Mavzu:
“
Ma’naviyatshunoslik” fanining ob’ekti, predmeti va
ma’naviyatning jamiyat hayotidagi o‘rni
Reja:
1.“Ma’naviyatshunoslik”
fanining predmeti, mavzu doirasi, tarkibi, maqsad va
vazifalari.
2.Ma’naviyat tushunchasi, uning mazmun va mohivati. Ma’naviyat-tarixiy hodisa
sifatida.
3.Ma'naviyatning jamiyat hayotidagi o'rni. Ma’naviyatning asosiy kategoriyalari.
4.“Ma’naviyatshunoslik" fanining ijtimoiy-gumanitar fanlar tizimidagi o’rni.
Kishilik jamiyati o‘ta murakkab,
rang-barang, ziddiyatlarga boy. Unda
milliardlab insonlar, minglab tillarda so‘zlashuvchi xalqlar yashaydi. Ularning
ba’zilari zamonaviy taraqqiyotning eng yuksak cho‘qqilarni zabt etgan. Ba’zilari
ancha qashshoq kun kechiradi, ta’lim, tibbiyot, san’at, ilm-fan, madaniyat
yutuqlaridan yetarlicha foydalanish imkoniyatiga ega emas. Hatto yer yuzining
turli burchaklarida haligacha ibtidoiy munosabatlarni
boshdan kechirayotgan
urug‘-jamoalar, qabilalar uchraydi. Lekin jamiyat tarixiy taraqqiyotning barcha
bosqichlarida o‘zining birlamchi mohiyatli belgilarini, xususiyatlarini saqlab
qoladi. Bu eng avvalo uning yagona ijtimoiy organizm (vujud) ekanligidir.
Biologik vujud a’zolarini bir-biridan ajratish mumkin bo‘lmaganidek, jamiyatni
tashkil etuvchi tuzilmalarni ham bir biridan ajratish mumkin emas. Jamiyat
kerakli buyumlar, oziq-ovqat, kiyim-kechak
ishlab chiqarmasdan, odamlar
o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solmasdan, yosh avlodga mehnat
ko‘nikmalarini, hayotiy bilimlari va tajribasini o‘rgatmasdan, o‘z tuzilmalari
harakatini muvofiqlashtirmasdan yashay olmaydi.
Jamiyat tuzilmalarini shartli ravishda ikki guruhga va har bir guruhni o‘z
navbatida bir necha kichik guruhlarga bo‘lish mumkin. Jamiyat uyg‘un
rivojlanishi uchun ularning har ikkisiga birday katta e’tibor berish lozim. Birinchi
guruhga — moddiy-iqtisodiy yaratuvchilik tuzilmalari va institutlari,
ularning
muammolari va vazifalari kiradi. Odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga
soluvchi axloqiy, huquqiy, falsafiy, diniy, siyosiy g‘oyalar, baholar, qoidalar,
me’yorlar, qonunlar, odamlarning go‘zallikka, zavq-shavqqa nisbatan bo‘lgan
ehtiyojlarini qondiruvchi adabiyot va san’at, tabiat va koinot, jamiyat
va inson
to‘g‘risidagi bilimlarga nisbatan bo‘lgan ehtiyojlarni qondiruvchi ilm-fan
mavjud. Ular ikkinchi guruh tarkibiga kiradi. Ular ijod natijalari bo‘lib, ijtimoiy-
ma’naviy qadriyatlar tizimi hisoblanadi. Aynan tafakkur va aqliy mehnat
mahsulotlari – tushunchalar, g‘oyalar, qoidalar, me’yorlar, nazariyalar, ular
asosida vujudga kelgan ijtimoiy ong shakllari – falsafa, axloq, huquq, san’at, ilm-
fan, din, mafkura, siyosiy ong jamiyatning ma’naviy hayotini tashkil qiladi.
Ayrim olimlar siyosatni iqtisodiyot va ma’naviyat
qatorida jamiyat hayotining
alohida uchinchi sohasi, deb hisoblaydilar. Bunday yondashuv ijtimoiy-siyosiy
hayotning kechagina muxtoriyligidan kelib chiqdi. Ushbu yondashuvni qabul
qilish xato bo‘lmaydi. Biroq siyosiy ong va siyosiy madaniyat ma’naviyatning bir
qismi bo‘lib qolaveradi.
Odamlar o‘z farzandlariga ishlab chiqarish ko‘nikmalari qatorida boshqalar
bilan birga yashashni, muomala qilishni, o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi
qoidalarni, me’yorlarni o‘rgatadi. Mazkur jarayon dastlab ibtidoiy tuzumda
oilaviy tarbiya, jamoaviy, qabilaviy e’tiqodlar (sig‘inishlar, dinlar), xalq og‘zaki
va amaliy san’ati va ijodi namunalari (raqslar, qo‘shiqlar, dostonlar, maqollar va
h.k.) orqali amalga oshirilgan. Aqliy mehnat jismoniy mehnatdan ajralib
chiqqanidan keyin
asta-sekin maxsus maktablar, tarbiya maskanlari, diniy
tashkilotlar, ya’ni ta’lim-tarbiya va mafkura tizimi vujudga kelgan. Ular jamiyat
ma’naviy hayotining ajralmas qismiga aylangan.
Ma’naviyat tushunchasi juda keng qamrovli va murakkabdir. Ma’naviyatga
ijtimoiy ong, dunyoqarash, e’tiqod, din, diniy amaliyot, milliy g‘oya, milliy
mafkura,
insonning odobi, axloqiy fazilatlari, badiiy, ilmiy va boshqa ijodiy
izlanishlari, bu borada erishgan yutuqlari, jamiyatning asrlar osha kelayotgan
osori-atiqalari va madaniy merosi,
urf-odatlari, zamondoshlarimizning kelajak
haqidagi tasavvurlari-yu ijobiy ma’nodagi orzu-havaslari va rejalari daxldordir.