Qamoqqa olish tariqasidagi ehtiyot chorasini qo‘llashning umumiy shartlari. Qamoqqa olish tariqasidagi ehtiyot chorasini tanlashda jinoyatprotsessual qonunchiligida nazarda tutilgan shartlar e’tiborga olinishi lozim.
Qamoqqa olish shartlari deganda, ushbu ehtiyot chorasini tanlashga o‘zining ijobiy yoki salbiy ta’sirini ko‘rsatuvchi protsessual holatlar tushuniladi.
Qamoqqa olish chorasi quyidagi holatlar mavjud bo‘lgandagina asoslangan va qonuniy deb hisoblanishi mumkin: shaxs ishga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan; sodir etilgan jinoyatga qonunda ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan; ayblanuvchining shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hisobga olingan; prokurorning qamoqqa olish to‘g‘risidagi iltimosnomasiga sud tomonidan ruxsat berilgan; ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risidagi sudning ajrimi jinoyat protsessual qonunlaridagi me’yorlar asosida chiqarilgan.
Shu jihatdan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 242-moddasida ilgari qo‘llanilgan ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan buzilganida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanishining qayd etilganligi qonunchilikdagi yutuqlardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 242-moddasiga binoan, ayblanuvchi, sudlanuvchi tergov yoki suddan yashiringanida, ushlab turilgan gumon qilinuvchining shaxsi aniqlanmaganida, jinoyat qamoq yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tash davrida sodir etilganida ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin. Ayrim toifadagi fuqarolarni qamoqqa olish uchun deputatlik, sudyalik va boshqa immunitetlar e’tiborga olinishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyatprotsessual kodeksining 239-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zolariga, O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), deputatlar, sudyalar, prokuror va prokuratura tergovchilari kabi mas’ul mansabdor shaxslarga bu borada imtiyozlar belgilangan. Jinoyat ishlarini yuritishda qamoqda saqlab turish muddatining sud tomonidan uzaytirilishini ham bu chorani qo‘llashning maxsus shartlari qatoriga kiritish mumkin.
“Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi Xalqaro Paktning 9moddasi har qanday ushlangan yoki qamalgan shaxs qisqa vaqt mobaynida sudga keltirilishi va qamalishining asosli va qonuniy ekanligi sud tomonidan tekshirilishi lozim ekanligini ko‘zda tutadi.
Ta’kidlash joizki, bir qancha davlatlarda qamoqqa olish va uning muddatini uzaytirish bilan birga boshqa turdagi tergov harakatlari o‘tkazish uchun ham suddan ruxsat olinishi talab etiladi. Istiqbolda milliy qonunchilikda ham tintuv, mol-mulkni xatlash, telefon so‘zlashuvlarni eshitib turish kabi tergov harakatlarini, ya’ni shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan mazkur choralarni sudning ruxsati asosida qo‘llash tartibiga bosqichma-bosqich o‘tilishi maqsadga muvofiqdir.
Shuni ham e’tiborga olish joizki, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish vakolatining sudlarga o‘tkazilishi bilan ekstraditsiya qilishga oid O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi normalarini qo‘llashdagi jiddiy muammolarga barham berildi.
Sudning qamoqqa olish va uning muddatini uzaytirishga sanksiya berishi odil sudlovni amalga oshirishning alohida shakli hisoblanadi.
Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish orqali quyidagicha natijalarga erishildi:
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 25moddasida birinchi instansiya sudi majlisida va ishlar yuqori sudlarda ko‘rilayotganda ish yuritish taraflarning o‘zaro tortishuvi asosida amalga oshirilishi belgilangan. Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilishi bilan tortishuv tamoyili jinoyat protsessining surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida ham amal qila boshladi. Sudda qamoqqa olish masalasi hal etilayotgan vaqtda ayblov tomoni bilan birgalikda «…jinoyat sudlov ishlarini yuritishda obyektiv zarurat» bo‘lgan himoya tomoni - gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va ularning himoyachisi ishtirok etadi.
2008-yil 12-iyundan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Jinoyatprotsessual kodeksining 249-moddasi 2-qismiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, ishda himoyachi sifatida faqat advokatlar ishtirok etishlari mumkin. Demak, ayblov tomoni bilan qamoqqa olishning qonuniyligi, asoslanganligi va adolatliligi yuzasidan halol tortishuv olib borish va e’tirozlar bildirish imkoniyatlari yanada ortdi;
Jinoyat protsessual kodeksi O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilgan xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya normalariga yanada muvofiqlashtirildi;
Inson huquq va erkinliklarining buzilishi, ya’ni aybi bo‘lmagan shaxslarni nohaq qamoqda saqlash hollarining o‘z vaqtida oldi olindi, ularning huquq va erkinliklari qo‘shimcha kafolatlandi. Himoyaning nufuzi yana bir yuqori pog‘onaga ko‘tarildi;
Noqonuniy, asossiz qarorlar qabul qilinishi, nomaqbul dalillar olinishi holatlariga chek qo‘yildi;
Surishtiruv, tergov va prokuratura organlari xodimlarining o‘z vazifasiga bo‘lgan mas’uliyati yanada ortdi.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashning yangi mexanizmini shartli tarzda to‘rt bosqichga ajratish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |