3-bosqich. Sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma yuzasidan qaror yoki ajrim qabul qilish. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma qanoatlantirilganda, ajrimning qaror qismida mazkur ehtiyot chorasining amal qilish muddati ko‘rsatilmaydi. Ayni paytda, qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma qanoatlantirilganda, sud ushbu ehtiyot chorasi qaysi sanagacha amal qilishini ajrimda ko‘rsatishi shart.
Sudya tomonidan chiqarilgan ajrimlar quyidagi mazmunda bo‘lishi mumkin: qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash; qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni rad etish; taraflar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining asoslangan yoki asoslanmaganligiga doir qo‘shimcha dalillarni taqdim etishlari uchun ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirish.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi taqdim qilingan iltimosnoma bo‘yicha qaror qabul qilish imkoniyati bo‘lmaganligi va qo‘shimcha dalillar taqdim qilinishi zarurligi sababli boshqa vaqtga qoldirilganda, sudning ajrimida iltimosnomani qayta ko‘rib chiqish joyi, vaqti va sanasi ko‘rsatilishi shart. Sudyaning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash yoxud qo‘llashni rad etish haqidagi ajrimi u e’lon qilingan paytdan kuchga kiradi va darhol ijro etilishi shart.
Agar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash yoki qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish jarayonida qonun buzilganligi, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala qo‘llanilganligi haqida murojaat qilingan taqdirda, bu haqda sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi va dastlabki tergov davomida nazoratni amalga oshiruvchi prokuror tomonidan tekshirilib, natijasi haqida sudga xabar qilinadi.
Iltimosnoma qanoatlantirilmay, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad qilinganda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi (ushlab turish oxirgi muddati tugagan yoki tugamaganligidan qat’i nazar) sud zalida qamoqdan ozod qilinadi. Bunday holda boshqa turdagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi dastlabki tergov organi tomonidan umumiy asoslarda hal etiladi.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad qilinishi, ehtiyot chorasining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi, aynan o‘sha shaxsga nisbatan bunday ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma bilan sudga takroran murojaat qilishga, basharti ishni tergov qilish jarayonida uni qamoqqa olish zaruratini taqozo etuvchi yangi holatlar yuzaga kelgan bo‘lsa, to‘sqinlik qilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 240moddasining ikkinchi qismida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi shaxsni bundan keyin qamoqda saqlash uchun asoslar bo‘lmaganda prokuror, shuningdek prokurorning roziligi bilan tergovchi tomonidan ehtiyot choralari to‘g‘risida qaror chiqargan sudni albatta xabardor qilgan holda bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkinligi ta’kidlangan.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasiga sanksiya berish vakolatining prokuratura organlaridan sudlarga o‘tkazilganligi jinoyat protsessi oldida
turgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etish, tergovning qonuniy o‘tkazilishini ta’minlash, dastlabki tergovda tortishuvni takomillashtirish, protsess ishtirokchilariga (eng avvalo – himoya tomoniga) o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun real imkoniyatlar yaratish va eng asosiysi, shaxsning huquq va erkinliklarini qo‘shimcha kafolatlash maqsadlariga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2014-yil 23-avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 2014-yil 28-avgustda ma’qullagan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘i kiritildi. Bu ehtiyot chorasi ogohlantirishga, ya’ni ushbu choralar qo‘llanishi mumkin bo‘lgan shaxslarning kelgusida g‘ayriqonuniy faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.
Hozirda ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘i ko‘plab davlatlar amaliyotiga kiritilgan. Bu haqda tavsiya MDH Parlamentlararo Assambleyasi 1996-yil 17-f evralda tasdiqlagan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi Modelida aks ettirilgan edi (175-modda). Unga nisbatan jiddiy bo‘lmagan shartlar asosida ayblanuvchini qamamay, o‘z uyida jamiyatdan birmuncha ajratilgan sharoitda saqlashdan iborat bo‘lib, sudning qaroriga muvofiq shaxsning huquqlari ma’lum darajada cheklanishida ifodalanadi. Uy qamog‘i gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun asoslar mavjud bo‘lganida uning yoshini, sog‘lig‘i holatini, oilaviy ahvolini va boshqa holatlarni hisobga olgan holda qamoqqa olish maqsadga nomuvofiq deb topilgan taqdirda qo‘llaniladi.
Uy qamog‘i gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining jamiyatdan to‘liq yoxud qisman ajratib qo‘yilib, o‘zi mulkdor, ijaraga oluvchi sifatida yoki boshqa qonuniy asoslarda yashab turgan turar joyda taqiqlar (cheklovlar) yuklatilgan, shuningdek uning ustidan nazorat amalga oshirilgan holda bo‘lishidan iborat.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining sog‘lig‘i holatini hisobga olgan holda tibbiy muassasa uy qamog‘ida saqlash joyi etib belgilanishi mumkin. Chunonchi: o‘ziga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan shaxsga quyidagi taqiqlar (cheklovlar) o‘rnatilishi mumkin: muayyan shaxslar bilan aloqada bo‘lish; xat-xabar olish va jo‘natish; har qanday aloqa vositalaridan foydalanish va ular yordamida so‘zlashuvlar olib borish; uy-joyni tark etish.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi barcha taqiqlarga, cheklovlarga yoxud ulardan ayrimlariga duchor etilishi mumkin.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining uy joyidan chiqishi bo‘yicha o‘rnatilgan taqiqlarga (cheklovlarga) rioya etishi ustidan nazorat amalga oshirilayotganda ichki ishlar organi uning yashash joyida bo‘lishini sutkaning istalgan vaqtida tekshirishga haqli.
Tekshirish kunduzgi vaqtda ko‘pi bilan bir marta va tungi vaqtda ko‘pi bilan bir marta o‘tkaziladi. Zarur hollarda, uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxsga nisbatan elektron kuzatish vositalari qo‘llanilishi mumkin.
Uy qamog‘i ijro etish gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining yashash joyidagi ichki ishlar organi zimmasiga yuklatiladi.
Uy qamog‘ini o‘tash va uning muddati bilan bog‘liq masalalar xuddi qamoqda saqlash tartibidek hal etiladi. Bu chorani amalga oshirish va uy qamog‘idagilar ustidan nazorat olib borish masalalari Jinoyat-ijroiya kodeksida tartibga solinishi yetarlidir.
Qamoqqa olishning muqobili sifatida uy qamog‘i tarzidagi yangi ehtiyot chorasini qo‘llash jinoyat protsessi oldida turgan vazifalarni odilona hal etishda muhim o‘rin tutadi.
Uy qamog‘i tarzida ehtiyot chorasini tanlash hollariga ham taalluqli. Uy qamog‘ini qo‘llash xususidagi amaliyotni o‘rganish va mamlakatimizda o‘tkazilayotgan sud-huquq islohotida undan foydalanish navbatdagi vazifalardan biri edi. Jinoyat protsessida ehtiyot choralari qatoriga uy qamog‘i kiritildi.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi faqat ushlab turilgan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxsga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Uy qamog‘i gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun asoslar mavjud bo‘lganida uning yoshini, sog‘lig‘i holatini, oilaviy ahvolini va boshqa holatlarni hisobga olgan holda qamoqqa olish maqsadga nomuvofiq deb topilgan taqdirda qo‘llaniladi.
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida qo‘llanilgan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi shaxsni bundan keyin qamoqda saqlash yoki uning uy qamog‘ida bo‘lishi uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda prokuror tomonidan, shuningdek prokurorning roziligi bilan tergovchi tomonidan ehtiyot choralari to‘g‘risida qaror chiqargan sudni, albatta, xabardor etgan holda bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi ushbu ehtiyot chorasini aynan o‘sha shaxsga nisbatan qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan sudga takroran murojaat etishga monelik qilmaydi.
Dastlabki tergov bosqichida qamoqqa olish, uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi yoki qamoqda saqlash, uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi masala bo‘yicha sudning ajrimi ustidan mazkur ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining sog‘lig‘i holatini hisobga olgan holda tibbiy muassasa uy qamog‘ida saqlash joyi etib, belgilanishi mumkin.
Uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash to‘g‘risidagi qarorda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga nisbatan qo‘llaniladigan ozodlik bo‘yicha aniq taqiqlar (cheklovlar), shuningdek o‘rnatilgan taqiqlarga(cheklovlarga) rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish zimmasiga yuklatilayotgan organ ko‘rsatiladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi surishtiruv organiga yoki dastlabki tergov organiga yoki sudga nazorat qiluvchi organning transport vositasida olib boriladi.
Uy qamog‘ida jamiyatdan to‘liq ajratib qo‘yilgan sharoitda bo‘lgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachi, qonuniy vakil bilan uchrashuvlari ushbu ehtiyot chorasi ijro etilayotgan joyida o‘tkaziladi.
Uy qamog‘ining muddati, uni uzaytirish va uning ustidan shikoyat qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 241, 243, 245, 248-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bilan belgilanadi.
O‘rnatilgan taqiqlar (cheklovlar) uy qamog‘ida bo‘lgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan buzilgan taqdirda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Qonunda nazarda tutilgan hollar mavjud bo‘lganda va dastlabki tergov davomida qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanganda prokuror, prokurorning roziligi bilan tergovchi qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida qaror chiqaradi.
Amaliyotdan misol: Dastlabki tergov organi tomonidan to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, B.Rixsiyev 2014-yil 24-dekabr kuni taxminan soat 20:40 larda o‘zi istiqomat qilayotgan Toshkent shahri, Olmazor tumani, A.Karimov ko‘chasi 47-uyda mast holatda bo‘la turib, turmush o‘rtog‘i
E.Rixsiyeva bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro janjal natijasida, o‘zi yasagan yog‘och sopli yasama pichoq bilan qurollanib, E.Rixsiyevani qasddan o‘ldirish maqsadida, ushbu pichoq bilan uning chap ko‘krak qafasiga bir marta urib, unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan. Natijada E.Rixsiyeva olgan tan jarohati natijasida bilan Toshkent tibbiyot akademiyasining 2-klinikasi jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining 25.12.2014 yildagi dastlabki xulosasiga ko‘ra, G.E.Rixsiyevaning o‘limi: “Ko‘krak qafasi chap tomoniga ko‘krak bo‘shlig‘iga kirib, o‘pka, yurak xaltasi va yurakning jarohatlangan sanchib kesgan yarasi, ichki va tashqi ketishi” - natijasida yuzaga kelganligi aniqlangan. B.Rixsiyev mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 2014-yil 27-dekabr kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etish uchun jalb qilingan. B.Rixsiyevning sodir etgan qilmishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 15-moddasiga ko‘ra o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar turkumiga kirishi, shunday bo‘lsa-da, ayblanuvchi B.Rixsiyev 2-guruh nogironi ekanligi, hozirda sog‘ligi holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanishga qiynalishini, aybiga to‘liq iqrorligini hisobga olib, u bilan bog‘liq tergov harakatlarini jamiyatdan qisman ajratgan holda amalga oshirish lozim deb hisoblab, Sud, B.Rixsiyevga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasini hal etishda B.Rixsiyevning muayyan shaxslar bilan uchrashishini, xat-xabarlar olishi va jo‘natishini, uy-joyni tark etishi kabi cheklovlarni qo‘llab, unga nisbatan ozodlikka bo‘lgan huquqini qisman bo‘lsa-da cheklash lozimligini, u o‘ziga nisbatan muayyan shaxslar bilan, ya’ni oila a’zolari va yaqin qarindoshlaridan boshqa shaxslar bilan aloqada bo‘lmaslik, xat-xabarlar olmaslik va jo‘natmaslik, uy-joyini tergov va sud organining ruxsatisiz tark etmaslik haqidagi cheklovlarga rozi ekanligini, ushbu cheklovlar bilan uy qamog‘ida saqlanishiga oila a’zolari qarshi emasligini hamda unga nisbatan ushbu cheklovlar qo‘llanilmagan taqdirda, dalillarni yo‘q qilishga urinishi, jinoyat ishi bo‘yicha to‘liq va har tomonlama, xolisona tergov harakatlari olib borilishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini, shuningdek unga nisbatan uy qamog‘i qo‘llanilishi nazarda tutilgan Toshkent shahar Olmazor mahallasi Chig‘atoy Oqtepa A.Karimov ko‘chasi 47-uy yong‘in xavfsizligi va boshqa texnik talablarga mos kelishini e’tiborga olib, prokuror tomonidan keltirilgan Jinoyat kodeksi 97-moddasining 1-qismi bilan ayblanayotgan Rixsiyevga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |