Uyga vazifa berish:Mavzuni o`rganib kelish.Biologiya faniga oid qiziqarli ma’lumotlar topib kelish.
Ko’rildi: _________U. Ortiqov.
Mashg’ulot 5 Sana ________________
Mavzu: Kuzda o`simliklar hayotida ro`y beradigan o`zgarishlar.
Mashg’ulotning maqsadi: Kuz faslida o`simliklarda bo`ladigan o`zgarishlar haqida o`rganish.
Foydalanildigan jihozlar: darslik, qo’shimcha adabiyotlar, mavzuga oid rasmlar, kampyuter, slaydlar.
Mashg’ulotning borishi:
Kuz ko`p o`simliklar hosili pishib yetiladigan fasl. Munajjimlarning hisobiga ko`ra, kuzgi kun bilan tunning tengligi sentabr oyining 23-kuniga to`g`ri keladi. Kuz kelishi bilan kunlar asta-sekin soviy boshlaydi. Kunlar qisqarib, tunlar uzaya boradi. Havoda bulut paydo bo`ladi. Kuz o`simliklarning qishga tayyorlanish davri hisoblanadi. Kuz kelganini hamma o`simliklarga qarab ham bilib bo`lmaydi, chunki ba'zi gulli o`simliklar kuz oylarida ham gullayveradi. Masalan: yovvoyi o`simliklardan zubturum, qoqi'ot, sachratqi, qo`ypechak; madaniy o`simliklardan atirgul, xrizantema, kartoshkagul va boshqalar havo harorati iliq kelgan kuz oylarida ham gullashda davom etadi.
Kuzda juda ko`p yovvoyi va madaniy o`simliklarning mevasi pishib yetiladi. Lekin bular orasida ituzumga o`xshab mevasining asosiy qismi pishib, uchki qismidagi gullar ochilib turadigan yoki g`o`zaga o`xshab pastki shoxlaridagi ko`saklari yetilib, uchki shoxlaridagi gullari ochilib turadigan o`simliklar ham ko`p uchraydi.
Kuzda o`simliklarda sodir bo`ladigan muhim biologik o`zgarishlardan biri xazonrezgilikdir. Ba'zi o`simliklarda xazonrezgilik sovuq tushmasdan oldin boshlanadi. Ayrim daraxtlar va butalarning barglari kuz kelishi bilan, ayrimlariniki esa birinchi sovuqdan keyin to`kila boshlaydi. Masalan, jiyda, zarang, bodom, terak, akatsiya, tikan daraxt va aylantning barglari ancha barvaqt to`kiladi. Xalqimiz bu faslni «oltin kuz» deb ataydi. Buning boisi shundaki, birinchidan, bu davrda juda ko`p mevalar g`arq pishadi. Ikkinchidan, ko`pchilik daraxt va butalarning bargi qizg`ish, sarg`ish, qo`ng`ir rangga kirib, tabiatga ajoyib manzara baxsh etadi. Bir qator o`simliklar (nastarin, atirgul, ligustrum) ning bargi uzoq vaqtgacha yashil rangini saqlaydi. Hatto qishda ham shamshod va ligustrum kabi o`simliklarning bargi to`kilmay turaveradi. O`simliklarda xazonrezgilik nima uchun sodir bo`ladi, degan savolga siz «Barg» mavzusini o`tganda to`liq javob olasiz. Lekin shuni aytish kerakki, xazonrezgilik o`simliklarni qishki noqulay sharoitdan saqlaydi, chunki ular qishda tuproqdagi suvdan foydalana olmaydi.
Kuzda barg to`kishi bilan bir qatorda yozda to`kilgan urug`lari namga tegib unib chiqadigan va to`pbarg hosil qiladigan o`simliklar ham kam emas. Kuzgi bug`doy, gulxayri, qoqio`t, achambiti, qurttana kabi o`simliklarning bargi qor tagida qishlab, bahorda yana o`sishda davom etaveradi. Shunday qilib, kuz kelishi bilan o`simliklarning mevasi (urug`i) pishadi va barglari to`kilib, qishki tinim davriga kiradi.
Xazonrezgilik paytida to`kiladigan barglardan to`g`ri foydalanishni aslo unutmaslik kerak. Ayrim joylarda barglar to`g`ri kelgan joyda yoqib yuboriladi. Natijada atrof muhitni qurum bosib, havoning tarkibi buziladi. Barglardan oqilona foydalanishning eng oson yo`li chorva mollari uchun ozuqa sifatida (boshqa yem-xashaklarga qo`shib) berish va yerga ko`mib (chiritib) o`g`it tayyorlashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |