Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi: bitiruv malakaviy ishi Kirish, 2 bob, 4 paragraf, umumiy xulosalar, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan iborat.
I BOB. ABU ALI IBN SINO PEDAGOGIK QARASHLARINING NAZARIY ASOSLARI.
1.1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov barkamol insonni shakllantirishda ma’naviy-ma’rifiy merosning ahamiyati haqida
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritganiga 20 yil to‘layapti. Shu yillar ichida milliy qadriyatlarimizning tiklanishiga katta ahamiyat berildi. Prezidentimiz I.A.Karimov tashabbusi bilan tariximizni o‘rganish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi yurtboshimizning uzoqni ko‘radigan yo‘lboshchi ekanligini namoyon qildi. Har bir xalq o‘z tarixini bilishi, kelajagini belgilashi kerakligi dunyo tajribasidan ma’lum. Shuning uchun ham Prezidentimiz “O‘z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo‘lmaydi”, degan iborani bejiz aytmagan.
Bizning qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini halqaro jamoatchilik tan olmoqda va e’tirof etmoqda. Bu tabaruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib chiqqani, umumbashariy sivilizsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, islom dini bilan bog‘liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko‘tarilishida ona-yurtimizda kamol topgan allomalarning xizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Prezidentimiz Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» nomli asarida odamzot uchun hamma zamonlarda ham eng buyuk boylik bo‘lib kelgan ma’naviyatning ma’no-mazmuni, uning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati, bu murakkab va serqirra tushunchaning nazariy va amaliy tomonlari har tomonlama keng qamrovli fikr va xulosalar orqali tahlil etiladi. Ayni paytda istiqlol yillarida yurtimizda milliy ma’naviyatimizni tiklash, uni zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, bu borada oldimizda turgan maqsad va vazifalar haqida atroflicha fikr yuritiladi. Bugungi kunda ma’naviyat sohasida vujudga kelayotgan dolzarb muammolar, xalqimiz ma’naviyatini asrash va yuksaltirish, ayniqsa yosh avlodning qalbi va ongini turli zararli g‘oya va mafkuralar ta’siridan saqlash va himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Biz milliy ma’naviyatni har tomonlama yuksaltirish masalasini o‘z oldimizga asosiy vazifa qilib qo‘yar ekanmiz, bugungi kunda ma’naviyatimizni shakllantiradigan va unga ta’sir o‘tkazadigan barcha omil va mezonlarni chuqur tahlil kilib, ularning bu borada qanday o‘rin tutishini yaxshi anglab olishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Albatta, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma’naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘xna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Milliy tariximizning yorqin yulduzi, noyob fazilatlar sohibi, boshqa zamondosh qomusiy olimlar qatori matematika, astronomiya, fizika, kimyo, biologiya, tibbiyot, dorishunoslik, ruhshunoslik, fiziologiya, falsafa, filologiya, ta’lim-tarbiya sohalarida ijod etgan va dunyoga mashhur yirik asarlar meros qoldirgan olim, mashhur alloma Abu Ali ibn Sino o‘rta asrda yetishgan buyuk donishmand, faylasuf, tabib edi. U o‘zidan oldingi tibbiy merosni o‘zlashtirib, jahon tibbiyotida necha asrlar qo‘llanma bo‘lib kelgan asarlar yaratdi.
Abu Ali ibn Sino o‘z umrini kelajak uchun, bugungi hayot uchun fido etdi. O‘sha uzoq zamonlarda bashariyat taraqqiyotini o‘ylab yashadi, o‘z avlodlari asrlar osha tartib etajak ma’rifatli bir jamiyatni orzu qildi.
Har qanday millat ham Ibn Sinodek farzandni tarbiya etgani uchun g‘ururlanishi tabiiy holdir. Chunki bunday insonlar faqat o‘z xalqiga emas, balki umumbashariy sivilizatsiya uchun ham xizmat qiladi va jahonning e’tiborini qozonadi.
Ta’lim-tarbiya sohalarida ijod etgan va dunyoga mashhur yirik asarlar meros qoldirgan olim, mashhur alloma Abu Ali ibn Sinoning «Tib qonunlari» necha asrlar davomida Yevropaning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlarida asosiy tibbiyot darsliklaridan biri sifatida o‘qib kelingani, dunyo miqyosida «Meditsina», «Sog‘lom turmush tarzi» degan tushunchalarning fundamental asosi bo‘lib xizmat qilgani, albatta, chuqur hayotiy va ilmiy zaminga ega. Aniqroq etib aytganda, bu benazir allomaning butun ilmiy faoliyati dunyo taraqqiyotini insonparvarlik ruhida, ya’ni ma’naviy negizda rivojlantirishga ulkan ta’sir o‘tkazdi, deb aytishga barcha asoslar bor.
Abu Ali ibn Sino o‘zining boy va serqirra ilmiy merosi bilan keyingi davr Sharq va G‘arb madaniyatining rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Sharqning Umar Xayyom, Nasriddin Tusiy, Fariduddin Attor, Jaloliddin Rumiy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Ulug‘bek, Bedil kabi mutafakkir va olimlari o‘z asarlarida Ibn Sino ta’limoti va ilmiy g‘oyalarini davom ettirdilar.
Yevropada allomaning asarlari X11 asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilinib, universitetlarda o‘qitila boshlandi. Yevropaning mashhur faylasuf va tabiatshunos olimlari Ibn Sinoning ilg‘or fikrlaridan o‘z ijodlarida foydalandilar va uning nomini zo‘r hurmat bilan tilga oldilar.
Mustaqilligimiz sharofati bilan Ibn Sino ilmiy merosini o‘rganish ishlari yangi davrga kelib jadal tus oldi va natijada chet el hamda O‘zbekistonda maxsus yo‘nalish – sinoshunoslik vujudga keldi.
“Tib qonunlari” ning lotincha tarjimasi 40 marta nashr etildi. Uning ayrim qismlari nemis, ingliz va fransuz tillariga tarjima qilindi, olimning falsafiy va boshqa sohalarga oid asarlari ham jahonning bir necha tillariga nashr etildi, uning ijodiga oid qator yirik tadqiqotlar yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov “Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi – bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi” – degan edi. (“Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” -T.: Ma’naviyat. 2008. B-62.)
Haqiqatdan ham, bugungi kunda Sharq allomalarining pedagogik merosi asosida ta’lim-tarbiya berish, o‘tmish merosimizni o‘rganish, uni ijobiy manba sifatida shu kun talablari darajasida e’zozlash va rivojlantirish, ularni umumbashariyatga xos bo‘lgan qadriyatlar bilan bog‘lab, uyg‘unlashtirish shu kunning dolzarb muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Ta’lim-tarbiya oldiga qo‘yilgan ulkan maqsad – bu ulug‘ zotning hayot yo‘li va qoldirgan merosini to‘liq tasvirlash emas, balki uning eng buyuk namoyandalari timsolida ma’rifat, ilmu-fan, madaniyat, din kabi sohalarning barchasini o‘zida uyg‘unlashtirgan xalqimizning ma’naviy olami naqadar boy va rang-barang ekanini isbotlab berishdan iboratdir. Bunday noyob va bebaho boylikni har tomonlama chuqur o‘rganish, uning ma’no-mazmunini kelajak avlodga yetkazish masalasi dolzarb va katta ahamiyatga egadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, “…tariximizning qaysi davrini olmaylik, yurtimizda ilmu-ma’rifat va yuksak ma’naviyatga intilish hech qachon to‘xtamaganini, xalqimiz dahosining o‘lmas timsoli sifatida eng og‘ir va murakkab davrlarda ham namoyon bo‘lib kelganini ko‘rishimiz mumkin.” (I.Karimov. Yukak ma’naviyat – yengilmas kuch. 2008. 49-bet.)
Shu sababli, biz ma’naviy dunyomizni, hayotimizni, milliy ong va qadriyatlarimizni, e’tiqod va tafakkurimizni, urf-odat va an’analarimizni asrab-avaylash, ma’naviy olamimizni yuksaltirishga intilar ekanmiz, bularning barchasi – ota-bobolarimizdan qadimdan qolgan bebaho yodgorlik - ilmu-ma’rifat, ta’lim-tarbiyani inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi deb bilamiz.
Albatta, ta’lim-tarbiya – ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini ham belgilaydigan, ya’ni xalq ma’naviyatini shakllantiradigan va boyitadigan eng muhim omildir. Shuning uchun ta’lim-tarbiya tizimida o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama mukammal, irodali, sof vijdon bilan kamolga yetishi uchun, eng avvalo, ma’naviy-ma’rifiy faoliyatimizni yuksak darajaga ko‘tarishning ahamiyati beqiyos ulug‘dir. Tabiiyki, bu talabni amalga oshirishda yosh avlod ma’naviy-ma’rifiy faoliyatning zaminini bilishi kerak, albatta.
Shu ma’noda, keyingi paytda buyuk ajdodlarimizning so‘nmas dahosiga hurmat-extirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish xorijiy ellarda ham ortib borayotgani barchamizni quvontiradi. Buning tasdig‘ini dunyoning turli mamlakatlarda ularning hayoti va faoliyati haqida e’lon qilinayotgan ilmiy va badiiy asarlar, ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga barpo etilayotgan yodgorliklar misolida ko‘rish mumkin.
Shular qatorida Belgiyada Ibn Sinoga, Litvada Mirzo Ulug‘bekka, Moskva, Tokio va Boku shaharlarida Alisher Navoiy bobomizga, Misr poytaxti Qoxira shahrida esa Axmad Farg‘oniy xotirasiga o‘rnatilgan muhtasham haykallarni eslash joiz.
Demak, bizning qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini halqaro jamoatchilik tan olmoqda va e’tirof etmoqda. Bu tabaruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib chiqqani, umumbashariy sivilizsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, islom dini bilan bog‘liq bilimlarining tarixan eng yuqori bosqichga ko‘tarilishida ona-yurtimizda kamol topgan allomalarning xizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Xulosa qilib shuni aytish lozimki, o‘rta asrlar buyuk mutafakkiri, milliy tariximizning yorqin yulduzi, noyob fazilatlar sohibi, boshqa zamondosh qomusiy olimlar qatori matematika, astronomiya, fizika, kimyo, biologiya, tibbiyot, dorishunoslik, ruhshunoslik, fiziologiya, falsafa, filologiya, ta’lim-tarbiya sohalarida ijod etgan va dunyoga mashhur yirik asarlar meros qoldirgan olim, mashhur alloma, yetishgan buyuk donishmand, faylasuf, tabib Abu Ali ibn Sino, uning hayot yo‘li, ijodi, benazir asarlari bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Abu Ali ibn Sino asarlaridagi jismoniy barkamol inson g‘oyalari, ta’lim-tarbiya masalalari, har bir sohaga oid yaratgan asarlariga bo‘lgan hurmat-extirom, uning boy ilmiy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy ellarda ham ortib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |