Ravishdosh
Harakatning belgisini (harakat tarzidagi belgi) anglatadigan, gapda ko`pincha hol yoki ergash gapning kesimi vazifasini bajarishga mos bo`lgan fe`l shakli ravishdosh deyiladi. Masalan: Ilmu hunarni Xitoydan bo`lsa ham borib o`rganinglar (―Pedagogika tarixi‖dan). Choyga fotiha o`qilgach, hamma o`rnidan turdi (S.Ahmad). Bu misollarning birinchisida borib ravishdoshi hol vazifasini, ikkinchi misoldagi o`qilgach ravishdoshi ergash gapning kesimi vazifasini bajargan.
Ravishdosh quyidagi affikslar bilan yasaladi:
fe`l o`zak-negiziga unlidan so`ng –b, undoshdan so`ng –ib affiksini qo`shish bilan: o`qib,
borib;
fe`l o`zak-negiziga unlidan so`ng –y, undashdan so`ng –a affiksini qo`shish bilan: o`qiy-
o`qiy, bora-bora.
Bu affikslar bilan yasalgan ravishdoshlar nutqda, asosan, takroriy holda qo`llanadi;
-b (-ib), -a, -y affikslari bilan yasalgan ravishdosh qo`shma fe`l (sof fe`l) tarkibida yetakchi qism vazifasida ham keladi: yoza boshladi, o`qib chiqdi kabi.
–gani (-kani, -qani) affikslari bilan: o`qigani, aytgani kabi;
–gach (-kach, -qach) affikslari bilan: o`qigach, borgach kabi;
–guncha (-kuncha, -quncha) affikslari bilan: o`qiguncha, borguncha kabi.
Fe`l o`zak-negizi k yoki g undoshi bilan tugasa, -kani, -kach, -kuncha tarzida, q yoki g` undoshi bilan tugasa, -qani, -qach, -quncha tarzida qo`shiladi: ekkani, ekkach, ekkani, ekkuncha; chiqqani, chiqqach, chiqquncha kabi.
Fe`lning ravishdosh shakli fe`l singari harakat tushunchasini anglatib, fe`lga xos quyidagi morfologik belgilarga ega, ya`ni:
o`timli-o`timsizlik ma`nosini ifodalaydi: eslab - o`timli, kulib - o`timsiz ravishdosh;
bo`lishli-bo`lishsizlik ma`nosiga ega: ko`rib – bo`lishli, ko`rmay, ko`rmasdan – bo`lishsiz ravishdosh; kelguncha – bo`lishli, kelmaguncha – bo`lishsiz ravishdosh; o`tgach – bo`lishli, o`tmagach – bo`lishsiz ravishdosh.
-gani (-kani, -qani) affiksi bilan yasalgan ravishdoshning bo`lishsizlik shakli yo`q (-ma bo`lishsizlik qo`shimchasini olmaydi).
nisbat ma`nosini anglatadi: yasab - aniq nisbat, yasanib - o`zlik nisbat, yasalib - majhullik nisbati, yasashib – birgalik nisbat, yasatib – orttirma nisbat;
ravishdoshlar tuslovchi qo`shimchalarni olish-olmaslik xususiyatiga ko`ra ikki guruhga bo`linadi: tuslanadigan ravishdoshlar va tuslanmaydigan ravishdoshlar.
Tuslanadigan ravishdoshlarga fe`l negiziga –b (-ib), -a, -y affikslarni qo`shish bilan shakllangan ravishdoshlar kiradi.
Bu guruhdagi ravishdoshlar tuslangan holda sof fe`lga aylanadi. Masalan: Kechaning tili qorasida yulduzlar yorqin yonadi (O). Oyoq ostimizda munchoq-munchoq oq, sariq gullar sochilib yotibdi (B.Jahongirov).
Tuslanadigan ravishdoshlar tuslovchi olmagan holda ham qo`llana oladi. Masalan: Vohid ho`l sochlarini taray-taray boqqa sho`ng`idi (O.YOqubov). Mashina silkinib oldinga intildi (S.Ahmad).
Ravishdoshlarning –gach (-kach, -qach), -gani (-kani, -qani), guncha (-kuncha, -quncha) affikslari yordamida hosil qilingan shakllari tuslanmaydigan ravishdoshlar sanaladi: etgach, ekkach, chiqqach; etgani, ekkani, chiqqani; etguncha, ekkuncha, chiqquncha kabi. Masalan: Sultonali tong otguncha ikki go`dakning qo`ynini puch yong`oqqa to`ldirib chiqqan (A.Qodiriy). Uzun, qorong`i yo`lakka chiqqach, Unsin to`xtadi (O). Siz bilan maslahatlashgani keldim (B.Rahmonov).
d) zamon ma`nosini ifodalaydi. Ravishdoshning zamon ma`nosini ifodalashi nisbiy zamon sanaladi, chunki ravishdoshning zamoni shu gapdagi tuslangan fe`lning zamoniga nisbatan belgilanadi.
Ravishdoshlar zamon ma`nosiga ko`ra uchga bo`linadi: o`tgan zamon ravishdoshi, hozirgi zamon ravishdoshi, kelasi zamon ravishdoshi.
O`tgan zamon ravishdoshlari fe`l o`zak-negiziga –b (-ib), -gach (-kach, -qach)
affikslarini qo`shish bilan hosil qilinadi: qolib, o`qib, qolgach, o`qigach kabi.
-b (-ib) affiksi bilan yasalgan ravishdosh tuslangan fe`l ifodalagan asosiy harakatdan ilgari bo`lgan harakatni yoki asosiy harakatdan oldin boshlangandek ko`rinsa ham ammo u bilan bir vaqtda yuz bergan harakatni anglatadi. Masalan: Zulfiya javob so`rab keldi gapida so`rab ravishdoshi asosiy harakatdan (keldi harakatidan) oldin ro`y bergan harakatni bildirsa, U kulib gapirmoqda gapida esa kulib ravishdoshi asosiy harakat (gapirmoqda harakati) bilan bir vaqtda yuz beradigan harakatni anglatadi.
-b (-ib) affiksi bilan yasalgan ravishdosh tuslanganda, o`tgan zamon hikoya fe`lini hosil
qiladi.
Fe`l negiziga –gach (-kach, -qach) affiksini qo`shish bilan yasalgan ravishdosh tuslanmaydigan ravishdosh bo`lib, u tuslangan fe`l ifodalagan harakatdan ilgari uning bajarilishi (yoki bajarilmaslik) sababi yoki paytini ko`rsatadigan harakatni anglatadi. Masalan: Uch-to`rt kun mehmondorchilikda yurishgach, maktabdan qaytdilar (P.Tursun). Zorlanishdan, ichni eyishdan boshqa hech nima qo`lidan kelmagach, nima qilsin (M. Ismoiliy).
Hozirgi zamon ravishdoshi fe`l o`zak-negiziga –a, -y affikslarini qo`shish bilan hosil qilinadi: bora-bora, ishlay-ishlay kabi.
Bu affikslar bilan yasalgan ravishdosh tuslangan fe`l ifodalagan asosiy harakat bilan bir vaqtda ro`y beradigan harakatni anglatib, uning bajarilish holati, paytini ko`rsatadi. Masalan: Toma- toma ko`l bo`lur, hech tommasa cho`l bo`lur (Maqol). Tog` oralig`idagi qalin qor eriy-eriy odam bemalol kira oladigan g`or bo`lib qolibdi (S.Anorboyev).
Bu affikslar bilan yasalgan ravishdoshlar nutqda odatda, takroriy so`z shaklida qo`llanadi. Yakka holda ishlatilganda, ravishdosh anglatgan harakatdan tuslangan fe`l anglatgan harakatga tezlik bilan o`tilganlik ma`nosi hosil bo`ladi. Masalan: Sultonmurod kela o`qishga kirishdi.
Hozirgi zamon ravishdoshi tuslanib, hozirgi-kelasi zamon fe`lini hosil qiladi. Masalan: Sada tagidagi hovuzning suvida yaproqlar suzadi (S.Z.).
Kelasi zamon ravishdoshlari fe`l negiziga –gani (-kani, -qani), -guncha (-kuncha, -quncha) affikslarini qo`shish bilan yasaladi: o`qigani, tinchiguncha kabi.
Bu affikslar bilan yasalgan ravishdoshlar tuslanmaydi. Fe`l negiziga –gani (-kani, -qani) qo`shish bilan yasalgan ravishdosh tuslangan fe`l ifodalagan harakatdan so`ng bajarilishi maqsad qilib olingan harakatni anglatadi. Masalan: Men bugun yuragimni ochib gapirgani keldim (U.).
Fe`l negiziga –guncha (-kuncha, -quncha) affiksini qo`shish bilan yasalgan ravishdosh tuslangan fe`l ifodalagan harakatning davom qilish vaqtining o`lchovi sifatidagi harakatni ifodalaydi. Masalan: Yo`lchi so`zlaguncha, Tantiboyvachcha qorong`ida yo`qoldi (O.).
Shu bilan birga ravishdosh o`ziga xos sintaktik belgilarga ham ega, ya`ni:
gap tarkibida boshqa so`zlarni boshqarib kela oladi;
tuslanadigan ravishdoshlar tuslovchi olmagan holda hol va –b (-ib) affiksi bilan yasalgan ergash gapning kesimi vazifasini bajaradi: Gulnorning egnida kaltagina qora (lapis) kamzul yuvila- yuvila yupqalashgan (O.). Ibn Iroq uning gapidan zavqlanib kuldi (M.Osim). Kursi ustiga dasturxon yozilib, meva-cheva to`la patnis qo`yildi (O.).
Shuningdek, tuslanadigan ravishdoshlar o`zlariga tobe bo`lgan so`zlar bilan sostavli hol sifatida, ravishdosh o`ram tarzida ajratilgan hol vazifasini ham bajaradi: Bozor darvozasi yoniga kelishganida bir to`da odamni ko`rib to`xtab qolishdi (O`.Hoshimov). Aprel oqshomlaridan birida Farida ikkovlari shahar aylanib yurib stadionga kirib qolishdi (O`.Hoshimov). Keng, baland, serhasham chodirda oltin shamdonlarni qo`yib, Navoiy yaqin beklari bilan suhbatlashib o`tirardi (O.).
tuslanmaydigan ravishdoshlar gapda hol, ajratilgan ikkinchi darajali bo`lak va ergash gapning kesimi vazifasini bajarib keladi: Oradan uch oy o`tib hash-pash deguncha issiq kunlar etib keldi (S.A.). U oltinsoyliklarni kanal va buloq qazigani boshlab ketdi (SH.R.). Shartning nozik va qaltisligi ko`z oldiga kelgach, yuragi orqasiga tortib ketdi (H.N.). Asalxon karvon o`tib ketguncha, yo`l yoqasida qo`l siltab turdi (H.G`.).
-gani (-kani, -qani) affiksi bilan yasalgan ravishdosh gapda faqat hol vazifasini bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |