3.1.-rasm Ekskursiya xizmatining to`liq vaqti
Har qanday ekskursiya xizmatini yuqoridagi sxema bo‘yicha tuzish ekskursiya jarayonining ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyatini oshiradi.
Ekskursiya xizmatining maqsadi, vazifasi va mavzusini aniqlash
Yangi ekskursiya xizmatini tayyorlash jarayoni uning aniq maqsadini belgilashdan boshlanib, mualliflarga keyinchalik ekskursiya xizmatini tashkillashtirishga yordam beradi. Gidning hikoyasi ham ushbu maqsadga bo‘ysunadi. Ekskursiya xizmatining bir nechta maqsadlarini sanab o‘tamiz: ekskursantlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ijtimoiy foydali mehnatga chorlash, boshqa millatlar madaniyatiga hurmat hissini uyg‘otish, estetik tarbiya, dunyoqarashni kengaytirish, ilm-fan va madaniyat to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlar berish va boshqalar.
Bir xil ekskursiyalar bo‘lmaydi, ular eng avvalo mavzusi bilan farqlanadi. Mavzu biror nimaning mazmuniga tegishli tushunchadir. Ekskursiya xizmatining mavzusi ob’ektni ko‘rsatish va hikoya qilishning predmeti hisoblanadi.
Ekskursiya xizmati mavzusi uning mazmunini qisqa va lo‘nda ifodalaydi. Mavzuni tanlash potensial talabga, aniq buyurtmaga maqsadli yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin. Mavzu ekskursiya xizmatining ob’ekti va mavzuostilarni birlashtiruvchi negiz hisoblanadi. Ijodiy guruh ekskursiya xizmatini tayyorlash jarayonida ob’ektlarni mavzuga oid ma’lumotlar bilan solishtiradi. Ob’ektlar tanlash masalaning bir tomoni, mavzuni to‘liq va ishonchli yoritib beruvchi aniq ma’lumotlarni topish ham muhimdir. Ishchi guruhning ko‘p oylik mehnati natijasida yangi mavzudagi ekskursiya xizmati tayyor bo‘ladi. Ekskursiya xizmati mavzusi ob’ektlarni ko‘rsatish va mazmunli hikoya qilish bilan uzviy bog‘langan bo‘ladi va uning mazmunini boyitadi. Ekskursiya xizmatining tarqoq qismlarini mavzu birlashtiradi, ob’ektni qanday ko‘rsatish va qaysi ma’lumotni hikoya qilish kerakligiga yo‘naltiradi.
Ba’zi ob’ektlarni bir nechta ekskursiya xizmatlarida ko‘rsatish mumkin. Masalan, Samarqand viloyatidagi «Registon» maydoni haqida ekskursiya xizmati mavzusidan kelib chiqib, turli hajmda ma’lumotlar berish mumkin. Guruh harakatlanadigan yo‘l ustidan ekskursiya xizmatining mavzusiga tegishli bo‘lmagan ob’ektlar «chiqib turadi». Ushbu ob’ektlar haqida ma’lumotlar qiziqarli bo‘lishi mumkin, lekin yoritilayotgan mavzu uchun ikkinchi darajali bo‘ladi va gid ular haqidagi savollarga faqatgina qisqa javob beradi. Har bir mavzu kichik mavzuostilardan tashkil topadi. Mavzuostilar to‘liq va mantiqiy tugallangan bo‘lishi lozim.
Ekskursiya xizmatining nomi (nomlanishi) - bu bevosita yoki bilvosita shaklda ekskursiya xizmatining mazmunini anglatuvchi uning tildagi ifodasidir. Ekskursiya xizmatining nomi aniq mazmunda bo‘lishi, ikki xil talqin qilinmasligi kerak. Ekskursantlar tarkibi, ekskursiya xizmati vazifasidan kelib chiqib, bitta mavzudagi ekskursiya xizmatining bir nechta nomi bo‘lishi mumkin. Masalan, «Samarqand - Amir Temur davlati poytaxti» nomli ekskursiya xizmatini «Tungi Samarqand», «Samarqand- Sharq gavhari», «Samarqand - Sharq Rimi» deb nomlash ham mumkin.
Ekskursiya xizmati mavzusining asosiy maqsadi- ekskursantlarni ekskursiya xizmatlariga bo‘lgan talablarini to‘liq qondirish hisoblanadi. Shu maqsaddan kelib chiqib, turistik firmalarning muhim vazifasi muntazam ravishda yangi, qiziqarli mavzulardagi ekskursiya xizmatlarini tayyorlash, amaldagi mavzularni takomillashtirish, iste’molchilarga taqdim etilayotgan ekskursiya xizmatlari hajmini va sifatini oshirish hisoblanadi.
Ekskursiya xizmati ma’lumotlari uchun manbalar izlash
Yangi mavzudagi ekskursiya xizmatini tayyorlash jarayonida mavzuni yoritishga yordam beruvchi kitoblar, broshyuralar, gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar, internet sahifalari ro‘yxati taxlanadi. Ushbu ro‘yxatda gidlarga matn tayyorlash uchun zarur bo‘ladigan amaliy va nazariy ma’lumotlarning adabiy manbalari kiritiladi. Ijodiy guruhga ishlash qulay bo‘lishi uchun adabiyotlar ro‘yxati bir necha nusxada ko‘paytirib, muallifi, nashriyotning nomi, chop etilgan yili, shuningdek, boblar, bo‘limlar, betlar berilishi kerak. Adabiy manbalarning ro‘yxatini «asosiy adabiyotlar» va «qo‘shimcha adabiyotlar»ga bo‘lish tavsiya etiladi.
Matbuotda chop etilgan ma’lumotlardan tashqari, boshqa masalan, davlat arxivlari, muzeylar, xronik-hujjatli va ilmiy-ommabop kinofilmlar va shu kabi manbalardan ham foydalanish mumkin. Bunday manbalar ro‘yxatini ekskursiya xizmati mualliflari tuzadi. Manba sifatida tarixiy voqea, hodisalar ishtirokchilarining xotiraviy hikoyalaridan ham foydalanish mumkin. Biroq, noaniqliklardan va chalkashliklardan qochish maqsadida xotiraviy ma’lumotlardan ehtiyotkorona foydalanish tavsiya etiladi. Ekskursantlarga hikoya qilib berish uchun ishonchli, mukammal tekshirib ko‘rilgan fakt va ma’lumotlardan foydalanish zarur. Ekskursiya ma’lumotlarini qidirish va tizimlashtirishda kompyuter ensiklopediyalari, shu jumladan, lazerli disklarda (SD disklar) joylashgan multimediyali bazaviy ma’lumotlar ham katta yordam beradi.
Ekskursiya xizmatining asosiy va individual matnini tayyorlash
Matn ekskursiya xizmati tarkibiga kiruvchi barcha mavzuostilarni to‘liq yoritish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar to‘plami hisoblanib, gid hikoyasini mavzu bo‘yicha yo‘nalishini ta’minlashi, unda fakt va hodisalarga nisbatan aniq nuqtai nazarlar shakllangan bo‘lishi kerak. Matn quyidagi talablarga javob berishi lozim:
qisqa va lo‘ndaligi;
fikrlar aniqligi;
mavzuga oid axborotlarning yetarliligi;
mavzu to‘liq yoritilganligi;
mavzu oid axborotlar adabiy tilda berilganligi.
Ekskursiya xizmati matni ijodiy guruh tomonidan yangi mavzuni tayyorlashda tuziladi va nazorat funksiyasini bajaradi. Har bir gid o‘z hikoyasini ushbu matn asosida (asosiy matn) tayyorlaydi.
Asosiy matndagi ma’lumotlar ko‘p hollarda xronologik tartibdagi mazmunga ega bo‘ladi. Bu matn ekskursiya xizmatining tartibini aks ettirmaydi va ekskursiya ob’ektlarini marshrutdagi tahlil qilinishi ketma-ketligida ham tuzilmaydi. Asosiy matn turli manbalardan tanlab olingan ma’lumot bo‘lib, ushbu mavzu bo‘yicha o‘tkaziladigan barcha ekskursiya xizmatlari uchun asos bo‘ladi. Asosiy matndagi holatlar va xulosalardan foydalanib, gid o‘zining individual matnini tuzadi. Asosiy matn ma’lumotlaridan shu mavzudagi boshqa ekskursiya xizmatlarini tayyorlashda, turli toifadagi ekskursantlar (bolalar va kattalar) xususiyatlaridan kelib chiqqan holda foydalanish mumkin.
Asosiy matnga gid hikoyalari uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlardan tashqari, kirish so‘zi, ekskursiya mavzusi bo‘yicha xulosalar, mantiqiy o‘tishlar uchun ma’lumotlar ham kiritilishi mumkin. Asosiy matn foydalanishga qulay bo‘lishi, sitatalar, raqamlar va misollar manbalari ko‘rsatilishi kerak.
Ekskursiya hikoyasining asosi gidning individual matni hisoblanib, u gidga hikoyani mantiqiy, aniq ketma-ketlikda tuzishga yordam beradi. Bunday matnni har bir gid o‘zi mustaqil tayyorlaydi.
Agarda asosiy matn puxta ishlangan bo‘lsa, individual matnlarning mazmuni bir xil bo‘ladi, lekin nutqning turli jilosi, turli so‘zlar, hikoyadagi turlicha ketma- ketlik, hatto bir holatni isbotlovchi dalillar har xil bo‘lishi mumkin. Tabiiyki, barcha gidlar bir ob’ekt oldida turib, bir xil narsani hikoya qilishadi.
Asosiy matnni tuzishda yuqori malakaga ega bo‘lgan gidlardan iborat ijodiy guruh jalb qilinadi. Shuning uchun, yangi ekskursiya xizmati mavzusini tayyorlayotgan gid undan oqilona foydalanishi kerak. O‘zi uchun yangi bo‘lgan ekskursiya mavzusini tayyorlayotgan gid ungacha butun bir jamoa mehnati bilan yaratilgan natijaga erisha olmaydi. Gid yangi mavzu ustida ishlashda dastlabki tayyorgarlikdan o‘tib bo‘lganidan so‘ng (ma’lumotlarni yig‘ish, o‘rganish va ishlov berish) asosiy matn bilan tanishadi. Bu jarayon unga hikoya uchun ma’lumotlar va mavzuostilarni yoritishda, misollar tanlashda, ekskursiya mavzusi bo‘yicha umumiy xulosalarga kelishga yordam beradi. Asosiy mantga o‘z vaqtida murojaat qilish boshlovchi gidni ekskursiya xizmatiga yuqori darajada tayyorgarligini ta’minlaydi.
Individual matnning asosiy matndan farqi shundaki, u ekskursiya xizmati tarkibiy tuzilishi va uslubiy ishlanmasi bilan to‘liq uyg‘unlikda tayyorlanadi. Individual matnda ob’ektlarning ko‘rsatilishi tartibiga qarab ma’lumotlar taxlanadi va aniq qismlarga bo‘linadi. Har bir qism bitta mavzuostiga bag‘ishlanadi. Ushbu talablardan kelib chiqib, tuzilgan individual matn ekskursiya xizmatida hikoya qilish uchun tayyor hisoblanadi. Individual matn mazmuni ekskursiya xizmatida nimani hikoya qilish kerak bo‘lsa, shundan tarkib topadi. Tarixiy voqealarni yoritishda, ularning ahamiyatliligini baholashda qisqartirishlar bo‘lmasligi, faktlar sanalarsiz, manbalarga havolasiz berilishi mumkin emas. Bu xildagi matn notiq nutqining o‘ziga xosligini ta’minlaydi. Gidning hikoyasi ko‘rilayotgan ob’ektlar bilan bog‘langan alohida qismlardan iborat. Bu qismlar har bir mavzuostilar bo‘yicha xulosalar va mavzuostilar orasidagi mantiqiy o‘tishlar bilan birlashtiriladi.
Individual matn tuzayotgan gid o‘z nutqidagi mantiqiylikni, ekskursantlarga hikoya va namoyishning uyg‘unlikdagi ta’sirini unutmasligi kerak. Ekskursantlarga ma’lumotlarni jonli qilib yetkazish ko‘ngilochar harakatlarga aylanmasligi, maksimal o‘rganish va minimal ko‘ngil ochish formulasiga rioya etish zarurdir. Ekskursiya mavzusini tayyorlash jarayonida rivoyatlar alohida o‘rin tutadi va ulardan me’yorida foydalanish talab etiladi.
Mazmunan har ikki matn ham (asosiy va individual) bir-biriga mosdir. Agarda asosiy matn to‘g‘ri tuzilsa, ushbu mavzudagi barcha gidlarning individual matnlarida «standartlar» mavjud bo‘ladi (mazmuni bir xil, tarixiy faktlar, voqealarni baholashda, faktlar va xulosalarda o‘xshashliklar kuzatiladi).
Biror bir ob’ektni tahlil qilishda gidlar bitta narsani ko‘rsatadilar va hikoya qiladilar. Bu jarayonda asosiy matnning etalonligi seziladi, lekin bir xil mazmundagi matnda gid nutqning turli jilosidan foydalanishi, faktlar, raqamlar, misollarni turlicha ketma-ketlikda berish mumkin. Ekskursiya mavzusining individualligi uni olib borayotgan gidning hissiyotlilik darajasida namoyon bo‘ladi. Ular ob’ektning oldida turib hikoya va ko‘rsatishning turli usullarini qo‘llashlari, ma’lum bir holatni turli misollar bilan yoritishlari mumkin. Matnni yozishda individuallik bo‘lishi maqsadlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |