«Regulyatorga ko‘proq imkoniyat berish kerak». Moliya bozori rivojiga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?
Kapital bozorini rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi 1 yil avval ishlab chiqilgan, ammo hanuz tasdiqlanmadi. Chunki tizimni rivojlantirish uchun yetarli resurs va imkoniyatlar hali yaratilmagan.
16 mart kuni Toshkentda Senat va Kapital bozorini rivojlantirish agentligi moliya bozori rivojiga to‘siq bo‘layotgan omillarga doir xalqaro anjuman o‘tkazdi.
Tadbirda «Yes invest» vakili Sanjar Ikromov o‘z fikrlarini bildirib, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi vakolatlarini kengaytirish moliya bozori kelajagi uchun muhim qadam bo‘lishini aytdi.
Regulyatorimizga ko‘proq imkoniyat berish kerak. Chunki butun dunyoda regulyator o‘zi mustaqil. Moliya vazirligiga bog‘liqlik joyi bor, lekin bu alohida katta tashkilot. Markaziy bank va Moliya vazirligiga bo‘ysunadigan bo‘lsa, bunaqa davom etib bo‘lmaydi. Oddiy misol, pul o‘tkazishlarda, chet elga pul yuborishda, uni qabul qilishda, konvertatsiyada – hammasida noaniqlik bor. Shuning uchun kapital bozoriga hamma huquqni berish kerak, ya'ni umumiy birjalarga – valuta konvertatsiyasiga ham, tovar-xomashyo birjasiga ham bitta katta regulyator bo‘lsa, tartibni o‘sha vazirlik yoki idora qilishi kerak», – dedi tadbir ishtirokchisi.
Uning aytishicha, «o‘zbek investori pul qo‘yishni Click ilovasidan amalga oshirsa, mablag‘idan 2,5 foiz ushlab qolinadi. Ya'ni u investitsiyasining 2,5 foizini, Payme orqali bo‘lsa, 1,5 foizini yo‘qotmoqda. Oddiy bankka o‘tkazishda ham (foiz sabab) pul yo‘qotib kelinmoqda. Aksiya bozorlarida daromadni o‘rtacha 20 foiz deb olsak, oddiy xalq yiliga 3-4 foiz mablag‘ini yo‘qotmoqda».
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning ta'kidlashicha, ayni paytda O‘zbekistonda kapital bozorining rivojlanish darajasi dastlabki holatda.
«Aholi va mahalliy kompaniyalarning investitsiyadagi ishtiroki minimal darajada. Mamlakatda institutsional investorlar deyarli mavjud emas. Kapitallashuv YaIMga nisbatan taqqoslansa, 1 foizni tashkil etadi. Dunyo miqyosida esa bu 93 foiz», – dedi u.Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 1 yanvarigacha 599ta aksiyadorlik jamiyati nominal qiymat bo‘yicha umumiy miqdori 149,5 trillion so‘mlik aksiyalar chiqardi. Moliya vazirligi tomonidan 2019-2020 yillarda davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha 3,2 trillion so‘mga teng asosiy qarz va 547,1 milliard so‘mlik foiz to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lab berilib, davlat qimmatli qog‘ozlarini joylashtirish hajmini qariyb 10 barobarga oshirishga erishildi.
Tadbirda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov 2020 yil yakunlari bo‘yicha kapital bozoridagi savdo hajmi 578 milliard so‘mni tashkil qilgani, bu 2019 yilga nisbatan 32 foizga o‘sish ekanini aytdi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston kapital bozori kapitallashuvi mamlakat YaIMga nisbatan 1 foizga teng. Rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 30–60 foiz, rivojlangan davlatlarda esa 100 foiz va undan ham ortiqni tashkil etadi.
2019 yilda kapital bozorini rivojlantirishning 5 yillik strategiyasi loyihasi e'lon qilingan, shu munosabat bilan Toshkentda xalqaro konferensiya ham tashkil etilgan edi. Ammo strategiya hozirga qadar tasdiqlanmay kelmoqda.
Ikki yil oldin, shuningdek, MChJlarga obligatsiya chiqarish huquqini berish haqida qonun loyihasi tayyorlangan edi. Loyiha qabul qilinganicha yo‘q.
O‘zbekiston Moliya vazirligi mamlakat Moliya bozorini o‘rta va uzoq muddatda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e’lon qilindi.
Konsepsiyani ishlab chiqishda Koreya fond birjasi, BMTTD, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti va boshqa tuzilmalar ekspertlari ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatda 900 mingga yaqin jismoniy va yuridik shaxslar 42,1 trln so‘m nominal qiymatidagi aksiyalarga egalik qilmoqda. 2016 yilda korporativ qimmatli qog‘ozlar (aksiya va obligatsiyalar) aylanmasi 14,5 trln so‘m darajasida qayd etilib, bu mamlakat YAMMning 7,3 foiziga teng demakdir. Solishtirish uchun 2015 yilgi ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, 2015 yilda Koreya Respublikasida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 133,8 foiz, Yaponiyada 127,1 foiz, Turkiyada 48,7 foiz, Germaniyada 43,8 foiz, Rossiyada 8,6 foizni tashkil etgan (Jahon banki axboroti).
«Fond bozori, jumladan ikkilamchi bozordagi joriy vaziyat milliy kapital bozori aholi va sarmoyadorlar, jumladan xorijlik investorlarning erkin mablag‘larini jalb etish yo‘li bilan iqtisodiyotning real sektorini moliyalashtirish bo‘yicha o‘zining asosiy vazifalarini bajarmaganidan guvohlik bermoqda», — deyiladi konsepsiya loyihasida.
Xususiylashtirish jarayonlariga haddan ziyod ta’sirchanlik, AJlarga talablarning asossiz ravishda oshirib yuborilgani, moliya bozori sektorlarini qayta isloh qilishda muvozanatlashtirilgan yondashuvning mavjud emasligi bozorning rivojlanishiga asosiy to‘sqinlik qilgan sabablar sifatida keltirilgan.
Konsepsiyani amalga oshirish uchun 2017−2021 yillarda moliya bozorini rivojlantirish kompleks dasturini tasdiqlash taklif qilingan. Unda qimmatli qog‘ozlar bozori huquqiy normativ hujjatlarini, sug‘urta va bank xizmatlarini takomillashtirish, yangi moliyaviy vositalarni joriy etish, moliya bozorini nazorat qilish tizimini institutsional mustahkamlash va boshqalar ko‘zda tutilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |