Korporatsiyaning aktsiyadorlar oldidagi majburiyatlari. IBM korporatsiyasining kapitali aktsiyadorlar oldidagi majburiyatlarni bajarish manbai hisoblanadi. Ushbu majburiyatlar quyidagicha: aktsiyadorlarning kompaniyaga ishonib topshirgan mulkiga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish; kiritilgan kapital uchun katta foyda olish va uni uzluksiz oshirishni ta’minlash.
Ta’minotchilar bilan halol munosabatlar. Kompaniya o’zini majbur deb hisoblaydi:
Mahsulotlari va ko’rsatilayotgan xizmatlarining sifati, ishonchliligi va narxi bo’yicha raqobatbardoshliligiga erishish uchun mos keladigan ta’minotchilarni tanlash. Shartnomalarni imzolashda ta’minotchilar va IBM korporatsiyasining qonuniy qiziqishlarini tan olish va shartnomada ko’rsatilgan majburiyatlarni vijdonan bajarish. Ta’minotchilar bilan teng huquqli shartnomalar imzolash. IBM korporatsiyasi jamiyatda, davlat miqyosida va jahon bozorida samarali faoliyat yurituvchi tashkilot bo’lishi kerak. Kompaniya o’zi bilan raqobatlashayotgan korxonalarni jamiyatning ehtiyojlarini kelajakda hozirgidan ham samaraliroq qondiradi deb hisoblaydi va ulardan har taraflama ustun kelishga intiladi.
Tashkilotning vazifalari uning bir necha yillik faoliyat yo’nalishlarini belgilaydi. Demak, ularni tashkilotning kelajagini belgilovchi strategiyalar sifatida tasavvur qilish mumkin. Masalan, avtomatlashtirish vositalari sohasida ish olib boradigan yirik kompaniya navbatdagi o’n yillik uchun quyidagi vazifalarni oldiga qo’yishi mumkin:
O’zining mahsuloti va ularga bog’liq sanoat tarmoqlari mahsulotlarini barobar takomillashtirish haqida takliflar bildirish.
Texnologiya sohasidagi yuqori natijalar, tannarxni pasaytirish va sifatni oshirish vositasida mahsulot ishlab chiqarishning hamma liniyalarida yetakchi mavqega ega bo’lish.
Past ishlab chiqarish harajatlarini saqlagan holda ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va ma’mur aloqalarining samaradorligini oshirish.
Rivojlanish yo’lida rentabellikni muntazam oshirib borish.
Samaradorlikning rejalashtirilgan ko’rsatkichlari. Umumiy
vazifalar qo’shimcha miqdoriy vazifalar bilan mustahkamlanishi lozim. Masalan, korxona samaradorlikning quyidagi ko’rsatkichlariga ega bo’lishi mumkin:
2000 yildan 2005 yilgacha bo’lgan davrda sifatning kamayishiga olib kelgan harajatlar sotilgan mahsulot hajmining 10% igacha tushdi. Bu esa ushbu harajatlarning 10% ga kamayganini anglatadi.
2002 yilda har bir bo’linmada sifatning to’rt ko’rsatkichiga erishildi.
Qoniqtirilmagan sifatga ega bo’lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishda korxona harajatlari va iste’molchilar sarfining munosabati 2005 yilda 1:4 dan 1:2 ga o’zgardi.
Iste’molchilarning qoniqishi ko’rsatkichi 2005 yilda 80% dan 98% ga ortdi.
Strategiya. O’rta bo’g’in rahbariyati belgilangan vazifalarni hal qilish strategiyasini ishlab chiqish uchun mas’ul. Strategiya tajriba orttirilishi, sharoitlarning va iste’molchilar talabining o’zgarishiga bog’liqlikda o’zgaradi. Tashkilot faoliyatining barcha qirralarini qamrab olish uchun sifatni ta’minlashning umumiy tizimini yaratish ko’zlangan strategiyani ishlab chiqish tavsiya etiladi. Bo’linmalar va ishchilar faoliyatining natijalarini ishlab chiqarilgan mahsulot sifatiga ko’ra baholash strategiyasi maqbul yechim hisoblanadi.
Taktika qisqa muddatli (yillik) maqsadga muvofiq faoliyat yuritishni tavsiflaydi. Taktikaga amal qilish davomida samaradorlikning rejalashtirilgan ko’rsatkichlariga doimiy yaqinlashib boriladi. Uni quyi pog’ona rahbarlari va oddiy ishchilar ishlab chiqib, tatbiq qilishadi, so’ngra o’rta va yuqori bo’g’in rahbariyati tasdiqlaydi.
Rejalashtirish tartibi. Rejalashtirish davri yuqori bo’g’in rahbariyatidan boshlanadi va o’rta bo’g’in bo’limlari, rahbariyatining ishtiroki bilan to’ldiriladi. Bunda oliy toifadagi menejerlar korxona faoliyatining maqsadi va vazifalarini belgilashsa, quyi bo’g’in menejerlari samaradorlikka erishish strategiyasi, taktikasi va ko’rsatkichlarini aniqlaydilar. Tashkilotning kelajagi uchun tuzilgan reja haqida kelishuvning qaror topishi bilan mazkur davr tugaydi. Bundan maqsad rejalashtirish davrida har bir xodimni tadbirlarga jalb qilishdir. Buning natijasida har bir xodimda rejalashtirishning korxona uchun ahamiyati haqida tushuncha hosil bo’ladi.
Har bir xodimning rejalashtirishda qatnashishi ularda shakllangan “yuqoridagi kimdir” rejani ishlab chiqadi va uni bajarish uchun pastga yuboradi, degan tasavvurga barham beradi. Bevosita ishni bajaradigan rahbarlar va xodimlarning rejani tayyorlashda qatnashishi rejaning bajarilish ehtimolini oshiradi.
Mahsulot sifatini oshirishning qisqa muddatli rejasi. Har bir korxona navbatdagi yil uchun ishchi rejani ishlab chiqadi. Bunday reja ishlab chiqarish tartibi, kapital qo’yilmalar dasturi, bozor strategiyasi, rejalashtirilgan harajatlar, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va yangi mahsulotni ishlab chiqarish rejalarini o’z ichiga oladi. Strategik ishchi dastur hamma bo’linmalarda tahlil qilinadi. Unga zarur tuzatishlar va qo’shimchalar kiritilgandan so’ng, barcha bo’linmalarning kelishuvi asosida reja tasdiqlanadi. Har bir bo’linma tomonidan yillik strategik rejada mustahkamlangan talablarning bajarilishiga asoslanilib, korxonaning erishgan yutuqlari va yo’l qo’ygan kamchiliklari tahlil qilinadi.
Ishlab chiqarilyapgan mahsulot sifatini oshirish rejalari navbatdagi yil uchun korxona strategiyasining ajralmas qismiga aylanishi zarur. Bu muhim ahamiyatga ega, chunki bir qator omillar (harajatlar, mehnat resurslari, jihozlarga, narxlar va sotish hajmi) ga qo’yilgan talablar mahsulot sifati bilan chambarchas bog’liq. Bunday rejalarsiz ishlab chiqarish samaradorligini oshirish rejalari foydalanuvchilarga shubhali tuyuladi.
Har bir bo’linma mahsulot sifatini oshirish rejasini ishlab chiqishda qatnashishi va unga kerakli takliflar, tuzatishlarni kiritishi zarur. Rejalar faoliyat sohasi va kiritilgan mablag’lardan kutilayotgan foydani aniq tavsiflashi kerak. Faoliyatni yaxshilash masalalari bilan shug’illanadigan boshqaruv kengashi va sifatni ta’minlash bo’limi barcha taqdim qilingan rejalar asosida sifatni oshirish sohasida korxonaning strategiyasini ishlab chiqishadi.