Harakat nomi
Ish-harakatning atamasi bo`lib, gapda otga xos vazifalarni bajarishga mos bo`lgan fe`l shakli harakat nomi deb ataladi: Ilm-fanga intilish insonning eng oliy ma`naviy harakatlaridandir. Chavandoz bu gaplarni Ertoyevga aytishini ham, aytmaslikni ham bilmay turgandi (O.YOqubov). Mustaqilligimiz tufayli xalq va Vatan tarixi, boy ilmiy va adabiy merosga xolisona yondashishning guvohi va shohidi bo`lmoqdamiz (Rahim Vohidov) gaplaridagi intilish, aytishni, aytmaslikni, yondashishning fe`l shakllari harakatning atamasi (nomi) bo`lib, gapda otga xos ega, to`ldiruvchi, qaratuvchi vazifalarini bajargan.
Harakat nomi quyidagi shakl yasovchi affikslar bilan yasaladi:
fe`l negiziga –sh (-ish) qo`shish bilan (unlidan so`ng –sh, undoshdan so`ng –ish): o`qish, yozish, ishlash, chiqish kabi;
Harakat nomining –sh (-ish) affiksi bilan yasalgan shakli otga yaqin turadi, shuning uchun ham bu shaklda harakat nomi otga ko`chishga moyil bo`ladi.
fe`l negiziga –v (-uv) qo`shish bilan (unlidan so`ng –v, undoshdan so`ng –uv): ishlov, bag`ishlov, boruv, keluv kabi;
Bu affiks bilan yasalgan harakat nomi hozirgi o`zbek tilida kam ishlatiladi;
fe`l negiziga -moq qo`shish bilan: o`smoq, ulg`aymoq, o`rganmoq kabi.
Harakat nomining -moq affiksi bilan yasalgan shakli fe`lga juda yaqin turadi, chunki har qanday fe`lning bosh shakli yo buyruq-istak mayli shaklida esla, shosh kabi; yoki eslamoq, shoshmoq kabi harakat nomi shaklida olinadi.
Harakat nomi leksik-semantik jihatdan harakat tushunchasini anglatadi. Shu jihatdan harakat nomi fe`lga xos grammatik xususiyatlarga ega:
o`timli-o`timsizlik ma`nosini ifodalaydi: o`rganish, ko`rmoq - o`timli harakat nomi; yugurish, ishonmoq - o`timsiz harakat nomi;
nisbat ma`nosiga ega: yutmoq - aniq nisbat, yasanmoq - o`zlik nisbat, baholanmoq - majhullik nisbati, qiziqtirmoq - orttirma nisbat;
harakat nomining bo`lishsiz shakli faqat –maslik affiksi bilan yasaladi: aytish – bo`lishli harakat nomi, aytmaslik – bo`lishsiz harakat nomi.
harakat nomi zamon ma`nosiga ega emas. Lekin ma`lum bir qulay sharoitda unda hozirgi- kelasi zamon ma`nosi aks etadi: Oilada farzand tarbiyasiga har tomonlama e‘tibor bermoq lozim (O.Karimova).
boshqa fe`l shakllari singari harakat nomi boshqarish xususiyatiga ega.
Shuningdek, ish-harakatning nomini bildirish jihatdan harakat nomi otga xos bo`lgan grammatik xususiyatlarga ham ega, ya`ni:
harakat nomi son, egalik va kelishik affikslarini oladi;
harakat nomi ot singari ega, qaratqich aniqlovchi, to`ldiruvchi ko`makchili shaklda hol va kesim vazifalarini bajaradi: Zumradning tikishi – go`zal, ipakni turlashi ham mohirona (O.). Bilim va tushunishga intil kunu tun (YUsuf Xos Xojib). Rais Jo`raboev bilan jiddiy tortishuvdan so`ng juda qattiq asabiylashdi (SH.R.). O`zini olim, fozilman deb maqtanish, shu bilan g`ururlanish jaholatning bir ko`rinishidir («Oz-oz o`rganib dono bo`lur»).
Do'stlaringiz bilan baham: |