MALAKAVIY ISH MAVZUSI DOIRASIDA MANBA VA
ADABIYOTLARNI QIDIRISH VA TAHLIL QILISH USLUBIYATI
Talaba tomonidan tanlangan bitiruv malakaviy ishi
mavzusi va unga ilmiy rahbar biriktirilishi to`g`risida rektor buyrug`i chiqqandan
keyin bevosita ilmiy tadqiqot ustida ishlash, ya`ni material, manbalar to`plash
jarayoni boshlanadi. Bitiruv malakaviy ishini muvaffaqiyatli yakunlashda
talabaning yillar davomida olgan nazariy-uslubiy bilimlari, mustaqil ilmiy tadqiqot
olib borish ko`nikmasi katta ahamiyatga ega.
Bitiruv malakaviy ishini yozishga kirishish uchun eng asosiy vazifalardan
biri mavzuga oid umumiy va maxsus adabiyotlarni, ilmiy tadqiqot ishlari, arxiv va
qo`lyozma manbalarni etarli darajada yig`ish va ularni qayta ishlab chiqish kerak.
Talaba tadqiqot uchun yig`ilgan adabiyotlar va manbalarni o`rganish asosida o`zi
tomonidan bajariladigan bitiruv malakaviy ishi mavzusini yoritish bo`yicha
ma`lum bir tasavvurga ega bo`ladi. Yig`ilgan materiallarning qiyosiy tahlili natijasi
bu ilmiy tasavvurga ma`lum bir aniqlik kiritish zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Bitiruv malakaviy ishiga oid materiallarning talaba tomonidan yaxshi
o`zlashtirilishi, qayta ishlanishi, oxir-oqibatda ilmiy tadqiqotni muvaffaqiyatli
yozishga zamin yaratadi.
Dastlabki vazifalardan biri, ilmiy rahbari bilan maslahatlashgan holda,
tanlagan mavzusiga yaqin ilmiy tadqiqotlar, tarixiy adabiyotlar mavjudligi yoki
mavjud emasligini aniqlash hisoblanadi. Buning uchun oliy ta`lim muassasasidagi
axborot resurs markazi (ARM) va boshqa kutubxonalardagi ilmiy tadqiqot ishlari
va adabiyotlar bilan tanishish, kerakli joylardan, xususan mavzuni yoritish,
ko`tarilayotgan muammo echimida muhim deb hisoblangan tarixiy sanalar,
voqealarga oid materiallardan sitatalarni yig`ish, rejada ko`tariladigan masalalarni,
muammolarni tasdiqlovchi va ayni paytda inkor qiluvchi, munozarali fikrmulohazalarni yig`ish hamda ularni davriylik, tarixiylik nuqtai nazaridan qiyosiy
tahlil asosida baholash zarur. Mavzuga oid adabiyotlar, ilmiy tadqiqotlardan
olingan ko`chirmalar turli xilda bo`lib, ularni klassifikatsiya qilish kerak. Xususan,
umumiy adabiyotlar, maxsus adabiyotlar, hujjatlar to`plami, tarixiy ilmiy
tadqiqotlar, tarixiy xotiralardan keltiriladigan materiallar, o`z xususiyatiga ko`ra
turli darajada baholanadi. Adabiyotlardan olinadigan materiallarni qayta ishlash
jarayonida mavzuning kirish va asosiy qismlari bo`yicha ajratish, guruhlarga bo`lib
chiqish muhim ahamiyatga ega. Materiallarni guruhlarga bo`lish qanday printsiplar
asosida olib boriladi? Adabiyotlardan olingan ko`chirmalar, nazariy masalalar
tarixiy xronologik ketma-ketligi, muammoning mavzuga oidligi, mualliflar qatori,
yo`nalishlar, mintaqaviy joylashuvi, tarixiy- geografik hududi, davlatlar
xususiyatiga ko`ra ajratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |