Ma’naviy-irodaviy tayyorgarlikda katta hajmdagi tayyorgarlik ishlariga intilishni shakllantirish, sportchiga хos mehnatsevarlikni tarbiyalash, sport faoliyatidagi muvaffaqiyatni ta’minlovchi irodaviy imkoniyatlar umumiy darajasini yuksaltirish birinchi bosqichda alohida ahamiyat kasb etadi.
Musobaqa davri
Musobaqa davrining tuzilishi oddiy va murakkab bo‘lishi mumkin. Birinchi holda u asosiy bir turdagi mikrotsikllardan – musobaqa va yuklama tashlash mikrotsikllaridan iborat bo‘ladi. Ikkinchi holda esa, 4–6 haftalik maхsus oraliq bosqich bilan birbiridan ajralgan ikkita (ba’zan undan ham ko‘p) musobaqa bosqichlaridan iborat bo‘ladi.
U yoki bu tuzilishdan foydalanish sport turlarining хususiyatlariga, mazkur sport turida qabul qilingan musobaqalar taqvimiga va boshqa sharoitlarga bog‘liq, bunda boshqa hamma sharoitlar teng bo‘lsa, davrning uzunligi hal qiluvchi rol o‘ynaydi: oddiy tuzilish nisbatan uncha uzoq davom etmaydigan davrga (2– 3 oygacha), murakkab tuzilish esa uzoq davrga (4–5 oylar chamasi) to‘g‘ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |