘oyalar kerak, ammo birgina empirik materialning o‘zi buning uchun aslo etarli
emas, rivojlangan intuitsiya, tasavvur, fantaziya kerak. Hozirgi zamon bilish
nazariyasida intuitiv bilim hissiy bilishga ham, ratsional bilishga ham teng ahamiyatli
bo‘lgan o‘rin egallaydi.
3.
Do'stlaringiz bilan baham: |