O’Z ZAMONASIDA SAXOVAT BOBIDA HOTAM TOYDAN HAM O’ZGAN, O’XSHASHI YO’Q XALIFA QISSASI
Bir xalifa bor edi, o’tmishda ul
Aylamish himmat bilan Hotam1ni qul.
Adlu himmat tug’in ul tiklab mudom,
Yo’qchilikning ildizin kesmish tamom. 2245
Xayridan dengiz va cho’l topdi samar,
Adli yetmish toki Qofdan Qof qadar.
Yerga erdi suv, bulutday baxshu yor,
Erdi Haq ehsoni yanglig’ oshkor.
Himmatindan tebranib dengiz va kon,
Necha karvon talpinardi ul tomon.
Erdi hojat qiblasi – darvozasi,
Dahr aro tarqalmish ul ovozasi.
Ham ajam, ham turk, arab, ham rum tanib,
Himmatindan qoldilar hayratlanib. 2250
Obi hayvon erdi ul dengizda jam,
Ham arab undan ichardi, ham ajam.
—————————-
1 – Hotam – Hotam Abdulloh at-Toy – saxiylik, qo’li ochiqlik bilan shuhrat qozongan. Shorihlarning fikriga ko’ra, bu hikoyatdagi Xalifaning ismi Ma’mun bo’lib, undagi voqea F.Attorning “Musibatnoma” asaridan olingan.
YO’QCHILIK, QASHSHOQLIK TUFAYLI XOTINI JANJAL KO’TARGAN SAHROYI DARVISH ARAB QISSASI
Tunda bir cho’llik ayol eri bilan
Qildi janjal, oshdi behad haddidan:
“Yo’qchilik jabrin, faqat, biz tortamiz,
Hamma shod, biz g’am aro bechoramiz.
Nonimiz yo’q, dard, alam – non-oshimiz,
Ko’zamiz yo’q, bizga suv – ko’z yoshimiz.
Kunduzi bizga quyosh tafti libos,
Tunda oy ko’rpa-to’shak bo’lgay biroz. 2255
To’lsa gar oy, oyni non aylab gumon,
Ko’kka qo’l cho’zmoqdamiz bizlar hamon.
Or qilar bizning gadolikdan gado,
Burda non o’yinda kun bo’lgay ado.
Ketdi bizlardan yiroq yot-aqrabo,
Somiriy1 bo’lgandayin xalqdan judo.2
Kimga “mosh ber bir siqim” dey men agar,
Ul mani o’ldirguday qarg’ab, talar.
Gar arab faxri erur ehson, g’azo,
Sen – arab ichra yozuvda bir xato. 2260
Ne g’azo? Xordir usiz ham loshimiz,
Yo’qchilik tiyg’i kesarkan boshimiz.
Ne ato? Bizlar gadodirmiz abad,
Pashshaga sanchdik havoda tig’, faqat.3
Kelsa mehmon, tunda uxlab olsa tin,
Men yechib olgum tanidan jandasin”.
—————————-
1 – Somiriy – Muso Zafar, Muso payg’ambarning ukasi, Musoga qarshi chiqib, gapiradigan oltin buzoq yasab, shu bilan kishilarni o’ziga qaratishga uringan kishi.
2 – “(So’ngra Muso Somiriyga qarab): “Bu nima qilganing, ey Somiriy?”, dedi. U aytdi: ”Men ular (ya’ni, `ani Isroil) ko’rmagan narsani ko’rdim. (Ya’ni, Jabroil sening oldingga kelganda hayot otiga minib kelgan edi. Uning tuyog’i tekkan tuproq qanday jonsiz narsaga tegsa darhol unga jon kirardi, men shuni ko’rib qolgan edim), bas, elchi – Jabroilning bosgan izidan bir siqim olib, uni (buzoqning haykaliga) sochgan edim (undan tirik buzoq kabi ovoz chiqdi. Buni ko’rgan bani Isroil qavmidan bo’lgan odamlar u buzoqqa sig’ina boshladilar). Menga nafsim ana shunday qilishni chiroyli ko’rsatdi”. (Muso) dedi: “Bas, yo’qol! Endi sen uchun hayotda “(Menga) teginmanglar” deyishgina bordir (ya’ni, umringning oxirigacha yakka moxov bo’lib qolursan. Oxiratda esa) sen uchun hargiz xilof qilinmaydigan bir va’da – azob bordir. Sen ustidan jilmay ibodat qilgan “ilohingning” (holini) ko’rib qo’y. Biz albatta uni yondirib, so’ngra (kulini) dengizga sochib yuborurmiz”. (Qur’oni karim, “Toha” surasi, 95-97-oyatlar).
3 – Pashshaga sanchdik havoda tig’, faqat – Kam va qo’lga ilingan narsani yemoq ma’nosida.
Do'stlaringiz bilan baham: |